Breaking News

Rossiyani tark etganlar: Nemislar kabi bir necha avlod tavba qilishga to’g’ri keladi


Sankt-Peterburg, 11-mart, 2022
Sankt-Peterburg, 11-mart, 2022

Bundan 22 yil oldin chechen isyonchilarini “hojatxonada o’ldirish” bilan tahdid qilgan Prezident Vladimir Putin bu gal uning Ukrainani bosib olish qaroriga qarshi chiqayotgan rossiyaliklarni nishonga oldi. Uning fikricha, Rossiya “o’z-o’zini tozalashi, yaramas va va xoinlardan” qutulishi lozim.

“Rossiya xalqi har doim haqiqiy vatanparvarlarni yaramas va sotqinlardan ajrata oladi, ularni shunchaki tasodifan og’izga uchib kirgan chivin kabi yo’lakka tuflab tashlaydi”, - deydi Putin.

Taxminan 200 000 rossiyalik tuflab tashlanishini kutib o’tirmasdan mamlakatni tark etgan (urushning dastlabki 10 kunida). Yana minglab odam ketishni rejalamoqda. Taqiqlar sababli ko’pchilik uchish osonroq bo’lgan joylarga, Armaniston, Gruziya, Isroil, Qozog’iston, Qirg’iziston va Turkiyaga chiqib ketgan. Rossiya fuqarolari bu mamlakatlarga vizasiz kira oladi.

“Amerika Ovozi” bilan gaplashgan ayrim rossiyaliklar qo’shni davlatga qarshi bosqinga qarshiligini namoyish etish uchun vatanini tark etganini aytadi. Dunyodan yakkalanib qolgan Rossiyada yashashni istamaydiganlar ham bor.

Ayrimlar qarorini Rossiyada muxolifatga qarshi tazyiqlar kuchayib borayotgani bilan izohlaydi.

“Rossiyada qola olmasligimni angladim. Jim ham tura olmayman, – deydi PR menejer bo’lib ishlagan 27 yoshli Katya. – Ikki yo’l bor edi: Rossiyada qolib qamalish yoki xorijdan turib fikrlarimni bayon etish. Qamoqxonadan ko’ra boshqa mamlakatda ko’proq ishlarni amalga oshira olaman”.

“Dunyo bizdan nafratlanadi”

Suhbatdoshlar o’zlarini siyosiy qochqinlar sifatida ko’rishadi. Ukrainaga bosqinni tanqid qilishi va Putin siyosatiga qarshi ekaniga qaramasdan, ko’pchiligi chet elda adovatga duch kelayotganini aytadi.

Bu masalaga, deydi ular, ommaviy axborot vositalari yetarli e’tibor qaratmayapti.

“Butun dunyo bizdan nafratlanadi”, - deydi 39 yoshli Aleksandra.

U Tojikistonda tug’ilgan, fuqarolik urushi sababli 1990-yillarda oilasi Moskvaga qochgan. O’shanda 7 yoshda bo’lgan Aleksandra onasi Tojikistonda kitoblarini qoldirib ketishga majbur bo’lganidan ko’z yoshlarini tiya olmaganini eslaydi.

“Men [Putin] hukumatini tanlaganim yo’q, barcha mitinglarga chiqdim, huquq tashkilotlariga xayriya qildim, siyosiy mahbuslar ustidan sud jarayonlarida qatnashdim. Lekin hozir butun dunyo uchun men, afsuski, mamlakatimda hokimiyat tepasiga kelgan fashistlarning vakiliman”, - deydi Tbilisiga ko’chgan Aleksandra.

Gumanitar viza haqida so'rayotgan ruslar, Tixuana, AQSh-Meksika chegarasi, 15-mart, 2022
Gumanitar viza haqida so'rayotgan ruslar, Tixuana, AQSh-Meksika chegarasi, 15-mart, 2022

Ba’zi rossiyalik qochqinlar o’z ahvolidan shikoyat qilayotganidan xijolatda. To’g’ri, deydi ular, odam ishini, uyini va yaqinlarini tashlab, o’zga yurtga ketishi qiyinchiliklar tug’diradi, lekin ular qo’shni mamlakatda urush boshlagan mamlakatning fuqarolari ekanini ham tan oladi.

Kaluga shahrida marketing sohasida ishlagan Nadya Tbilisidagi rusofobiyadan hayratda. U turmush o’rtog’i bilan Gruziyada ko’p marta bo’lgan, dam olgan.

“Ilgari hech qachon ruslar bu yerda diskriminatsiya qilinganini ko’rmagandik. Aksincha, doim yaxshi kutib olishgan. Lekin hozir gruzinlar orasida rusofobiya avjida”, - deydi u.

Rossiya hukumatining agressiyasida bizni ayblashyapti, lekin biz ham bu urushning qurbonlarimiz, faqat frontning narigi tomonida.

“Ko’plab gruzinlarning fikri quyidagicha: agar Putinga qarshi bo’lsangiz, hozir Rossiyaning o’zida unga qarshi kurashayotgan bo’lishingiz kerak. Bundan tashqari, ular Rossiya armiyasi fuqarolarini “qutqarishga” keladi deb qo’rqishadi. Rossiya hukumatining agressiyasida bizni ayblashyapti, lekin biz ham bu urushning qurbonlarimiz, faqat frontning narigi tomonida”, - deya qo’shadi Nadya.

Uning aytishicha, ukrainaliklar hozirda ming marta dahshatliroq voqealarni boshdan kechirmoqda va hamma ularga yordam berayotgani to’g’ridir.

“Lekin biz Putinga ovoz bermaganmiz. Oxirgi 10 yil davomida unga qarshi har tomonlama kurashdik”, - deydi suhbatdosh.

Tbilisi, Istanbul va Yerevanda aksil-rus kayfiyatidan tashqari, rossiyalik qochqinlar boshqa qiyinchiliklarga ham duch kelmoqda. Rossiyaning bank kartalari ishlamaydi, ijaraga joy va ish topish qiyin, jamg’argan pullari rublning qulashi tufayli ikki baravar kamaygan.

Rossiyadan badarg’a bo’lganlar maslahat va ma’lumot almashish uchun “Telegram” kabi ijtimoiy platformalarda o’nlab chat kanallari ochgan. Faollar uchrashuvlar ham tashkil etmoqda.

“Endi birga bo’lish muhim, chunki bu dashlatli tushni yengishga yordam beradi”, - deydi Aleksey.

Litva
Litva

Mavhum kelajak

“Moskvada farovon yashayotgan edim, hammasi 24-fevral kuni o’zgardi. Rossiyadagi uyimga hech qachon qayta olmaslikdan qo’rqaman. Mamlakatdan keta olmaydigan yoki ketishni xohlamaydigan yaqinlarim haqida qayg’uraman. Turmush darajasi keskin tushib ketishi aniq. Rossiya – Shimoliy Koreya, Venesuela va 1930-yillardagi Germaniyaga o’xshagan davlatga aylanmoqda. Buni anglash – mutlaqo chidab bo’lmas narsa, – deydi Aleksandra. – Urush bo’layotganiga, uni mening mamlakatim boshlaganiga, yaqin qo’shnimiz bilan urushayotganimizga ishonish qiyin”.

42 yoshli Anton Moskvadan. To’rt yoshli o’g’li bor.

“Xotinim va men Rossiyadan ketdik, chunki odamlarni boshqa odamlarni o’ldirish uchun yuboradigan, buni rasman dashshatli va bema’ni narsalar bilan asoslaydigan mamlakatda qolish imkonsiz edi”, - deydi u Yerevandan “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

Agressiyani tan olmaydiganlar bilan birga bo’la olmayman. Shuni bilamanki, biz nemislar kabi bir necha avlod tavba qilishimizga to’g’ri keladi. Bu fashizm 2.0

“Albatta, Rossiyadan tashqarida qanday tirikchilik qilishim haqida o’ylandim. Malakasiz mehnat menga to’g’ri kelmaydi, lekin oilani boqish kerak. Biroq agressiyani tan olmaydiganlar bilan birga bo’la olmayman. Shuni bilamanki, biz nemislar kabi bir necha avlod tavba qilishimizga to’g’ri keladi. Bu fashizm 2.0”, - deya qo’shadi Anton.

U Rossiyadan chiqa olmaymiz, deb xavotirlanganini aytadi.

“Samolyotimiz havoga ko’tarilmaguncha ishonchim komil emas edi”, - deydi Anton. U Federal Xavfsizlik xizmati (FSB) telefon va noutbuklarni tekshirayotgani, odamlarning chiqib ketishiga to’sqinlik qilayotgani haqida eshitgan.

Bizda muammo bo’lmadi, lekin qo'rqdik, deydi u. Antonning hozircha kelajak rejalari yo’q, oila jamg’argan puliga yashab turadi. U Yevropadagi bir firmaga masofadan turib ishlamoqda, lekin loyiha tugash arafasida.

“Ertaga bizni nima kutayotganini bilmayman. O’ylaymiz, biror yechim topilar”.

23 yoshli Anastasiya Gruziyadagi rossiyalik muhojirlar uchun “Telegram” kanalini yuritadi.

“Iliq dush ostida turib, keyingi hayotim haqida o’ylayman. Men siyosiy qochqinman. Moskvada hamma narsam bor edi. Bitta chamadon va ryukzak bilan, dastlab men hech kimni tanimaydigan mamlakatga keldim”, - deydi u.

Endilikda sayohat qiyinlashgani bois migratsiya to’lqini sekinlashgan. Ammo G’arbning kuchli sanksiyalari, so’z erkinligi cheklanishi, urushga qarshilik jinoyatga tenglashtirilishi hamda xalq qashshoqlashishi kutilayotgani minglab boshqalarni ham Rossiyani tark etishga undamoqda.

G’arb diplomatlariga ko’ra, Rossiyadagi elchixonalarga viza murojaatlari soni keskin oshgan. Isroil konsulligiga viza suhbatiga kirish uchun 8 oy navbatda turasiz.

“Urushni qo’llab-quvvatlamaydigan ruslar uchun Rossiyada qolish xavfsiz emas”, - deydi rossiyalik siyosiy faollardan biri. Xavotir shuki, deydi u, tanqidchilar chiqib ketishi Kremlga qarshilikni ham susaytiradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG