Breaking News

AQSh Xitoyni kuzatib boruvchi maxsus idora tashkil qilmoqda


AQSh va Xitoy rahbarlarining virtual muloqoti

AQSh Davlat departamenti Xitoyning dunyo bo’ylab olib borayotgan xatti-harakatlarini kuzatish uchun "Xitoy uyi" deb nomlangan yangi tashkilot yaratilayotganini e’lon qildi.

Bu orada Singapurda nihoyasiga yetgan xavfsizlik konferensiyasida Xitoy Mudofaa vaziri Vey Fenxe AQSh bilan ikki tomonlama munosabatlarni yaxshilash Vashingtonga bog’liq ekanini aytdi.

AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostinning aytishicha, so’nggi paytlarda Xitoy harbiy samolyotlari va kemalari boshqa mamlakatlar texnikalariga xavfli va noprofessional tarzda yaqinlashishi holatlari ko’paygan.

“Xitoy uyi” loyihasi AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken o'tgan oy Pekinni "qoidalarga asoslangan tartib uchun eng jiddiy uzoq muddatli muammo" deb atashi ortidan e’lon qilindi.

Davlat departamenti matbuot kotibi “Xitoy uyi”ning maqomi haqida ma'lumot bermadi hamda uni " departament doirasida mavzular va mintaqalar bo'yicha siyosatimizni muvofiqlashtiradigan va amalga oshiradigan integratsiyalashgan guruh" deb ta'rifladi.

"Biz ushbu yangi muvofiqlashtirish markazida XXR bo’yicha tajriba va resurslarimizni integratsiyalashga oid sa'y-harakatlarni davom ettiramiz va tezlashtiramiz", - dedi o'tgan hafta "Amerika Ovozi" bilan suhbatda nomini oshkor qilishni istamagan AQSh Daplat departamenti rasmiysi.

"Biz kuzatamiz"

Xitoyning Vashingtondagi elchixonasi matbuot kotibi Liu Pengyu “Amerika Ovozi” xitoy xizmatiga elektron pochta orqali yuborgan javobida shunday deyiladi:

“AQSh tomonining faqat g’olib chiqish siyosatidan va vahimadan voz kechishi, Xitoyni nazorat ostida tutish bilan shug'ullanishdan hamda Xitoy-AQSh munosabatlariga putur yetkazishdan to’xtashi Xitoy-AQSh munosabatlaridagi qiyin vaziyatdan chiqishning muhim kalitidir”.

“Biz kotib Blinken oʻz nutqida AQSh Xitoy bilan ziddiyat yoki yangi Sovuq urushni qidirmayotganini taʼkidlaganini eshitdik. Vashington Xitoyni yirik davlat sifatidagi rolidan, o‘z iqtisodiyotini rivojlantirishdan to‘xtatmoqchi emasligini va Xitoy bilan tinch-totuv yashashni xohlashini aytdi. Biz AQSh endi nima qilishini kuzatamiz”, - deya qo’shimcha qiladi u maktubda.

"Global Times"ning sobiq bosh muharriri va nashrning nufuzli maxsus sharhlovchisi Xu Szinjin "Xo'sh, nima bo'pti?" deb nomlangan maqolasida AQShning yangi “Xitoy uyi”ga munosabat bildirdi?

Maqolaga ko'ra, yangi tashkilot Pekin faoliyatini kuzatish uchun qo’shimcha 20 dan 30 tagacha xodimni ishga yollaydi. Bu "Davlat departamenti mintaqaviy byurolari doirasida Pekinning dunyo bo'ylab faoliyatini kuzatish uchun Tramp ma'muriyati davrida birinchi marta yaratilgan amaldorlar toifasidir", deyiladi maqolada. “Xitoy uyi” tashabbusi ilk bor o'tgan sentabr oyida “Foreign Policy” jurnalida tilga olingan edi.

“Xitoy uyi” AQShning Xitoy bilan raqobati kuchayib borayotgan bir paytda 26-may kuni rasman e’lon qilindi.

Pekin so'nggi yillarda yanada tajovuzkor diplomatik aloqalarni boshlaganidan beri Vashington Hind-Tinch okeani va Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi kichik orol davlatlar bilan munosabatlarni kuchaytirishga qaror qildi.

Pekin Solomon orollari bilan xavfsizlik shartnomasini imzolaganidan so'ng may oyida Xitoy tashqi ishlar vaziri Van Yi Tinch okeanining janubidagi sakkiz davlatga 10 kunlik safar bilan bordi.

Rossiya neftini arzonroq narxda Xitoy va Hindistonga sotayapti
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:01:40 0:00

Yangi Zelandiya bosh vaziri Jasinda Ardern 31-may kuni Oq uyda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda AQSh Prezidenti Jo Baydenni bunga javoban Tinch okeani orollari davlatlari bilan ko‘proq hamkorlik qilishga chaqirdi.

Ba'zi sobiq AQSh hukumati amaldorlari va Xitoy-AQSh munosabatlari bo'yicha ekspertlar “Xitoy uyi”ning yaratilishi bilan Bayden ma'muriyati Xitoy bilan kelajakdagi munosabatlarga nisbatan aniq pozitsiyani ishlab chiqishiga ishonishlarini aytadi.

Vashingtonda joylashgan Karnegi Xalqaro Tinchlik Jamg'armasining norezident olimi Duglas Paal ushbu munosabatlarning istiqbolini shunday ta’riflaydi:

“Oʻylaymanki, maʼmuriyat Xitoy yangi davrda bizning eng katta muammomiz ekanligi haqidagi jamoatchilik fikri va ichki tahilllarga javob berishga harakat qiladi”, - dedi Paal “Amerika Ovozi” bilan “Skype” orqali suhbatda.

Vashingtondagi Amerika Ishbilarmonlik instituti katta ilmiy xodimi Zak Kuper “Amerika Ovozi”ga elektron pochta orqali bergan javobida aytishicha, “AQSh ma’muriyati Xitoyga nisbatan jiddiyligini ko’rsatishga harakat qilmoqda”.

Bayden ma'muriyati hokimiyatga kelganidan so'ng, Davlat departamenti o'z veb-saytida ma'muriyatning siyosiy bayonotlari, uchrashuvlar memorandumlari va muhim nutqlarning xitoycha tarjimalarini ham taqdim etishni boshladi. Bundan tashqari, Davlat departamenti xitoy tilida blog yuritishni yo’lga qo’ydi.

Konservativ Xeriteyj jamg’armasi katta ilmiy xodimi Din Chengning aytishicha, AQShga Davlat departamentidan tashqarida ham xitoylik ekspertlar kerak.

"Davlat departamenti diplomatiya, sammitlar va shunga o'xshash narsalardan tashqari, savdo haqida, sarmoya haqida o'ylashi, AQShga Xitoy sarmoyasi, shuningdek, Xitoyga G'arb sarmoyasi haqida fikrlashi kerak. Ushbu davlatlar o'zaro dialogga ega bo'lish juda zarur", - deya qo'shimcha qildi u.

Chengning aytishicha, Xitoy savdo va moliya masalasida AQSh bilan jiddiy raqobatchi bo’ladi.

"Hozirgi paytda Xitoy Qo'shma Shtatlar bilan savdo urushi boshlashni yoki Tayvan masalasida ziddiyatga kirishishni istamaydi. Lekin u har kuni AQSh bilan iqtisodiy, moliyaviy va texnologik jabhada raqobatchidir", - dedi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG