Breaking News

NATO Ukrainaga harbiy va gumanitar yordamni oshiradi


Xalqaro hayot - 2022-yil, 25-mart
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:45 0:00

Bryusselda NATOga a’zo 30 davlat rahbarlari ishtirokida o’tgan xavfsizlik sammitida Ukrainaga gumanitar va harbiy yodamni oshirish, xususan, Rossiyaga qarshi jazo choralarini kuchaytirish bo’yicha bir qator qarorlar qabul qilindi.

Anjumanda qatnashish uchun Yevropaga safar qilgan AQSh Prezideni Jo Bayden NATO, “Katta Yettilik” va Yevropa Ittifoqi yetakchilari bilan uchrashib, Ikkinchi jahon urushidan beri global xavfsizlik uchun eng katta tahdid sifatida ko’rilayotgan Ukraina urushini muhokama qildi.

“Biz uchun hozir eng muhim yagona narsa bu birdamlikni saqlab qolish. Dunyo qancha begunoh odamlarning hayoti barbod bo'layotganiga guvoh bo’lmoqda. Agar Yevropa bir oy yoki olti hafta yoki ikki oy ichida bo’linib ketadi, deb o’ylayotgan bo’lsangiz, adashasiz. Biz mutlaqo yakdil va birdam ekanimizni ko’rsatishimiz kerak", - dedi AQSh rahbari.

U, shuningdek, Putinni Ukrainada kimyoviy qurolni ishga solish oqibatlaridan ogohlantirdi.

"Agar u bu ishga qo’l ursa, munosib javob beramiz. Javobning qanday bo’lishi ishlatilgan qurol turiga bog’liq bo’ladi”, - dedi Bayden.

AQSh, shuningdek, Ukrainaga 1,3 milliard dollar qo‘shimcha yordam ajratilishini e’lon qildi. Bundan tashqari, AQSh 100 ming ukrainalik qochoqni qabul qiladi. Shu paytgacha e’lon qilingan sanksiyalarga qo’shimcha ravishda yana 40 dan ortiq Rossiya mudofaa kompaniyasi va 300 nafar rossiyalik qonunchi jazoga tortiladi.

NATO yig‘ilishida Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy ham virtual aloqa orqali ishtirok etib, NATOdan ko’proq harbiy yordam so’radi.

"Kamida 20 ming tankingiz bor. Ukraina shu tanklaringizning atigi bir foizini soʻrayapti. Shu bir foizni bizga bering yoki soting. Lekin haligacha bu so’rovimizga aniq javob yo’q. Urush paytidagi eng yomon narsa bu soʻrovlarga aniq javob bermaslikdir”, - dedi Zelenskiy.

NATO Bosh kotibi Yens Stoltenbergning aytishicha, Rossiya Ukrainada kimyoviy va yadroviy qurollardan foydalanishi mumkinligi bo’yicha xavotirlar oshayotgani bois harbiy alyans bunday qurollarga qarshi mudofaa choralarini kuchaytirmoqda.

Stoltenberg, shuningdek, Bolgariya, Ruminiya, Vengriya va Slovakiyaga to'rtta yangi harbiy qismlar jo’natilishini e’lon qildi. NATOning jangovar hozirlikdagi askarlari soni 40 mingga yetgan. Ularning aksariyati sharqiy chegaralarga joylashtirilgan. Shuningdek, Yevropa bo’ylab 100 ming AQSh askari borligi aytiladi.

"Biz sa'y-harakatlarimizni ikki barobar oshirishimiz kerak. Putin bu urushda g'alaba qozona olmaydi. Bu barchamiz uchun, NATO xavfsizligi uchun ham juda muhim. Biz muhokama qilishimiz kerak bo'lgan ikkinchi narsa - mudofaa xarajatlarimizni oshirish. Sharqiy qanotni va ayniqsa Boltiqbo'yi mamlakatlari mudofaasini kuchaytirishimiz kerak, chunki biz mamlakatimizni yolg'iz himoya qila olmaymiz”, - dedi Estoniya Bosh vaziri Kaya Kallas.

Bayden Yevropa safarini Polshaga tashrif bilan yakunlaydi. U yerda Polsha prezidenti bilan uchrashib, Ukrainadagi vaziyatni muhokama qilishi rejalangan.

Ayni paytda, Bryusseldan atigi 2000 km. uzoqlikda, Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma'lumotlariga ko'ra, minglab tinch aholining o'limiga va 3,5 milliondan ortiq odamning qochoqqa aylanishiga sabab bo’lgan urush davom etmoqda.

NATO nega Ukrainadagi urushga aralashmaydi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:56 0:00

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG