Breaking News

AQSh Xitoy xomashyosiga asoslangan quyosh panellari ustidan tekshiruv boshladi


Nyu-Jersida o'rnatilgan quyosh panellari, 2021-yil, 26-may
Nyu-Jersida o'rnatilgan quyosh panellari, 2021-yil, 26-may

O'tgan hafta AQSh Savdo vazirligi Janubi-Sharqiy Osiyodagi quyosh panellari ishlab chiqaruvchi kompaniyalar Xitoy ehtiyot qismlardan yashirincha foydalanayotgani yuzasidan tekshiruv boshlaganini e’lon qilgach, bu choraning savdo va atrof-muhitga oid Bayden ma’muriyati siyosatiga qanchalik ta’sir qilishi yuzasidan xavotirlar o’rtaga chiqdi.

Vazirlik 28-mart kuni Kaliforniyada joylashgan quyosh panellari ishlab chiqaruvchi “Auxin Solar” kompaniyasi arizasiga asosan Kambodja, Malayziya, Tailand va Vyetnamda quyosh energiyasi uskunalarini ishlab chiqaruvchi firmalar Xitoy bilan yaqin biznes aloqalariga ega ekanligi bo’yicha tekshiruv boshlaganini e’lon qildi.

2011-yilda AQSh mahalliy ishlab chiqaruvchilarni himoya qilish maqsadida Xitoydan keladigan quyosh panellariga nisbatan 250 foiz miqdorida savdo bojlari joriy qilgan edi.

Natijada 2011-yil 2,8 milliard dollarlik bo’lgan Xitoy quyosh uskunalari importi hajmi 2020-yilga kelib 400 million dollargacha tushib ketdi.

“Auxin Solar” kompaniyasi shikoyatida yozilishicha, Xitoydan quyosh panellari importi o'sha davrda 86% ga kamayganligi ortidan Kambodja, Malayziya, Tailand va Vyetnamdan import 868 foizga oshgan. Shuningdek, ushbu davrda Xitoydan bu to'rt davlatga xomashyo va quyosh panellari qismlari eksporti ham sezilarli ravishda oshgan.

Tekshiruv xronologiyasi

"Amerika Ovozi"ga elektron pochta orqali yuborilgan bayonotda Savdo vazirligi matbuot kotibi tergov boshlanganini tasdiqlab, "bojlarni aylanib o'tish sodir bo'lgan yoki yo'qligini aniqlash uchun ochiq va oshkora tergov” olib borilishini bildirdi.

“Bu so'rov faqat birinchi qadam. U yoki bu tomonga qaror qabul qilish uchun hali hech narsa ma’lum emas”, - deyiladi vazirlik bayonotida.

Jo Bayden quyosh panellarini ko'zdan kechirmoqda, Nyu-Xempshir, 2019-yil, 4-iyun.
Jo Bayden quyosh panellarini ko'zdan kechirmoqda, Nyu-Xempshir, 2019-yil, 4-iyun.

Savdo vazirligi dastlabki tergovni 150 kun ichida yakunlashini va 300 kun ichida yakuniy qaror chiqarilishini aytdi.

Hozircha tergovga tortilgan to'rt davlat AQSh bilan qanchalik bu masalada hamkorlik qilayotgani ma’lum emas. Tailand hukumati vazirlikka rasmiy shikoyat xati yuborganini e'lon qildi.

"Amerika Ovozi" bu voqea yuzasidan izoh olish uchun AQShda joylashgan Kambodja, Malayziya, Tailand va Vyetnam hukumatlari vakillariga murojaat qildi, ammo hozircha ulardan javob kelgani yo’q.

AQShda bu mavzu bo’yicha qarashlar farqli

“Auxin Solar” kompaniyasi shikoyati va Savdo vazirligining uni davom ettirish haqidagi qarori quyosh energiyasi sanoati vakillari orasida bahslarga sabab bo’ldi. AQShning quyosh panellari ishlab chiqaruvchi bir qator kompaniyalari, xususan, savdo guruhlari tergovga qarshi.

Edison elektr instituti prezidenti Tom Kuhn va Amerika toza energiya assotsiatsiyasi bosh direktori Hezer Zichal hamda Quyosh energiyasi sanoati assotsiatsiyasi prezidenti va bosh direktori Abigayl Ross Xopper birgalikda e’lon qilgan maqolada yozilishicha, agar to'rtta davlatdan keladigan quyosh panellariga tariflar qo'llanilsa, Qo'shma Shtatlarda quyosh energiyasi sanoatini yaxshi kelajak kutmayapti.

“Xato qilmang - agar shikoyat qondirilsa, quyosh energiyasi bir yil oldingiga qaraganda ikki-uch baravar qimmatga tushadi. Bu bizning mustaqillikka erishish yo'lidagi harakatlarimizni orqaga suradi hamda AQShdagi yuz minglab ish joylarini xavf ostiga qo'yadi. Bayden ma'muriyatining qayta tiklanadigan energiya bo’yicha maqsadlarini ham ortga suradi", - deb yozadi mualliflar.

"Agar ushbu tariflar qo'llanilsa, Bayden ma'muriyatining to'rt yili davomida avvalgi ma'muriyatlarga qaraganda ancha kam quyosh energiyasi ishlab chiqarilishiga guvoh bo’lamiz", - deya qo'shimcha qiladi ular.

“Auxin Solar” kompaniyasi bosh direktori Ma'mun Rashid o'z bayonotida savdo guruhlari ogohlantirishlarini "klassik qo'rquvni qo'zg'atuvchi taktikalar" deb atadi.

"Savdo rasmiylari amerikalik quyosh energiyasi ishlab chiqaruvchilarga keng zarar yetkazishda davom etayotgan bu orqa eshikdan kirish amaliyotini tekshirish zaruratini tushunib yetganidan minnatdormiz", - deydi u.

Bayden ma'muriyati uchun jumboq

Quyosh panellari ishi Bayden ma'muriyati uchun yangi muammo yaratadi, chunki u prezidentning ikki ustuvor yo'nalishini bir-biriga qarama-qarshi qo'yadi: AQSh ishlab chiqaruvchilari uchun teng o'yin maydonini ta'minlash hamda mamlakatni toza energiya kelajagi sari boshlash.

Qo'shma Shtatlardagi quyosh panellari ishlab chiqaruvchilar va Xitoydagi kompaniyalar o'rtasidagi munosabatlar juda murakkab. Bir tomondan, Xitoy qismlari yordamida xorijda ishlab chiqarilgan quyosh panellari AQShda ishlab chiqarilgan panellar bilan bevosita raqobatlashadi. Ayni paytda AQSh kompaniyalari xomashyo va butlovchi qismlar uchun yana Xitoy firmalariga tayanadi.

Uy tomlaridagi yashil maydonlar va quyosh panellari sarf-xarajatni qoplayaptimi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:39 0:00

Sanoat mutasaddilarining ogohlantirishicha, sanab o'tilgan to'rtta davlatdan olib kelingan panellarga sanksiyalar qo'yilishi AQShda quyosh energiyasi mahsulotlarining chiqarilishi keskin sekinlashishiga olib keladi. Bu, o'z navbatida, Bayden ma'muriyatining iqlim isishiga qarshi kurash maqsadlariga erishishni qiyinlashtiradi.

Demokrat senator Jeki Rozenning aytishicha, Bayden ma'muriyati AQSh quyosh energiyasi kompaniyalarini qo'llab-quvvatlashning boshqa usullarini izlashi kerak.

"Ma'muriyat bu tergovni boshlaganidan xafaman, chunki biz yangi tariflarni qo'shish haqida emas, balki mavjudlarini bekor qilish haqida o’ylashimiz kerak, - dedi u “The Hill” gazetasiga 28-mart kuni bergan intervyusida. - Bizning mahalliy quyosh sanoatimiz uchun savdo tekshiruvi yoki tariflardan ko'ra to’g’ridan to’g’ri yordam bergan ma’qulroq. Chunki tariflar faqat iste'mol xarajatlarini oshiradi va yaxshi maoshli ish joylariga tahdid solib, bizni iqlimga oid maqsadlarimizdan yanada uzoqlashtiradi".

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG