Breaking News

Bayden AQSh fermerlariga yordam va'da qildi


Prezident Bayden Illinoysda fermerlar bilan gaplashmoqda
Prezident Bayden Illinoysda fermerlar bilan gaplashmoqda

AQSh Prezidenti Jo Baydenning aytishicha, Ukraina mojarosi dunyo bo’ylab oziq-ovqat ta’minoti va narxlarini izdan chiqardi. Bayden bir necha kun oldin Illinoys shtatidagi bir fermada bo’lib, Amerikada fermerlik sanoatini rivojlantirishga qaratilgan tashabbusini e’lon qildi.

Xalqaro hayot - 13-may, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:12:31 0:00

Tahlilchilar agrosanoatdagi inqiroz dunyo bo’ylab va ayniqsa kam daromadli mamlakatlarda uzoq muddatli muammolarga yetaklashini bashorat qilmoqda.

Illinoys shtatining Kankaki shahri Kyevdan ancha olis bo’lsa-da, Ukrainadagi urush dunyoning bu chekkasida ham aks-sado bermoqda.

Rossiyaning qo’shni mamlakatga hujumi bug’doy, makkajo’xori, arpa, yog’li urug’, o’simlik moyi va o’g’itning global ta’minotiga ta’sir qildi. Oq uyga ko’ra, urush boshidan beri jahon bo’ylab oziq-ovqat salkam 13 foizga qimmatladi.

Illinoysdagi fermerlar bilan uchrashuv chog’ida Prezident Bayden hozirgi muammolarda Vladimir Putinni ayblab, amerikalik dehqonlarga yordam va’da qildi.

“Siz tom ma’noda mamlakatimiz tayanchisiz. Ko’pirtirib gapirganim yo’q. Siz dunyoni ham boqasiz. Putinning Ukrainadagi urushi fonida esa siz ozodlik tayanchisi hamsiz”, - dedi Bayden

Prezident fermerlarni qo’llab-quvvatlashga qaratilgan qator choralar haqida e’lon qildi. Hukumat fermerlarga bir yilda ikki marta ekin ekish uchun zarur yordam ko’rsatmoqchi, o’g’itga ehtiyojni kamaytiruvchi texnologiyalar bermoqchi, Amerikaning o’zida o’g’it ishlab chiqarishni moliyalashga ikki baravar ko’p pul ajratmoqchi, ya’ni 500 million dollar.

Yevropa sarmoya banki prezidenti Verner Xoyerga ko’ra, Ukraina ulkan miqdorda bug’doyni bozorga olib chiqishga ojizlik qilmoqda.

“Ukraina - Yevropaning bug’doy savati. O’tgan yili yig’ib olingan sakkiz milliard yevroga teng bug’doyni eksport qila olmayapti, chunki dengizga yo’l yopiq. Mana shu muammoni hal qilishimiz kerak. Bu mehnatservar xalq. Hozir ekinga qattiq berilgan. Hosil yaxshi bo’lishi kutilyapti. Ikki oylardan so’ng o’tgan yilgi hosilning 70 foizini olishar balki. Ammo keyin nima bo’ladi?”, - deydi Xoyer.

Bug’doy tanqisligi butun dunyoga ta’sir qilmoqda. Masalan, yaqinda Shri-Lankada fermerlar oziq-ovqat va yoqilg’ining qimmatlashishiga qarshi namoyish qilib, ish tashlashlarda qatnashdi. Bu esa o’z navbatida ushbu orol davlatda vazirlar mahkamasi va bosh vazirning iste’fosiga sabab bo’ldi.

Inqiroz resurslar taqchil boshqa mintaqalarga ayniqsa qattiq zarba berishi kutilmoqda.

“Bu global iqtisodiyot uchun katta burilish. Oziq-ovqat va yoqilg’iga o’tkir ehtiyoj sezgan mamlakatlarga juda qiyin bo’ladi. Siyosiy jihatdan ham bu davlatlar og’ir davrni boshdan kechiradi”, - deydi vashingtonlik tahlilchi Dezmond Laxmen.

Bug’doy kamomadi jiddiy o’zgarishlarga yetaklashini tarixdan bilsa bo’ladi.

Fransiyada yomon ob-havo sabab hosilning kamayishi natijasida 1788-yilda non qimmatlashi ketidan dehqonlar bosh ko’tarib, erkinlik, tenglik, birodarlik tamoyillariga tashna xalqni inqilobga ruhlantirdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG