Breaking News

Rossiyaga qo'yilgan sanksiyalar Ozarbayjonga qanday ta'sir qilyapti?


Rossiya va AQSh tangalari

G'arbning Rossiyaga qarshi kuchayib borayotgan sanksiyalari Moskva bilan yaqin iqtisodiy aloqaga ega Ozarbayjonga ham salbiy ta’sir qilishi kutilyapti.

Rossiya Ozarbayjonning asosiy import hamkori hisoblanadi va u yerda 2,5 million ozarbayjonlik mehnat muhojiri ishlashi aytiladi.

Iqtisodchi Natig Jafarlining “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Rossiyaga nisbatan iqtisodiy sanksiyalar Ozarbayjon bank sektori uchun, ayniqsa, muammo tugʻdiradi. Ozarbayjonda Rossiya bilan alohida pul oʻtkazmalari tizimi yoʻqligi bois xalqaro pul oʻtkazmalari uchun maʼlum toʻsiqlar paydo bo’lishi mumkin.

“Agar Rossiya xalqaro pul oʻtkazmalari tizimidan butunlay chiqarib tashlansa, Ozarbayjon va Rossiya oʻrtasida banklararo pul oʻtkazmalarini yuborish imkonsiz boʻlib qoladi”, - dedi Jafarli.

London Iqtisodiyot va Siyosatshunoslik maktabi ilmiy xodimi Gubad Ibodo‘g‘lining aytishicha, Rossiya iqtisodiyotidagi keskin o‘zgarishlardan eng ko‘p Ozarbayjon Respublikasi Davlat Neft jamg‘armasi (SOZAF) zarar ko‘radi.

"SOFAZning Rossiyaga kiritgan sarmoyalari 903 million dollardan oshdi, - deydi u. - Hozirda bu investitsiyalar xavf ostida, bu esa oxir-oqibatda SOFAZning kurs yo'qotishlariga olib keladi. Boshqacha qilib aytganda, byudjetdan tashqari xarajatlar o'sishiga sabab bo’ladi”.

Ibodo'g'li, SOFAZdan tashqari, Rossiya Ozarbayjonning asosiy import sherigi ekanini tilga olib, sanksiyalar Ozarbayjonning Rossiya bilan savdo aloqalariga ham ta'sir qilishini aytadi.

Ozarbayjon 2021-yilda Rossiya bozoridan 2,1 milliard dollarlik mahsulot xarid qilgan va 920,8 million dollarlik tovar sotgan. Bu tovarlarning 95 foizdan ortig‘i neft bo’lmagan mahsulotlar.

Ibodo‘g‘lining aytishicha, neftdan tashqaridagi sektorlarning an’anaviy bozori hisoblangan Rossiyadagi bank bilan bog‘liq muammolar va rublning keskin qadrsizlanishi eksportchilar uchun jiddiy qiyinchiliklar tug‘dirishi mumkin.

“Ozarbayjondan Rossiyaga mahsulot eksport qilayotganlar rublning Ozarbayjon manatiga nisbatan keskin qadrsizlanishi tufayli yoʻqotishlarga duch kelishadi. Bu esa ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilarning, ayniqsa, noneft sektoridagi, asosan, qishloq xoʻjaligidagi daromadlarni kamaytiradi”, - deydi u.

Rossiyada ishlovchi 2,5 millionga yaqin ozarbayjonliklar taqdiri yana bir muammo, deya qo’shimcha qiladi Ibodo'g'li.

Uning aytishicha, Rossiya mehnat bozoridagi keskinliklar, shuningdek, taranglik natijasida daromadlarning pasayishi va rublning qadrsizlanishi Ozarbayjonga pul o'tkazmalarining kamayishiga olib keladi.

“Ozarbayjon Markaziy bankining 2021-yil dastlabki toʻqqiz oyidagi maʼlumotlariga koʻra, pul oʻtkazmalarining qariyb 60 foizi Rossiyada yashovchi migrantlar hisobidan kelgan. Demak, o‘tgan yili Rossiyada yashovchi migrantlar tomonidan banklar orqali yuborilgan pul o‘tkazmalari 680 million dollarni tashkil qilgan. Joriy yilda bu transferda keskin pasayish kutilmoqda”, - deydi Ibodo‘g‘li.

Rubl qulashi O’zbekiston iqtisodiyotiga qanday ta’sir ko’rsatyapti?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:23:22 0:00

Ozarbayjon Parlamenti a’zosi Rasim Musabeyov ham pul o‘tkazmalarida o’zgarish bo’lishini tasdiqladi.

“Rossiyaning sanksiyalari bank operatsiyalarini sezilarli darajada cheklaydi. Rossiyadagi iqtisodiy tanazzul tufayli oilalarga pul jo‘natish qiyin bo‘ladi”, — dedi u.

Uning fikricha, sanksiyalar Ozarbayjonning Rossiya bilan tashqi savdosiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

“Biz Rossiya bozoridan juda muhim oziq-ovqat mahsulotlarini olib kelardik. Lekin ularni endi xorijdan qay darajada olib kelish mumkinligini hozir aytish qiyin”, - deydi Musabeyov.

Shunga qaramay, qonunchining aytishicha, Rossiyadagi iqtisodiy tanazzul yangi imkoniyatlar ham yaratadi. Uning ta’kidlashicha, Rossiya orqali o‘tadigan aloqa yo‘llari cheklangani va Ukraina chegaralari urush tufayli yopilganligi sababli, avvallari Rossiya, Ukraina va Belarus orqali amalga oshirilgan savdo endi, asosan, Boku-Tbilisi-Kars yo‘nalishi orqali o‘tmoqda.

“Transport yo‘nalishlarimiz ahamiyati sezilarli darajada oshadi. Janubiy gaz yo‘lagi ham, Boku-Tbilisi-Jayhon neft quvuri ham katta yuklamaga ega bo'ladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, Qozog‘iston neftining katta qismi bozorlarga Novorossiysk orqali emas, balki Ozarbayjon orqali eksport qilinadi va bu bizning imkoniyatlarimizni sezilarli darajada oshirishi mumkin”, — dedi Musabeyov.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG