Breaking News

AQSh Ukrainaga harbiy va gumanitar yordamni oshiradi


Ukraina askarlari Kiyev ko'chalarini qo'riqlamoqda, 2022-yil, 6-mart.

Ukraina prezidenti bilan o’tkazilgan muloqotdan bir kun o’tib amerikalik qonunchilar Kiyevga qo‘shimcha harbiy va gumanitar yordam ko‘rsatilishini e’lon qildi.

Prezident Jo Bayden ma’muriyati Ukrainaga gumanitar, harbiy va iqtisodiy yordam uchun AQSh Kongressidan 10 milliard dollar so‘ragan.

Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi yakshanba kuni kechqurun demokratlarga yo'llagan maktubida yozilishicha, "Kongress bu hafta favqulodda moliyaviy yordamni hukumat moliyaviy xarajatlarining bir qismi sifatida qabul qilishni rejalamoqda".

Kongressdagi har ikki partiya Kiyevni qat'iy qo'llab-quvvatlayotganiga qaramay, bir masalada ular Ukraina iltimosini qondirmoqchi emas. Rossiya havo hujumlarini to’xtatish uchun mamlakat havo hududini parvozlar taqiqlangan zonaga aylantirish talabi qondirilmaydi.

Floridalik respublikachi senator Marko Rubio yakshanba kuni “ABC” telekanalining “Shu hafta” dasturiga bergan intervyusida aytishicha, parvozlar taqiqini amalga oshirish Uchinchi jahon urushining boshlanishini anglatadi.

“Ukraina o’zini himoya qilishi uchun ko’p masalada yordam berishimiz mumkin, lekin parvozlar taqiqi nimani anglatishini odamlar tushunishi kerak”, - dedi u.

Boshqa bir senator, G'arbiy Virjiniyadan demokrat Jo Manchin bu masalada biroz boshqacha fikrda.

"Hech bir chorani nazardan qochirmaslik kerak", - dedi u “NBC” telekanali bilan suhbatda.

NATO nega Ukrainadagi urushga aralashmaydi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:56 0:00

“Agar men Prezident (Volodimir) Zelenskiyning o‘rnida bo‘lganimda, parvozlar taqiqlangan hududni so‘ragan bo‘lardim. Muammo shundaki, Ukraina uzra parvozlarni taqiqlovchi hudud yo‘q”, - dedi Konnektikut shtatidan demokrat senator Kris Merfi “Fox News” telekanali bilan muloqotda.

Davlat kotibi Entoni Blinkenning soʻzlariga koʻra, AQSh prezidenti Jo Bayden ayni paytda Zelenskiy bilan Ukrainaga koʻproq qiruvchi samolyotlar berish masalasini muhokama qilmoqda.

“Ha, biz bu haqda juda faol gaplashmoqdamiz. Polshaga nima bera olishimiz mumkinligini ko‘rib chiqyapmiz. Agar Polsha Ukrainaga “MiG” va “SU” samolyotlarini jo‘natishga qaror qilsa, ular bergan narsalar o’rnini to’ldirish uchun qanday yordam berishimiz mumkinligini ko’rib chiqyapmiz”, - dedi Blinken Moldovaga qilgan safari chog’ida.

Ukrainaning AQShdagi elchisi Oksana Markarova yakshanba kuni “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida o'z xalqining Amerika Qo'shma Shtatlariga zenit qurollari va boshqa harbiy yordamlar bilan ta'minlashga chaqirig’ini eslatib, “Biz Rossiyaga terrorchi davlat sifatida munosabatda bo'lishimiz kerak", dedi.

Zelenskiyning ogohlantirishicha, Rossiya Odessa port shahrini bombardimon qilishni rejalashtirmoqda. Agar sodir bo'lsa, bu "harbiy jinoyat bo'ladi ... tarixiy jinoyat”, dedi Zelenskiy.

Zelenskiy bayonotining bir qismini rus tilida rossiyaliklarga murojaat qilib, ularni “o‘nglab bo‘lmas yo‘qotishlarsiz yovuzlikni yengish mumkin bo‘lgan davrda” hayot va qullik o’rtasida tanlov qilishga chaqirdi.

Dushanba kuni Kiyev va Moskva o‘rtasida muzokaralarning uchinchi bosqichi bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

Ukraina va Rossiya delegatsiyalari 24-fevral kuni Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan beri Belarusda ikki marta uchrashdi. Biroq bu muzokaralar davomida tinch aholining qochishiga ruxsat berish boʻyicha kelishib olingan otashkesimga rioya qilinmadi.

Amerika Qo'shma Shtatlari "tinch aholiga qasddan qilingan hujumlar haqida juda ishonchli xabarlarni ko'rdi va bu urush jinoyati hisoblanadi", dedi Blinken “CNN” telekanaliga bergan intervyusida.

"Biz ba'zi qurollar ishlatilgani haqida juda ishonchli xabarlarni ko'rdik", - deya qo’shimcha qildi u.

Rossiyaning Ukrainada harbiy jinoyatlar sodir etayotgani tekshirilishi kerak, dedi Yevropa Komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Leyen yakshanba kuni “CNN” telekanaliga bergan intervyusida.

“Putinni urush jinoyatlari uchun sud qilish kerak — va men hamkasblarimdan uni insoniyatga qarshi sodir etgan jinoyatlari uchun javobgarlikka tortish haqidagi rezolyutsiyamni qoʻllab-quvvatlashga chaqiraman”, — deb yozdi “Tvitter”dagi sahifasida Nyu-Yorkdan demokrat Adriano Espaillat.

Polshaga qochib o'tgan ukrainalik qochqinlar, 2022-yil, 6-mart
Polshaga qochib o'tgan ukrainalik qochqinlar, 2022-yil, 6-mart

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin yakshanba kuni Ukrainadagi harbiy amaliyot rejadagidek davom etayotganini va u ukrainaliklar urushni to‘xtatmaguncha tugamasligini aytdi.

Kreml bayonotiga ko'ra, Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog'an bilan telefon orqali suhbatda Putin Ukraina va xorijiy hamkorlar bilan muloqotga tayyorligini, biroq muzokaralarni o'tkazishga qaratilgan har qanday urinish muvaffaqiyatsiz bo'lishini ta’kidlagan.

Putinning bayonoti bombardimon qilingan port shahri Mariupolni evakuatsiya qilish harakatlari ketma-ket ikkinchi kun muvaffaqiyatsizlikka uchragan paytga to‘g‘ri keldi.

“Mariupolda insoniyat azob-uqubatlarining dahshatli manzaralari fonida bugun taxminan 200 000 kishini shahardan evakuatsiya qilishni boshlashga qaratilgan ikkinchi urinish toʻxtab qoldi. Kecha va bugungi muvaffaqiyatsiz urinishlar mojaro tomonlari oʻrtasida batafsil va samarali kelishuv yoʻqligini ko’rsatmoqda”, - deyiladi Xalqaro Qizil Xoch qoʻmitasi bayonotida.

Rim papasi Fransisk yakshanba kuni mojaro haqida o'zining eng kuchli bayonotini berdi.

"Ukrainada qon va ko'z yoshlar daryodek oqmoqda. Bu shunchaki harbiy operatsiya emas, balki o'lim, vayronagarchilik va qashshoqlik sepuvchi urushdir", - dedi pontifik Vatikandagi Avliyo Pyotr maydoniga yig’ilgan olomonga qilgan haftalik murojaatida.

Yevropalik hamkorlari bilan birga Vashington Rossiya nefti importinni taqiqlash masalasini koʻrib chiqmoqda, deya tasdiqladi AQSh davlat kotibi.

“Hozir biz yevropalik hamkorlarimiz bilan Rossiya neftini mamlakatlarimizga import qilishni taqiqlash, shu bilan birga, tabiiyki, neftning barqaror global ta’minotini saqlab qolish bo‘yicha juda faol muzokaralar olib bormoqdamiz”, - dedi Blinken “NBC” telekanaliga bergan intervyusida.

Ba'zi qonunchilarga ko’ra, neft narxi oshib borayotgani va amerikaliklar o'z avtomobillariga yoqilg'i uchun ko'proq pul to'layotgani sababli mahalliy ishlab chiqarishni ko'paytirish uchun ko'proq chora ko’rish kerak.

“AAA” ma'lumotlariga ko'ra, AQShda benzin narxi o'tgan haftada 11 foizga oshib, 2008-yildan beri eng yuqori ko'rsatkichga yetgan.

“Prezident Bayden AQShning oʻzida energiya ishlab chiqarishni koʻpaytirishdan koʻra, Rossiya, Eron va Venesueladagi dushmanlarimizdan neft import qilishni afzal koʻradi”, - deb yozdi “Tvitter”dagi sahifasida shimoliy karolinalik respublikachi qonunchi Greg Merfi.

Bu orada boshqa ijtimoiy media platformasi Rossiya bilan bog'liq kontentga cheklovlarni e'lon qildi.

Foydalanuvchilar tomonidan yaratilgan qisqa videolar bilan mashhur “TikTok” yakshanba kuni Rossiyadagi foydalanuvchilarga yangi kontentni joylashtirishni bloklayotganini aytdi.

“Rossiyaning yangi “soxta yangiliklar” qonuni nuqtai nazaridan, biz ushbu qonunning xavfsizlik oqibatlarini ko‘rib chiqqach, to‘g‘ridan-to‘g‘ri translyatsiyani va videoxizmatimizga yangi kontent qo’yishni to‘xtatib qo‘yishdan boshqa ilojimiz yo‘q”, deyiladi “TikTok” yakshanba kuni e’lon qilgan bayonotda.

Moliyaviy xizmatlar, energetika va texnologiya kompaniyalari kabi yuzlab xorijiy tashkilotlar Ukraina bosqini ortidan joriy qilingan iqtisodiy sanksiyalar tufayli Rossiya bozorini tark etganini e’lon qildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG