Breaking News

O’shlik jurnalist: “O’zbekistonlik yo’lovchilar muammosini yoritganim uchun tahdidlar bo’lmoqda”


Qirg'iziston-O'zbekiston: Shohruh Soipov nega tahdid ostida?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:55 0:00

Qirg'iziston-O'zbekiston: Jurnalist Shohruh Soipov nega tahdid ostida?

Oʻshlik jurnalist Shohrux Soipov oʻziga nisbatan oxirgi kunlarda turli tahdidlar boʻlayotganini bildirdi. Soipov “Amerika Ovozi” bilan suhbatda, tahdidlar u Oʻsh aeroportidagi va “Doʻstlik” chegara postidagi taksi haydovchilarining oʻzbekistonliklarga nisbatan zoʻravonliklari boʻyicha aytib chiqqandan, shu kungacha davom etayotganini aytdi. Oxirgi kunlarda esa bu tahdidlar yana ham koʻpaygan.

“Meni millatlararo nizo qoʻzgʻashda, provakatsiya uyushtirishda va ataylab vaziyatni izdan chiqarish maqsadida bu muammoni koʻtarayotganlikda ayblab, asosan ijtimoiy tarmoqlar orqali tahdidlar, haqoratlar boʻlmoqda. Shuningdek, yaqinlarim orqali mening telefon raqamimni, yashash manzilimni soʻrash holatlari ham boʻlyapti ekan”, — deydi Soipov.

Qirgʻiziston orqali Rossiya yoki boshqa xorijiy davlatlarga samolyot bilan borish Oʻzbekistondagi narxlarga qaraganda arzon boʻlgani sabab, aksariyat oʻzbekistonliklar “Doʻstlik” chegarasidan oʻtib, Oʻsh aeroportidan uchadilar. Ammo “Doʻstlik”dan aeroportgacha yoki aeroportdan “Doʻstlik” chegarasigacha borish vaqtida oʻzbekistonliklar ayrim muammolarga duch kelishmoqda.

"Do'stlik" chegara punkti, O'sh, Qirg'iziston
"Do'stlik" chegara punkti, O'sh, Qirg'iziston

Ularga taksi haydovchilari tomonidan qoʻpol munosabat qilinayotgani, yoʻl haqqining qimmatligi va yoʻlovchiga tanlov huquqi berilmayotgani aytib kelinadi. Mazkur muammo yuzasidan Oʻzbekiston fuqarolari ijtimoiy tarmoqlar orqali bir necha bor shikoyat qilishgan.

Shohrux Soipov ham bu kabi vaziyatga bir necha bor shaxsan guvoh boʻlgan va bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda yozgan. 21-iyulda Oʻsh aeroportida taksi haydovchilari bilan boʻlgan kelishmovchiligi haqida yozgan posti sabab, 4-avgustda Oʻsh viloyat Ichki ishlar boshqarmasiga soʻroq berib chiqqan.

Jurnalist Sherzod Yusupov ham bu masalani yaqindan oʻrganib, oʻzbekistonlik yoʻlovchilar va taksi haydovchilari bilan suhbatlashgan.

“Bu muammoning yechimi aslida oddiy, barcha qonunga amal qilishi kerak”, — deydi Yusupov “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

Shohruh Soipov, mustaqil jurnalist
Shohruh Soipov, mustaqil jurnalist

Oʻsh viloyat Ichki ishlar boshqarmasining matbuot kotibi Jenish Ashirbayevning aytishicha, hozirda bu masala boʻyicha tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

“Oʻsh aeroportidagi taksi xizmatini koʻrsatgan ayrim fuqarolarga nisbatan Oʻzbekiston fuqarosi tomonidan shikoyat qilingan edi. Hozir bu masala boʻyicha tergov ishlari olib borilmoqda. 100 nafardan ortiq taksi haydovchilari militsiyaga chaqirilib, tergov qilinmoqda. Shuningdek, Oʻsh aeroporti hududida jamoat tartibini kuchaytirish maqsadida qoʻshimcha kuchlar jalb qilingan. Ular 24 soat davomida jamoat tartibini nazorat qiladi”.

Ashirbayevning qoʻshimcha qilishicha, aeroportda koʻchma qabulxona tashkil qilingan boʻlib, bu yerda har bir yoʻlovchining shikoyati qabul qilinib, daʼvolar oʻrganib chiqiladi.

Jurnalist Shohrux Soipov oʻziga nisbatan boʻlayotgan tahdidlar yuzasidan ichki ishlar boshqarmasiga ariza bilan murojaat qilmoqchi. Shu bilan birga u mazkur muammo hal boʻlib, vaziyat ijobiy tomonga oʻzgarmaguncha muammoni yoritishda davom etishini aytdi.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG