Breaking News

IIV: Qoraqapog'istonda noqonuniy chiqishlar to'xtatilib, tartib tiklandi


Nukus, Qoraqalpog'iston, 1-iyul, 2022 (Makan.uz)

O'zbekiston hukumati Qoraqalpog'istonda o'tgan kunlar ichida yuzaga kelgan taranglik, xususan omma orasida Toshkentga nisbatan norozilik hissi sezilayotgani borasidagi xavotirlarga munosabat bildirdi.

Ichki ishlar vazirligining tasdiqlashicha, 1-iyul kuni soat 15.00 lardan boshlab, Nukus shahrida ayrim fuqarolar, "respublikamizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarni noto‘g‘ri talqin qilishlari oqibatida, kutilmaganda ko‘cha yurishlarini tashkil qilgan." Nukusning Markaziy dehqon bozorida xaloyiq namoyishlar uyushtirgan.

Vazirlikning qayd etishicha, hududda tartibbuzarliklarning oldini olish maqsadida xavfsizlik organlarining kuch va vositalari safarbar etilgan.

"Hozirda jamoat tartibi tiklanib, fuqarolarning qonunbuzarlik holatlariga yo‘l qo‘ymasliklari va barcha murojaatlari o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqilishi bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borilmoqda", - deyiladi vazirlik bayonotida.

Guvohlar, namoyishchilar va kuzatuvchilarning ijtimoiy tarmoqlarda bildirishicha, Qoraqalpog'istonda O'zbekiston bosh qomusini yangilanayotgani muhokama qilinar ekan, asosiy e'tibor avtonomiya bilan bog'liq bandlarda.

O'zbekiston konstitutsiyasining yangi loyihasida Qoraqalpog'istonga doir moddalarning aksariyati yangilangan, jumladan suverenitet haqidagi qismi olib tashlangan. 1992-yilda qabul qilingan amaldagi konstitutsiyada Qoraqalpog'iston xalqi referendum orqali hududni O'zbekiston tarkibidan chiqarish huquqiga ega.

O'zbekiston konstitutsiyasining yangi loyihasida Qoraqalpog'iston xususida nima deyiladi?
O'zbekiston konstitutsiyasining yangi loyihasida Qoraqalpog'iston xususida nima deyiladi?

O'zbekistonning yetakchi axborot sayti Kun.uz amaldagi va kutilayotgan o'zgarishlarni quyidagicha bayon etgan:

Telegramda Qoralpog'iston yangiliklarini yorituvchi Makan.uz Nukusda katta sonda odamlar ko'chaga chiqqani, mitinglar olib borayotganini aks ettiruvchi tasvirlarni ulashdi.

Telegramda NEXTA Live tarqatgan videolarda Qoraqalpog'istonda oxirgi kunlarda internet cheklanganidan norozi odamlar yig'ilgani da'vo qilinadi.

Qozog'istonda yil boshida kuzatilgan g'alayonlar, Ukrainadagi urush, Rossiya agressiyasi va xalqaro maydondagi boshqa keskinliklar va ziddiyatlarni kuzatib kelayotgan o'zbekistonliklar dunyoning qayerida bo'lmasin, Qoraqalpog'istondagi voqealarni qo'rqinch bilan kuzatayotganini aytib, ijtimoiy tarmoqlarda turli postlar orqali o'z mulohazalarini baham ko'rmoqda.

O'zbekistonda bosh qomus yangilanishini targ'ib qilayotganlar Qoraqalpog'istondagi reaksiyaga nisbatan nima deydi va tuzatishlarni ularga qanday tushuntiradi?

Toshkentdan siyosiy fanlar doktori Sayfiddin Jurayev yozishicha, konstitutsiya yangilanishi bilan Qoraqalpog‘iston uchun hech narsa o‘zgarmaydi.

"Qoraqalpog‘istonning o‘zining parlamenti – Jo‘qorg‘i Kengesi saqlanib qolmoqda, respublika maqomi o‘zgarmayapti, o‘z hududi, Vazirlar kengashi, tili, davlat gerbi, bayrog‘i, Konstitutsiyasi, parlamenti va boshqa vakolatlari saqlanib qolmoqda... Qoraqalpog‘istonning biror-bir huquqi yoki imkoniyatlari amalda cheklanmayapti".

Murat Kamalov, Qoraqalpog'iston Jo‘qorg‘i Kengesining raisi, avtonomiya rahbari
Murat Kamalov, Qoraqalpog'iston Jo‘qorg‘i Kengesining raisi, avtonomiya rahbari

Jurayevning tahlilicha, loyihada Qoraqalpog‘istonga barcha huquqlar, vakolatlar va erkinliklar kafolatlanadi.

"Xususan, o‘zgartirishlar Qoraqalpog‘iston Respublikasining ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy, innovatsion jihatdan har tomonlama rivojlanishi uchun zarur moliyaviy, moddiy, tashkiliy-texnik va boshqa shart-sharoitlarni yaratish kafolatlarini beradi".

1-iyul kuni Qoraqalpog'iston parlamenti raisi Murat Kamalov Nukusda namoyishchilar bilan uchrashgan. Kamalov bu lavozimda avtonomiya rahbaridir.

U yurtdoshlarini bosh qomusga taklif qilingan o'zgarishlardan xavotirlanmaslikka undagan va yangi konstitutsiya Qoraqalpog'iston maqomini o'zgartirmasligini aytgan.

Uning gaplarini eshitgan manbalarga ko'ra, Kamalov Toshkent biror jihatdan avtonomiyaning erkinliklari va ravnaqi cheklamasligini ta'kidlagan.

Kamalov xavfsizlik organlaridan chiqqan. Parlament raisi etib saylanishidan oldin u Davlat xavfsizlik kengashining Qoraqalpog'istondagi rahbari edi.

Otasi Qallibek Kamalov Sovet davrida, 1963-1984 yillarda, Qoraqalpog'istonni boshqargan.

Nukusda noqonuniy chiqishlar uyushtirganlikda ayblanib, bir necha fuqaro hibsga olingani haqida ma'lumotlar bor, biroq hukumat hali buni tasdiqlamagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG