Breaking News

Jurnalist: Urushdan jabr ko’rganlar bilan gaplashish eng og’ir ish


Musayeva: Bu urush dunyo taqdiri ustida ketyapti
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:15:39 0:00

“Time” jurnali tomonidan 2022-yilda jahonning yuz nufuzli odami ro’yxatiga kiritilgan “Ukrainskaya Pravda” gazetasi bosh muharriri Sevgil Musayeva “Amerika Ovozi” bilan bugungi kechinmalarini bo’lishdi. Musayeva O’zbekistonda dunyoga kelgan, lekin Ukrainada voyaga yetgan.

Quyida uning suhbatini e'tiboringizga havola qilamiz:

"Men Sevgil Musayeva, “Ukrainskaya Pravda” gazetasi bosh muharririman. Bu gazeta 2000-yil mashhur jurnalist Georgiy Gongadze tomonidan ta’sis etilgan. U mamlakatimizdagi yirik auditoriyaga ega sanoqli mustaqil va ilk onlayn medialardan biri.

Ukrainada, afsuski, 2022-yilning 24-fevralidan, mamlakatga to’laqonli bosqindan so’ng, Ukrainaning bir qismi okkupatsiya qilingan. Bir necha shaharlar bosib olingan. Donbassda qaqshatqich janglar ketmoqda. Masalan, Severodonetsk yo’nalishida. Okkupatsiya qilingan shaharlarga kelsak, bugungi kunda bular - Berdyansk, Mariupol, Xerson. Mariupoldagi fojaa haqida, menimcha, butun jahon biladi.

Afsuski, shu kunlarda Zaparojye oblastining ham 60 foizdan ortiqroq qismi egallangan. Janglar davom etmoqda. Ukraina qurolli kuchlari hujumlarni qaytarish, yanada ko’proq hududlar egallab olinishini bartaraf etish uchun bor imkoniyatni ishga solmoqda, bunga katta kuch sarflamoqda. Jahondagi barcha razvedka xizmatlari bu urush atigi 3 kun davom etishini bashorat qilishgan edi – mana to’rt oydan beri davom etmoqda. Bugun barcha Ukraina xalqining ozodlikka bo’lgan ishtiyoqi, kurashi va jasoratiga qoyil qolmoqda. Ana shu xalq shu kunlarda rus harbiylariga bas kelayapti, kurashyapti.

Bu kurash, afsuski, qimmatga tushyapti. Janglarda tinch aholini ham, harbiylarni ham yo’qotyapmiz. Rossiya Jeneva konvensiyasida ko’zda tutilgan urush qonunlariga amal qilmaydi. Bir milliondan ortiq odam bosib olingan hududlardan Rossiyaga deportatsiya qilingan. Kishi sha’nini toptaydigan filtrlash lagerlari ochilgan. Ukrainaning okkupatsiya ostidagi hudularidan tashqariga chiqishga urinayotgan ukrainaliklar undan o’tishga majbur. Afsuski, Bucha, Borodyanka va Irpenda jahon afkor ommasi guvoh bo’lgan manzaradan keyin, ya’ni Ukraina armiyasi Rossiya harbiylarini Kiyev oblastidan quvib chiqargandan so’ng biz tinch aholi orasidagi ko’p sonli yo’qotishlarni ko’rdik. Ayollar va bolalar zo’rlanganini bilamiz.

Buchada bir xodimimning 70 yashar, qurolsiz otasini o’z hovlisida o’ldirishgan. Irpenda Garvarddagi kursdoshim, mashhur kinodokumentalist Brent Reno halok bo’ldi. U Ukrainaga qochqinlar to’g’risida hujjatli film tayyorlash maqsadida kelgandi. U bilan birga kolumbiyalik fotojurnalist Xuan Arredondo ham o’qqa tutilgan. Rossiya Tashqi Ishlar vazirligi va Sergey Lavrovning Ukrainaga oid xabarlar soxtalashtirilgan, sahnalashtirilgan degan bayonotlarini eshitganimda g’azabim qozg’aydi. Axir bu urushda mening yaqin odamlarim halok bo’ldi. Bularning biri - yaqin do’stim, yana biri - xodimimning otasi. Ularni Rossiya harbiylari otishdi.

Hozir eng muhim masala - qurol-aslaha. Uzoqdagi mo’ljalni ura ola oladigan raketa tizimlari yetkazilishini kutyapmiz. Bunday qurollar hududlarimizni qaytarib olish uchun muhim. Hozir frontda kuchlar teng emas. Rossiya qurol-aslaha, o’q-dori ko’pligi hisobiga ustunlikka ega. Ular o’z qurollaridan shafqatsizlarcha foydalanmoqda. Shaharlarimizni vayron qilishyapti, ba’zilarini ololmagach yakson qilishyapti. Ukraina harbiylari chekinishga majbur. Xuddi shunday taktika jiddiy vayronagarchilikka uchragan Mariupol va Rubejnoye shaharlarida ham qo’llangan. Severodonetskda ham shu ahvol. Uni egallash uchun vayron qilishmoqda.

Men bu yerga, jumladan, “Time 100” sammitida ishtirok etish uchun kelganman. Bu jurnal jahonning 100 nufuzli odamlari qatoriga 3 ukrainalikni ham qo’shgan. Prezident Volodimir Zelenskiy, Ukraina bosh shtabi rahbari Valeriy Zalujniy va men, “Ukrainskaya Pravda” gazetasi bosh muharriri. Bugun men urushni yoritish jarayonida jurnalistlar qanday qiyinchiliklarga duch kelayotgani haqida gapirib berdim. Xususan, mamlakatning demokratiya sari taraqqiyotiga bir mustaqil nashrning qanday ta’sir ko’rsatgani misolida “Ukrainskaya Pravda” qissasini so’zlab berdim. Ukrainani ertaga va indinga ham qo’llash zarurligini hammaga aytyapman. G’arbda urushdan charchashyapti, buni anglab turibman.

Bu urush nafaqat Ukraina, balki butun dunyo uchun sinov. Oziq-ovqat inqirozi, inflyatsiya shundan. Oziq-ovqat taqchilligi ortidan ocharchilik bo’lishi mumkin, bu haqda BMT bong urayapti, muzokaralar boshlangan. Dunyoga bu urush qimmatga tushayapti, lekin buning bahosi ukrainlarning erkin, demokratik jamiyatda yashash yo’lidagi talafotlari bilan teng emas. Ukrainlar insonlar hayotiga teng bo’lgan bahoni to’layapti. Shuni yoddan chiqarmang, deb so’rayman. Bu yerda Ukrainaning bosib olingan hududlarida kuzatilayotgan inson huquqlari buzilishlari, zo’rlangan ayollar, filtrlash lagerlari, deportatsiyaga uchragan ukrainaliklar haqida ham gapiraman. Negaki bularning barchasi xalqaro gumanitar huquq buzilishi bilan bog’liq. II-jahon urushidan keyin duch kelinmagan bir holat.

Bugungi chiqishimda shuni ta’kidladimki, hozir tirik qolish uchun kurash ketyapti. Chunki bizda [Ukraina hududida] allaqachon 32 jurnalist halok bo’ldi. Bu juda ko’p. To’qqiztasi ishini bajarayotganda o’ldirilgan. Bunday raqamlarni hech bir urush ko’rmagan.

Masalan, besh yil davom etgan urushlarda 5-6 jurnalist halok bo’lgani fojia deb qaralgan. Ukrainada mahalliy jurnalistlar qatori chet ellik jurnalistlar ham halok bo’lishyapti. Brent Reno qatorida italiyalik jurnalist, “Fox News” muxbirlari halok bo’ldi.

Mendan bu urush haqida so’rashganida shunday deyman: Bu jahonning bo’lajak modeli qanday bo’lishi yo’lidagi urush. Demokratiya g’olib bo’ladimi yoki diktatura va diktatorlar? Bu urush ko’plab mamlakatlarda vaziyatni o’zgartiradi. Ayrimlar da’vat etayotganidek, Rossiyaga bu vaziyatda “yorug’ yuz bilan qolish” imkoniyati berilsa, men uchun bu katta fojia bo’ladi. Shuningdek, Ukraina va butun jahon uchun. Chunki boshqa mamlakatlarni bosib olishni xohlaydiganlarga yo’l ochiladi. Demak, urush oqibati xavfsizlik bilan bog’liq vaziyatni o’zgartiradi. Ikkinchidan, bu mustaqillik uchun jang. Ukraina hozir yashab qolish, omon qolish uchun kurashyapti. Uchinchidan, men jurnalist sifatida bu urushni haqiqat va yolg’on o’rtasidagi urush deb bilaman. Bu juda muhim. Shuni bilamanki, haqiqat g’olib bo’ladi. Jang bizga qimmatga tushayapti, lekin aminmanki ertami-kech biz g’alabaga erishamiz.

Rivojlangan davlatlarga gapim: bizni yon berishlar orqali tinchlik bitimini imzolashga undamang. Hech kim bizchalik talafot ko’rayotgani yo’q. Ukrain xalqi bitim qanday bo’lishi haqida mulohaza yuritishga haqli.

Biz har kuni havo sirenalarini eshitamiz. Yoqimsiz, lekin odam ko’nikar ekan. Ilgari bunday tovush yangrashi bilan odamlar bunkerlarga kirib yashiringan bo’lsa, hozirda odatiy hayot tarzi davom etaveryapti. Odamlar xatardan ogohlantiruvchi bu tovushlarga xotirjamlik bilan qaraydi. Kiyevdan uchib ketishimdan oldin bir necha raketa shaharga tushdi, vagonlarni ta’mirlash zavodi vayron etildi. Xudoga shukr, bu safar hech kim o’lmadi. Shunday bo’lsa-da, shaharda yashash xavfsiz emas.

Nyu-Yorkda Erkin matbuot markazi ish boshladi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:53 0:00

Ukrainaga yon berishni taklif etayotganlarga deymanki, marhamat, siz o’z hududingizning 20 foizidan voz keching. Putin shuni istayotgani uchun. Bu masalaga ana shunday universal javobim bor. Bunday gaplarni eshitish men uchun dardli emas, balki achinarli. “Putinning jag’iga bir musht tushirilmasa”, u Ukrainada to’xtamasligi haqida tushuncha paydo bo’lishi kerak.

Qo’pol gapirayotganim uchun uzr, lekin tushuninglar men Qrimdanman. 2014-yil bu hol Qrimda ham yuz bergan. Qrim bosib olingani oqibatlari butun Qora dengiz hududi uchun xavf solishini o’shanda tushunganman. Qrimdan Putin harbiy baza sifatida, boshqa mamlakatlarga raketalarni uchirish, harbiylarini qayerlargadir yo’naltirish uchun foydalanadi deganman. Hozir undan baza sifatida foydalanyapti ham. Ertaga nishonda boshqa bir mamlakat bo’ladi. Chunki u sovet ittifoqini, imperiyani tiklamoqchi. Putin tinchimaydi.

Qurbonlar borasida tashvishdaman. Ham tinch aholi, ham harbiylar orasidagi qurbonlar. Qo’rqinchli raqamlarni eshityapmiz. Shuni anglash kerakki, birov o’ldirilishi ketidan u bilan bog’liq butun bir tarix yo’qoladi. Shuning uchun bu urushning qurbonlar doirasi ancha kengroq. Bu nafaqat halok bo’lganlarning o’zi, balki ularning ota-onasiz, farzandsiz qolgan qarindoshlari hamdir.

Men uchun ular bilan gaplashish - eng og’ir vazifa. Hududlardan voz kechish to’g’risida gapirayotganlar eng avvalo ana shu odamlarni o’ylasin. Jurnalistlar, siyosatchilar va ehtimoliy oziq-ovqat inqirozini emas. O’z farzandini, zurriyotini yo’qotgan ota-ona bilan gaplashishdan og’irroq hissiyot bo’lmasa kerak. Bu juda qo’rqinchli".

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG