Breaking News

Savitskiy muzeyi va undagi javohirot Qoraqalpog'iston, O’zbekiston xalqinikidir


O'rol Tansiqboyevning "Qizil kuz" asari (1931-yil)
O'rol Tansiqboyevning "Qizil kuz" asari (1931-yil)
G’arbda tillarda doston Savitskiy muzeyi va undagi qariyb 90 ming bebaho asar Qoraqalpog’iston va O’zbekiston xalqi mulkidir. "Uni asrab-avaylashda davom etamiz", - deydi muzey direktori Marinika Babanazarova, "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.

Marinika Babanazarova va uning qo’li ostidagi muzey haqida gap ketganda G’arb san’at shaydolari yuzida chuqur ehtirom, havas ifodasi paydo bo’ladi. 25 yildan oshibdiki, istarali, fozil va dadil ayol Qoraqalpog’istonda Savitskiy nomli san’at muzeyini yuritadi.

"Sahrodagi Luvr" deb ham atalmish bu dargoh rahbari shu kunlarda Yevrosiyo fondi yordami bilan Amerikada malaka oshirmoqda.

Marinika Babanazarova har bir intervyu, ma’ruza, suhbatda muallimi va do’sti, Nukus muzeyi asoschisi Igor Savitskiyni eslaydi. Sovetlar davrida unutib, xor qilingan, lekin bugun qiymati millionlab dollarni tashkil etadigan nodir merosni qutqarib qolgan – ana shu inson edi, deydi u.

Rus zodagonlari oilasidan chiqqan, biroq yonida hemiri yo’q Igor Savitskiy noma’lum yoki taqiqlangan, Stalin va undan keyingi davrda bosimga uchragan ustalarning asarlarini to'playdi. Qoraqalpog'iston KGBning temir panjasidan uzoq bir yer edi. 1917-yildagi qizil inqilobdan keyin u yerlarga ishlash uchun yuborilgan Savitskiy mahalliy madaniyat va san'atga oshiq bo'lib qoladi. Rossiyaga qaytmaslikka ahd qiladi.

U qutqarib qolgan 40 ming asar orasida rus avangardi, sotsialist realizm namunalari bo’lib, kattaligi jihatidan Sankt-Peterburgdagi kolleksiyadan keyin ikkinchi o’rinda turadi.

Savitskiy va u asos solgan muzey haqida 2010-yilda hujjatli film (Desert of Forbidden Art) ishlangan. Amerika kino ustalari Amanda Poup va Chavdar Georgiyev dunyo ahlini O’zbekiston sahrosida yashiringan javohirot haqida ogoh qildiyu sayyohlar yog’ilib kela boshladi.

Marinika Babanazarovaning aytishicha, Savitskiyning orzusi ro’yobga chiqdi. “Bir kunmas-bir kun Parijdan qidirib kelishadi bizni, der edi u”, - deydi xonim.

“Savitskiy qoraqalpoq madaniyatining ixlosmandi edi. Xorazm arxeologik ekpeditsiyasi doirasida Qoraqalpog’istonga ilk bor 1950-yilda safar qilgan. Oradan yetti yil o’tib, mintaqaga bir necha ekpeditsiyada qatnashib, Moskvadagi hayotidan kechgan va shu yerda muqim qolgan. Buni eshitgan odamlar bugun hayron qoladi. Muzey, to’plamlarga boy Moskvani chekka, qoloq bir yerga alishish mumkimi, deya taajjublanadi ular. Lekin Savitskiy qoraqalpoq xalqi, madaniyatiga oshiq edi. Bunaqangi go’zallikni avval uchratmagan edi. To’g’ri, olis manzilda, birovning ko’rsatma va buyrug’isiz, tinchgina ishlash imkonini izlagandir u, deb o’ylashi mumkin ba’zilar. Mana shu o’lkaga, dashtiga, Xorazm me’morchiligiga ishqi tushgan edi uning. U paytlarda qoraqalpoq yurti haqida ko’pam bilmasdi dunyo. Mahalliy xalq Savitskiyni hurmat qilar edi. Chunki rassom bu elatga o’z san’ati, tarixini ochib berdi, hisob. O’zaro ehtirom kuchli edi”, - deydi Babanazarova.
Bir kunmas-bir kun Parijdan qidirib kelishadi bizni, der edi u.

Savitskiy ko’pincha oilalarga “Sizga shuncha pul qarzdorman. Igor Savitskiy” deya tilxat yozib qoldirar, rulon-rulon rasmlarni qo’ltiqlab ketar edi.

“1984-yilda, umri oxirida, uning qarzi 1,5 million rublni tashkil etgan va yana uzoq yillar muzey xodimlari ana shuni uzib yurgan”, - deydi Marinika Babanazarova.

“Rassomlarning nevara-chevaralari kelib, haqqini talab qilgan paytlar bo’ladi. Yaqinda taniqli mo’yqalam sohibi Aleksandr Shevchenkoning evarasi keldi. Lekin biz har bir rasm uchun avval to’lab qo’yganmiz, biror narsani musodara qilgan emasmiz. Bugungi narxlar bilan qiyoslaganda qanchalik kulgili va arzimas bo’lmasin, kelishilgan haq edi. O’sha damlarda bu rasmlar bilan hech kimning ishi yo’q edi va Savitskiy ularni xarid qilib aslida oilalarga yordam berayotgandi. Birgina muammo – qarz qismlab uzildi, ancha yillar ketdi bunga. To’g’ri, bugun Rossiyadan ko’plar kelib, egalik qilmoqchi bo’ladi, lekin qo’lidan biror ish kelishi gumon. Chunki bari endi O’zbekiston mulki”, - deydi muzey rahbari.

Savitskiy muzeyi rahbari Marinika Babanazarova bilan suhbat
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:31 0:00
Yuklab oling

G’arblik mehmonlar nazarida Savitskiy muzeyi mamlakatda eng zamonaviylaridan. Xodimlari g’oyat malakali, buyumlarni saqlash uchun qulay sharoit bor, kafe va sovg’a-salom do’koni ishlab turibdi.

“Bino xavfsizligiga kelsak, hatto G’arbdagi eng sara muzeylarga o’g’ri tushib turadi. Yaratgan bizni panohida asrar”, - deydi Babanazarova.

“Bugun sahroning o’rtasida shunday javohirotni saqlash yaramaydi, katta shaharga, hatto Yevropaga ko’chirish kerak uni, deydiganlar topiladi. Biroq men bu fikrga mutlaqo qo’shilmayman. Savitskiy muzeyini birovga berib qo’yadigan odam yo’q”.
Rassomlarning nevara-chevaralari kelib, haqqini talab qilgan paytlar bo’ladi. Lekin biz har bir rasm uchun avval to’lab qo’yganmiz, biror narsani musodara qilgan emasmiz.

Mutaxassis jamiyatni san’at haqida ogoh qilish, ma’rifatli qilish zaruratini tushunadi.

“Chunki sayyohlar kelib, mamlakat ahli muzeyning ahamiyatini qanchalik anglaydi, deb tez-tez so’raydi. Bu jihatdan hukumatdan va xorijdan madad olamiz, chekka joylarga borib, ko’chma ko’zgazmalar tashkil qilamiz, toki odamlar bilsin naqadar merosi bebaho ekanini. Internet, televideniye, boshqa aloqa cheklangan qishloqlarga borib, jahon san’atidan so’zlaymiz, bolalarga bilim ulashamiz”, - deydi u.

Marinika Babanazarovaning aytishicha, bugun muzeyda zamonaviy qoraqalpoq musavvirlarining asarlari bor. Lekin oxirgi paytlarda rasm xarid qilmay qo’ygan, chunki bugun muzeylarni moliyalash uslubi butkul boshqacha.
Marinika Babanazarova, Nukus muzeyi rahbari, Bill Meyns mukofoti sohibasi
Marinika Babanazarova, Nukus muzeyi rahbari, Bill Meyns mukofoti sohibasi

“Davlat faqat maosh, bino xavfsizligi, remont kabilar uchun mablag’ ajratadi, qolgani esa muzey ma’muriyatining bo’ynida. Restavratsiyaga muhtoj o’nlab rasmlar navbatini, reklama va noshirlik kabi masalalar yechimini kutar ekan, biz avvalo ana shular haqda qayg’urishimiz kerak. Shu bois kolleksiyalarni boyitish, yangilarini xarid qilish muammoli masala”, - deydi u.

Muzey va kolleksiya, deydi Babanazarova, yuridik jihatdan davlatga qarashli.

“Savitskiy barcha asarlarni davlatning puliga xarid qilgan va mazkur meros Qoraqalpog’iston va O’zbekiston xalqining mulki ekani shubhasiz”.

Ikki yil oldin O’zbekiston, Amerika elchixonalari va Smitson instituti yordamida muzeyda seminarlar o’tkazildi. Asarlarni saqlash, restavratsiya qilish, boshqaruv kabilar haqida bilim almashildi. Seminarlar nafaqat Nukusda, balki O’zbekistonning boshqa shaharlaridagi muzeylarda ham tashkil qilindi.

Marinika Babanazarova hamkorlik davom etadi degan umidda.

Savitskiy muzeyi rahbari bilan suhbat/Savitsky Museum in Nukus
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:41 0:00
XS
SM
MD
LG