Breaking News

Bayden: Rossiya hujumining ehtimoli o'ta yuqori


BMT Xavfsizlik Kengashida Ukraina chegarasidagi vaziyat muhokamasi
BMT Xavfsizlik Kengashida Ukraina chegarasidagi vaziyat muhokamasi

AQSh Prezidenti Jo Bayden Rossiya Ukrainaga yaqin kunlarda hujum qilishini ta’kidlashda davom etmoqda, garchi 16-fevralda hujum bo’lishi haqidagi bashorati amalga oshmagan bo’lsa-da.

Xalqaro hayot - 18-fevral, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:23 0:00

Bryusselda NATOdagi hamkasblari bilan uchrashgan AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostinning aytishicha, Rossiya chegara hududga qo’shin va samolyot safarbar etishda davom etmoqda.

Shu hafta Ukraina banklari va hukumat vebsahifalari qattiq kiberhujumga uchradi. AQSh rasmiylariga ko’ra, bu Rossiya hujumi alomatlaridan biridir.

“Razvedka xizmatimiz bo’lgan voqeani tahlil qilmoqda. Bu Rossiyaning urush qo’llanmasidagi usullaridan biri”, - dedi vazir Ostin.

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Germaniyaga safaridan oldin BMT Xavfsizlik Kengashida so’zlab, Rossiyani Ukrainaga qarshi hujum boshlashga bahona yaratayotganlikda aybladi.

“Men bu yerga urush boshlash uchun emas, uning oldini olish uchun keldim. Diplomatiya samara berishi uchun har bir chorani ko’rish majburiyatiga egamiz. Har bir diplomatik imkoniyatni ishga solishimiz kerak. Agar Rossiya diplomatiyaga sodiq bo’lsa, buni amalda namoyish etishi uchun har qanday imkoniyat yaratishga tayyormiz”, - dedi Blinken.

AQSh davlat kotibi kelasi hafta Rossiya tashqi ishlar vaziri bilan ko’rishishi mumkin. Tomonlar taranglashayotgan diplomatik aloqalarni muhokama etishi kutilmoqda.

Xabarlarga ko’ra, AQShning Moskvadagi elchisi o’rinbosari Bartl Gorman Rossiyadan haydalgan. Rossiya Tashqi ishlar vazirligining izohlashicha, bu Rossiyaning Vashingtondagi elchixonasida maslahatchi bo’lib ishlagan diplomatning yanvar oyida haydalishiga javob bo’ldi.

Moskvaga ko’ra, Vashington rus diplomatining vizasini uzaytirishdan bosh tortgan. AQSh bungacha 55 nafar rossiyalik diplomat iyul oyigacha mamlakatni tark etishini buyurgan.

Davlat departamenti Gormanning haydalishiga javob chorasi ko’rilishini bildirdi.

AQSh mudofaa vaziri bilan muloqot qilgan Polsha Mudofaa vaziri Mariush Blashakning aytishicha, Rossiya Ukrainaga hujum qilgan taqdirda Varshava ukrainalik qochqinlarni qabul qilishga tayyor turadi.

Lloyd Ostinga ko’ra, urush boshlansa, Ukrainadan o’n minglab odam qochishi mumkin.

Ikki vazirning bugungi uchrashuvi chog’ida Polshaga AQShning 250 ta “Abrams” rusumidagi tankini sotishga kelishildi.

"Putin o’z chegarasida kuchli NATO bo’lishini istamagan edi, ammo uning harakatlari aynan shunga olib keldi”, - dedi Amerika mudofaa vaziri.

Rossiya Belarusda qo’shma harbiy mashg’ulotlar o’tkazar ekan, Kreml shanba kuni Rossiya strategik yadro qo’shinlari ham mashq qilishini bildirdi. Moskvaga tashrif buyurgan Belarus rahbari Aleksandr Lukashenkoning aytishicha, ikki prezident tadbirni birgalikda kuzatadi.

Rossiyaning Belarusdagi harbiy mashg’ulotlariga javoban Ukraina mamlakatning turli hududlarida 10 kunlik mashqlar o’tkazmoqda. Ukrainalik askarlar Turkiyadan sotib olingan “Bayroqdor” harbiy dronlari, AQSh tankka qarshi bergan “Javelin” raketalari va Britaniyadan olingan granatamyotlar bilan ishlashni o’rganmoqda.

AQSh Rossiyaning Ukrainaga hujumi ehtimoli yuqori deya ta’kidlashlariga qaramay, Ukraina Mudofaa vaziri Oleksiy Reznikov bugun parlamentdagi chiqishida bunday ehtimol past ekanini aytdi.

AQSh chegarada 150 mingga yaqin rus harbiysi to’planganini, yaqin orada ularga qo’shimcha askarlar qo’shilishini bildirgan. Biroq Kreml harbiylarning bir qismi chiqarilayotgani haqida videolar tarqatmoqda.

Kiyevdagi hukumat Ukrainadan ajralib sharqda o’z ma’muriyatlariga ega isyonchilarni bugun bir necha hujumda aybladi.

Donetskdagi isyonchilar rahbari Denis Pushilinning aytishicha esa, Ukraina armiyasi uning hududi tomon o’q yog’dirmoqda va buning natijasida mahalliy xalqni qo’shni Rossiyaga evakuatsiya qilish boshlangan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG