Breaking News

Rasman: Qoraqalpog'istondagi g'alayonlarda 18 fuqaro o'lgan, 516 kishi ushlangan


Nukus, Qoraqalpog'iston

O'zbekiston Milliy gvardiyasi va Bosh prokuraturasiga ko'ra, Qoraqalpog'istonda 1−2 iyul kunlari sodir etilgan tartibsizliklarda 18 kishi halok bo‘lgan, 243 kishi yaralangan.

Jarohatlanganlarning 38 nafari huquq-tartibot xodimlari, deydi rasmiylar, aksariyati fuqarolar. Ulardan 149 nafari uyda, qolganlari kasalxonada. Og'ir yaralanganlar ham bor.

Hibsga olinganlar - 516 nafar. Ulardan 200 dan ziyodi surishtiruvdan so‘ng ma’muriy jazo qo‘llanilgan holda qo‘yib yuborilgan.

Milliy gvardiyaning bildirishicha, Qoraqalpog‘istonda favqulodda holat tartibini buzganlikda ayblanib, 4-iyulga o‘tar kechasi 110 kishi qo‘lga olingan. Aynan Nukusda 58 kishi ushlangan.

Ijtimoiy tarmoqlarda chiqishlar davom etsin, deya undayotganlar bor. Hukumat odamlarni tinchlik saqlashga va favqulodda holat qoidalariga bo'ysunishga chaqirmoqda.

Bu orada Toshkentda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yangi konstitutsiya Qoraqalpog‘iston bilan bog'liq moddalarni o‘zgarishsiz qoldirish uchun ovoz bergan.

Shu tariqa parlamentning quyi palatasi 2-iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Nukusdan qilgan taklifni rasman tasdiqladi.

Asosiy qonunda mintaqa maqomiga doir 70, 71, 72, 74 va 75-moddalar o‘zgartirilmaydi. Qoraqalpog'iston O'zbekiston tarkibidagi suveren respublika degan maqomda qoladi.

Mirziyoyev 2-3 iyul kunlari Qoraqarpog'iston aholisi bilan muloqot qilgan. Respublika aholisini u xavotirlanmaslikka va birdamlikka undagan.

Prezident Qoraqalpog'istondagi g'alayonda xorijiy kuchlarning ishtiroki borligiga ishora qilgan, ammo biror davlatni tilga olmagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG