Breaking News

Putin Markaziy Osiyo safaridan nimalarni ko'zlamoqda?


Rossiya Prezidenti Vladimir Putin (o'ngdan ikkinchi) Turkmanistonda Kaspiy davlatlari sammitida qatnashmoqda, 2022-yil, 29-iyun.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin (o'ngdan ikkinchi) Turkmanistonda Kaspiy davlatlari sammitida qatnashmoqda, 2022-yil, 29-iyun.

Rossiya rahbari Vladimir Putin Markaziy Osiyo bo’ylab hamkorlikka doir muzokaralarini davom ettirar ekan, O’zbekistondagi firmalardan biri taqiq ostidagi Rossiya kompaniyasi bilan hamkorlik qilgani uchun AQShning ikkilamchi sanksiyasiga yo'liqdi.

29-iyun kuni Putin Markaziy Osiyodagi muzokaralarini Turkmanistonda, sobiq va amaldagi prezidentlar bilan o'tkazilgan uchrashuvlarda davom ettirdi.

Kaspiy davlatlari sammiti mezbonligini qabul qilgan Turkmanistonda sobiq prezident Qurbonguli Berdimuhammedovning tug’ilgan kuni ham nishonlanmoqda.

Katta Berdimuhammedovni sammitda qatnashayotgan prezidentlardan tashqari qo’shni davlatlar yetakchilari, jumladan, O'zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev ham tabriklagan.

Sammitda qatnashayotgan prezidentlar, jumladan, Putin, To’qayev va Aliyev ayni paytda Turkmaniston parlamentiga rahbarlik qilayotgan Qurbonguli Berdimuhammedov bilan uchrashgan, unga esdalik sovg’alari topshirishgan.

Ashxobodda Kaspiy sammitidan tashqari Putin bilan ikki tomonlama muzokaralar ham o’tgan. Otasidan keyin prezidentlikka kelgan Sardor Berdimuhammedov Rossiya yetakchisi bilan o’zaro aloqalar, savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish haqida gaplashgan.

Turkmanistondagi muzokaralar Vladimir Putin uchun Markaziy Osiyo safaridagi ikkinchi uchrashuv; bir kun avval u Tojikistonda Imomali Rahmon bilan muloqot qilgan edi.

G’arb sanksiyalari ostidagi Rossiya Prezidenti Putinning Markaziy Osiyoga safari, mintaqa davlatlari bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni muhokama qilayotgani O’zbekistondagi firmaning ikkilamchi sanksiyalarga uchrashi barobarida kuzatilmoqda.

“Amerika Ovozi” O’zbekistondagi "Promcomplektlogistic" mart oyidan beri Rossiyadagi "Radioavtomatika" kompaniyasiga sanksiyalarni chetlab o'tishda yordamlashib kelayotgani, Rossiyaga elektronik qismlar, xususan, mikrosxemalar yetkazib bergani haqida xabar bergan edi.

"Promcomplektlogistic" xususiy kompaniyasining qora ro'yxatga kiritilishi dunyo bo'ylab tijoratchilarga saboq va ogohlantirish bo'lsin: sanksiyalangan firma, tashkilot yoki shaxs bilan biznes qilsangiz, o'zingiz ham sanksiya bilan yuzlashasiz", - deyiladi AQSh Davlat departamentining bu boradagi bayonotida.

Rasmiy Toshkent hozircha O’zbekiston korxonasi sanksiyalarni chetlab Rossiya bilan qanday hamkorlik qilgani , umuman sanksiyalar sharoitidagi iqtisodiy hamkorlik qanday davom etishi yuzasidan biror munosabat bildirganicha yo’q.

Sharhlovchilar Vladimir Putinning Tojikiston va Turkmanistondagi muzokaralari sanksiyalar ostidagi Rossiya iqtisodiyoti bilan hamkorlikni yo’lga qo’yish, sanksiyalarni aylanib o’tishda, zarur import mahsulotlarini qo’lga kiritishda mintaqa davlatlaridan foydalanishga qaratilganini aytmoqda.

Mintaqa davlatlarining bu boradagi pozitsiyasi esa, Qozog’istonni inobatga olmaganda, mavhum. O’zbekistonda ham, Putin muzokaralar o’tkazgan Turkmaniston va Tojikistonda ham bu masalada biror pozitsiya hozircha ochiqlanmagan.

Mintaqa davlatlaridan faqat Qozog’iston Rossiya bilan hamkorlikda sanksiyalar tartibi buzilmasligini bildirdi. Prezident To’qayev rus matbuotga bergan intervyusida buni alohida ta’kidlagan, Qozog’iston ikkilamchi sanksiyalarga uchrash niyatida emasligini aytgan edi.

Putinning Tojikistondagi muzokaralari natijasi qanday bo’lishi hozircha no’malum, Turkmaniston bo’yicha ham xuddi shunday.

Ammo turkman faollari rasmiy Ashxobod sanksiyalarni chetlab o'tishiga, siyosiy vaziyat bo’yicha biror harakat qilishiga shubha bilan qaraydi; bu Turkmanistonning neytrallik maqomi bilan bog’liq ko’riladi.

“Turkmaniston rahbariyati neytrallik maqomi bilan jiddiy faxrlanadi, ayniqsa, gap geosiyosiy ziddiyatlar haqida ketganda biror bayonot, munosabat kutmaslik kerak. Albatta, Sardor Berdimuhammedov Putin qabulida bo’lib keldi. Ammo bu rasmiyatchilik uchun, yangi prezidentni Putin ko’rigidan o’tkazish uchun qilingan safar edi xolos. Shunga qaramasdan, Ashxobod Ukraina atrofidagi siyosiy vaziyatga aralashmaydi, chunki neytrallik mamlakatdagi diktaturani muhofaza qilib kelayotgan asosiy ustunlardan biri”, - deydi xorijdagi turkman faollaridan biri, jurnalist Ruslan Myatiev.

Londondagi Markaziy Osiyo instituti tadqiqotchisi Alisher Ilhomov Putinning Markaziy Osiyoga safaridan asosiy maqsadni sanksiyalarni chetlashda yordam beruvchi hamkorlar topishda ko’radi.

Uning ta’kidlashicha, ayni paytda Rossiya iqtisodi o’ta og’ir ahvolda. Putin bu vaziyatdan chiqish uchun mintaqa rahbarlari bilan parda ortidagi muzokaralarda nafaqat aylanma iqtisodiy hamkorlik, balki Ukrainadagi urush uchun lozim bo’lgan harbiy ko’mak masalasini ham muhokama qilgan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG