Breaking News

Xitoy hukumati ayol jurnalistlarga tahdidlarda ayblanmoqda


Gongkong, 15-iyun, 2019
Gongkong, 15-iyun, 2019

Zo'ravonlik va tajovuz tahdidlari. Vatanni sotganlikda ayblashlar. Haqoratlar. Xitoyda siyosat va inson huquqlari bilan bog'liq masalalarni yoritayotgan ayol jurnalistlar uchun bu kundalik hol. Material chiqishi bilan onlayn do'q-po'pisalar yog'ila boshlaydi.

Xitoyning yetakchi jurnalistlari va tahlilchilari hukumat tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda uyushtirilgan hujumlar ostida, deya bildiradi Avstraliya strategik siyosat instituti. Unga ko'ra, Pekin ayniqsa yosh ayollarga bosim o'tkazmoqda.

Kanberrada joylashgan aql markazi bu ishlar ortida “Spamouflage” deb nomlangan guruh turganini gumon qilmoqda. Bu onlayn harakat Xitoy kommunistik partiyasiga aloqador bo'lib, oldin ham bunday hamlalarda ayblangan.

"Amerika Ovozi" bilan gaplashgan muxbirlar va sharhlovchilar deydiki, hukumatning maqsadi - mahalliy va xalqaro auditoriya ko'zi o'ngida va ongida ayol jurnalistlarga nisbatan ishonchni o'ldirish.

Xalqaro jurnalistlar federatsiyasi ham shunday xulosa qilmoqda. Tashkilot nazarida Pekin o'z nufuzini himoya qilish uchun matbuotni qo'rqitishni odat qilgan.

“Ayol jurnalistlar va faollar bu tahdidlardan to'yib, yo ijtimoiy tarmoqlarni tark etmoqda yo o'zini senzura qilmoqda", - deydi Mey Fong, "Human Rights Watch" inson huquqlari tashkiloti eksperti.

Fong deydiki, Pekin ayol mutaxassislarning intellektual ta'siridan hayiqadi, chunki ular jasoratli, hukumatdan qo'rqmay haqiqatni ayta oladi. Ekspertning o'zi ham muntazam tahdid ichida ishlaydi.

“Xitoy huumati bu harakatlarini tobora kuchaytirib, media makondagi xotin-qizlar uchun ahvolni yanayam qiyinlashtirmoqda”, - deydi Albert Jang, Avstraliya strategik siyosat instituti ilmiy xodimi.

“Men shaxsan bunday ta'qiblar ostida ishlashni tasavvur ham qilolmayman".

Hua Chunying, Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi, Pekin, 24-fevral, 2022
Hua Chunying, Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi, Pekin, 24-fevral, 2022

Xitoyning AQShdagi elchixonasi vakili Liu Pengyu "Amerika Ovozi"ning bu boradagi savollariga javob berar ekan, "Hukumatimiz ayollarga nisbatan har qanday tazyiqni qoralaydi. Biror isbot-dalilsiz davlatimizni bunday ishlarda hech kim aslo ayblay olmaydi", deydi.

“Xitoy chet el axborot vositalari va jurnalistlarini mamlakatda ishlashi uchun sharoit yaratib qo'ygan, lekin bu faoliyat qonunlarimiz va tartib-qoidalarga asosan olib borilishi kerak", - deydi diplomat.

“Xitoyga qarshi mafkuraviy nafrat kuchli. Matbuot erkinligi bayrog'i ostida yolg'on narsalar tarqatib, jurnalistik etikani buzgan holda ommani bizga nisbatanq qayrash".

"Twitter" boshqaruviga ko'ra, "Spamouflage" tekshiruv ostida va shu kungacha unga aloqador 400 dan ortiq akkauntlar tarmoqdan o'chirilgan.

Pekin tahdidiga uchraganlar orasida dunyoga tanilgan jurnalistlar, jumladan "The Wall Street Journal" gazetasidan Lingling Uei, "The Economist" nashridan Elis Su, "The New Yorker" jurnalidan Jiayang Fen, "The New York Times" gazetasidan Muyi Shiao bor.

“Bu borada ochiq gaplashadiganlar oz, chunki bu ular xavfni yanada oshirib, ular uchun hayotni murakkablashtiradi", - deydi Fong.

Xitoy hukumati matbuotga va huquq faollariga azaldan xurujlar qilib keladi, ammo vaziyatni yaqindan kuzatayotganlar qayd etishicha, Pekinning hozirgi kampaniyasi aynan xotin-qizlarni nishonga olishi bilan ajralib turadi.

Avstraliya strategik siyosat instituti "Twitter"da Xitoyni yoritadigan ayol jurnalistlarga qarshi kampaniya olib boradigan ko'plab hisoblarni aniqlagan.

Inson huquqlari himoyachisi Yaki Veng faoliyatini to'xtatmasa, jinsiy tajovuzga uchrashi mumkinligi, hayoti ostin-ustun bo'lishi haqida ogohlantirilgan.

“Dizinformatsion propagandaning bir qismi xotin-qizlar nomusiga tegish haqida qo'rqitish, shu tariqa ularni chetlashtirish, ularning ovozini o'chirishga urinishdan iborat. Achinarlisi, internetda bunday narsalarning auditoriyasi ham kattagina", - deydi Veng.

Onlayn zo'ravonlikka qarshi koalitsiya Xitoy hukumatini ayol jurnalist va blogerlarga tahdidlarni darhol to'xtatishga chaqirmoqda.

Berlindan axborot uzatadigan Melissa Chan, mustaqil muxbir, yillar davomida turli tazyiqlarni boshdan kechirganini aytadi.

“Seni zo'rlaymiz, o'ldiramiz, sen sotqinsan, jismoniy ko'rinishimga nisbatan haqoratlar... Eshitmagan narsam qolmadi. Har hafta, hatto har kuni, - deydi Chan.

“Bu bosimlar anonim akkauntlardan keladi, shuningdek, kimligini aniq odamlardan. Asosan "Twitter"dagi xitoyliklardan. Ayrimlari chet elda yashaydi, masalan AQShda".

Xitoy hukumati va ko'plab xitoyliklar fikricha, o'zi chiqqan mamlakatni yoki unga doir biror holatni tanqid qilish sotqinlik, deydi Chan. Shu bois tanqidchi jurnalistlar va blogerlarni xalq yoki davlat dushmani deb e'lon qilish oson va ta'sirli harakat, deydi u.

AQShning Xitoyga nisbatan siyosati, Gonkong, Tayvan, inson huquqlari va xitoyliklarga xos illatlar - bular Pekinni nafratga to'ldiradigan yoki sizga qarshi qaratadigan mavzular, deydi tazyiq bilan yuzlashgan mutaxassislar.

Chan Pekindan qo'rqmasligini aytadi. Tahdidlar unga kuch beradi.

“Xitoy kabi avtoritar tuzumlarning qora ishlarini fosh etish, xususan uyg'urlar, tibetliklar va boshqalarning haq-huquqlari toptalayotganini ko'tarishdan aslo to'xtamayman", - deydi u.

Avstraliya strategik siyosat instituti Xitoyning "Twitter"dagi kampaniyasini "raqamli texnologiya orqali xalqaro repressiya" deb atar ekan, "CNN" singari telekanallar Pekinni xorijiy jurnalistlarni haydayotganlikda qoralamoqda.

"Twitter" Xitoydan kelayotgan tahdidomuz tvitlarni birma-bir yo'q qilayotganini bildirsa-da, Chan va Fong kabi foydalanuvchilar nazarida hozirgi choralar yetmaydi. Ayol jurnalistlar va blogerlar har soat xavf ichida, aynan shu sabab bilan, deydi ular.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG