Breaking News

O’zbekiston: Narx-navo oshar ekan, bozor ustidan nazorat kuchaymoqda


O’zbekiston prokuraturasi oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun kurash boshlagan, aholi xavotirga tushmaslikka chaqirilmoqda.

Prokuratura hozirgacha oziq-ovqat xavfsizligiga tahdid solish aybi bilan 187 ta jinoyat ishi ochgan. Bu haqda Bosh Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti boshlig’i Dilshod Rahimov Toshkentda o’tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Departament boshlig’i jinoyat ishlari tafsilotini ochiqlamagan, ammo bu oziq-ovqat xavfsizligi tizimiga tahdid yaratish bilan bog’liqligini ta’kidlagan.

O’zbekistonda oziq-ovqat mahsulotlari, birinchi navbatda non, un, shakar bahosining oshishi jiddiy muammo bo’lib turibdi.

Hukumat narx-navoning keskin o’sishini dunyo bozoridagi vaziyat, shuningdek, non va un mahsulotlari ishlab chiqarishga nisbatan imtiyozlar bekor qilingani bilan izohlagan edi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev avvalroq iste’mol mahsulotlari narxini tartibga solish, un va yog’ kabi mahsulotlar eksportini taqiqlash, 20 dan ortiq oziq-ovqat mahsulotlari importi uchun bojxona to’lovini vaqtincha bekor qilish bo’yicha farmon imzolagan edi.

Non nega qimmatlashdi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:13 0:00

Mamlakatdagi keskin inflyatsiya nafaqat un, balki barcha iste’mol mahsulotlariga tegishli. Bozorlarda kam ta’minlangan aholi uchun arzon narxdagi oziq-ovqat mahsulotlari sotuvi yo’lga qo’yilgan.

Bu mamlakatda anchadan buyon kuzatilmagan holat oziq-ovqat mahsulotlari uchun navbatlarni yuzaga keltirdi, aholi noroziligini oshirdi.

Hukumat mamlakatda bug’doy, un zaxirasi yetarli ekanini ta’kidlayapti. Un zavodlari bo’ylab press-turlar tashkil qilinmoqda, aholi xotirjamlikka chaqirilmoqda.

Mirziyoyev narx-navoning keskin oshishiga diqqat qaratgan, bu nafaqat bozor, balki “jilovning qo’ldan chiqarib” yuborilayotgani bilan ham bog’liqligini ta’kidlagan edi.

“Albatta, narx-navoning o‘sishiga jahon bozorlarida bug‘doy narxi 50 foizga, o‘simlik yog‘i 33 foizga, shakar 14 foizga, neft 47 foizga oshgani bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda. Bunday sharoitda hokimlar barcha ichki imkoniyatlarni safarbar etib, bozorlarni mahsulotlar, eng muhimi — oziq-ovqat bilan to‘ldirish uchun ikki karra ko‘proq ishlashlari shart. Lekin ko‘p hokimlar narx-navoga e’tibor qilmasdan, jilovni qo‘lidan chiqarib yuborgan”, - degan edi prezident shu oy boshida o’tgan hukumat yig’ilishida.

Rossiyaning Ukrainaga urushi O’zbekiston iqtisodiga ham jiddiy ta’sir qila boshlagan. Bu nafaqat oziq-ovqat mahsulotlari, balki sanksiyalar ostidagi Rossiya iqtisodi cho’kayotgani bilan ham bog’liq ko’riladi.

Iqtisodiy rivojlanish ko’rsatkichlari bilan shug’ullanuvchi “S&P Global Ratings” agentligi buning sababini eksport va import bo’yicha Rossiya O’zbekistonning birinchi raqamli iqtisodiy hamkori ekanligi, mehnat muhojirlari yuborayotgan mablag’lar kamayishi bilan izohlagan.

Oziq-ovqat mahsulotlari, xususan non, un, o’simlik yog’i, shakar narxi oshishiga doir O’zbekistondagi vaziyatga nazar tashlansa, hukumat muammoni mahalliy mahsulot, bozorni nazorat qilish, narx-navoni jilovlash bilan yechishga urinayotgani kuzatiladi.

Prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi Departament boshlig’i Dilshod Rahmatovga ko’ra, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun bozor o’rganilmoqda, mahsulotlar arzon hududlardan qimmat hududlarga taqsimlanmoqda, narxni sun’iy oshirganlarga nisbatan tegishli choralar ko’rilmoqda.

Mamlakatda qolipli non, un narxi keskin oshishi jiddiy munozaralar keltirib chiqargan. Ayrim tahlilchilar buni hukumat bu mahsulotlarga nisbatan imtiyozlarni bekor qilgani, narx-navo erkinlashgani, bozorni shakllantirish lozimligi bilan izohlashgan edi.

Oziq-ovqat mahsulotlari bilan bog’liq so’nggi vaziyat, jumladan, Bosh prokuratura ishtirokida brifing tashkil qilingani, narxlarni sun’iy oshirishga doir jinoyat ishlari ochilayotgani bozor ustidan nazorat jiddiy kuchaytirilayotganidan darak beradi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG