Breaking News

AQSh fermerlari Osiyo bilan yangi savdo kelishuvi imzolanishini kutmoqda


AQSh fermerlari yangi savdo kelishuvidan umidvor
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:13 0:00

Prezident Jo Bayden Osiyo davlatlari bilan yangi Tinch-Hind okeani iqtisodiy rejasini ishlab chiqishni taklif qilmoqda. AQSh fermerlari bu kelishuv ular uchun yangi bozorlarni ochishidan umidvor.

2016-yilgi saylov oldidan illinoyslik fermer Brayn Dankan AQSh va ko’plab Osiyo davlatlari o’rtasida tuzilgan Trans-Tinch okeani hamkorligi savdo kelishuvi uning mahsulotlari uchun talabni oshirishidan umidvor edi.

“Osiyoda cho’chqa go’shtiga talab katta. Dunyoning shu qismida savdomiz ko’paysa kerak degan katta umidlarimiz bor edi”, - deydi u.

Ammo Osiyo bilan tuzilgan bu kelishuv Amerika ishlab chiqaruvchilari uchun zarar, degan tanqidlar kuchaydi.

2016-yil respublikachi Donald Tramp prezident bo’lishi bilan kelishuvning amalga oshishiga oid umidlar butunlay chippakka chiqdi.

“Kelishuvning bir qismi Xitoyning o’sib borayotgan iqtisodiy ta’sirini cheklash hamda mintaqada AQShning ijobiy kuch sifatidagi mavqeini yaxshilash haqida edi. Bu mamlakatlar endi savdoda bizsiz oldinga ketishdi”, - deydi fermer.

Montanalik sobiq senator, ayni paytda Erkin savdo uchun fermerlar guruhi rahbari Maks Bokusning aytishicha, kelishuvdan chiqish orqali AQSh mintaqadagi yetakchiligini o’z ixtiyori bilan boy berdi.

“Xitoyga qarshi iqtisodiy muvozanatni o’rnatish muhim. Trans-Tinch okeani hamkorlik bitimidan maqsad shu edi”, - deydi u.

“Biz Bayden ma’muriyatini haqiqiy bozor imkoniyatlarini yaratish masalasida ko’proq ish qilishga undab kelyapmiz”, - deydi Illinoys fermerlar uyushmasi vakili Mark Gebhards.

Unga ko’ra, Prezident Jo Bayden may oyida e’lon qilgan Hind-Tinch okeani savdo rejasi shu maqsad yo’lida tashlangan to’g’ri qadam. Bu loyiha AQSh va mintaqaning 12 davlati – Avstraliya, Bruney, Hindiston, Indoneziya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Malayziya, Yangi Zelandiya, Filippin, Singapur, Tailand va Vyetnam o’rtasida iqtisodiy aloqalarni kuchaytiradi.

“Juda muhim mamlakatlar bozorining ochilishi biz uchun katta foyda. Ular qishloq xo’jaligi mahsulotlarimizga katta qiziqish bildirmoqda. Bizning dehqonlarimiz, a’zolarimiz uchun bu yerda to’g’ridan to’g’ri manfaat bor”, - deydi Gebhards.

U muzokaralar samarali kechishidan umidvor.

“Bayden ma’muriyatidan bozorlarni ochish masalasiga e’tibor qaratishini so’raymiz. Gaplashish muhim, birinchi qadamni tashlash yaxshi, lekin bizga aniq savdo kelishuvi kerak. Ayniqsa, Ukraina ixtilofi va bugun dunyoda turli voqealar yuz berayotgan bir paytda”, - deydi fermerlar uyushmasi rasmiysi.

“Hechdan ko’ra kech yaxshi. Shundan umidvorman”, - deydi Dankan.

Oq uyga ko’ra, kelishuvga qo’shilayotgan 12 davlat jahon yalpi ichki mahsulotining 40 foizini tashkil qiladi.

“Dunyo aholisining 60 foizi shu mintaqada yashaydi va ular soni tez o’sib boryapti”, - deya qo’shimcha qiladi fermer Brayn Dankan.

Hozircha u bekor qilingan avvalgi savdo kelishuvi o’rniga yangisi paydo bo’lishini kutyapti.

“Yana umid paydo bo’ldi. Xalqaro savdoning ahamiyati amalda namoyon bo’lyapti”, - deydi fermer.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG