Breaking News

Qirg’izistonda matbuot erkinligiga tahdid bormi?


Bishkekdagi norozilik namoyishi paytida, 23-yanvar, 2022-yil
Bishkekdagi norozilik namoyishi paytida, 23-yanvar, 2022-yil

Qirgʻizistonda jurnalistik surishtiruvlarni olib borgan Boʻlo’t Temirovning qoʻlga olinishi mamlakatda soʻz va matbuot erkinligi masalasini yana kun tartibiga olib chiqdi.

Qirg’izistonda matbuot erkinligiga tahdid bormi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:13 0:00

Bishkek va Oʻsh shaharlarida jurnalistni ozod qilish talabi bilan tinch namoyishga chiqqanlar bu voqea zamirida matbuot erkinligini cheklash va jurnalistlarni qoʻrqitish istagi mavjud deb hisoblashmoqda.

Nima boʻlgan edi?

22-yanvar kuni Bishkek shahar giyohvand moddalarga qarshi kurash xizmatining oʻnlab xodimi Boʻlo’t Temirov rahbarligidagi “Temirov LIVE” kanalining surishtiruvchi jurnalistlari ofisiga bostirib kirib, ularni polga yotqizib, tintuv oʻtkazgan.

Besh soatlik tergov amallaridan keyin surishtiruvchi jurnalist Boʻloʻt Temirovni qoʻlga olib, ofisdan kuch bilan olib chiqib ketishgan. Shu bilan birga huquq tartibot idoralari ofisdan kompyuter uskunalari, hujjatlar, video nazorat kameralari yozuvlari ham olib ketilgan.

Ichki ishlar vazirligi tarqatgan maʼlumotga koʻra, tintuv vaqtida Temirov yonidan nasha topilgan. U giyohvand moddani noqonuniy iste’mol qilish va saqlashda ayblanmoqda.

Temirov esa unga tuhmat qilinayotgani, giyohvand modda ataylab uning choʻntagiga solib qoʻyilganini aytadi.

Bishkekdagi norozilik namoyishi paytida, 23-yanvar, 2022-yil
Bishkekdagi norozilik namoyishi paytida, 23-yanvar, 2022-yil

Jurnalistlar Temirovga qoʻyilgan ayblovning muxbirlik surishtiruvi materiallari saqlangan disklarga aloqasining tushunarsiz ekanini aytishmoqda.

“Temirov Live” jurnalistik surishtiruvi

Jurnalistlar fikricha, Temirovning qoʻlga olinishi uning jurnalistik faoliyati bilan bogʻliq.

Uning “Temirov Live” jamoasi 20-yanvarda Qirgʻiziston Milliy xavfsizlik xizmati rahbari Qamchibek Tashiyevning jiyani boshqargan “Qirgʻiz Petroleum Kompani” hamda Tashiyevlarga aloqador “Region Oyl” haqidagi surishtiruvni eʼlon qildi.

Ammo Qamchibek Tashiyev 23-yanvarda oʻtkazgan matbuot anjumanida “Temirov Live” surishtiruvida keltirilgan dalillarni “boʻhton” deb atab, u “davlatdan bir som ham oʻgʻirlamaganini” aytdi. Shuningdek Tashiyev jurnalist Bo'lo't Temirovning qoʻlga olinishi surishtiruvlar bilan bogʻliq emasligini bildirdi.

Bu orada sud Boʻloʻt Temirovning ehtiyot chorasini koʻrib chiqib, uni hech qayerga ketmaslik tilxati bilan ozod qildi.

Temirov sud zalidan chiqqandan keyin jurnalistlarga intervyu berib, uning qoʻlga olinishini “Temirov Live” jamoasining Qamchibek Tashiyev oilasiga doir tayyorlagan jurnalistik surishtiruviga “bevosita aloqador” deb hisoblashini aytgan.

Qirgʻizistonda soʻz erkinligi cheklanmoqdami?

Temirovning qoʻlga olinishi ketidan uyushtirilgan norozilik aksiyasida qatnashgan jurnalist Idiris Isaqov soʻz erkinligining saqlanishi, “boshqa qoʻshni davlatlarga qaraganda Qirgʻiziston uchun muhimroq” degan fikrini bildirdi.

“Qirgʻiziston qachon rivojlanadi? Qachonki korrupsiya toʻxtaganda. Soʻz erkinligi boʻlmasa, korrupsiya oʻsaversa, biz hozirgidek ahvolda qolaveramiz. Qirgʻiziston hozir eng quyi 20 davlat qatorida turibdi. Shuning uchun korrupsiyaga koʻz yumadigan ahvolda emasmiz. Shuning uchun soʻz erkinligi kerak, shuning uchun jurnalistik surishtiruvlar kerak. Har bir amaldorning qadami nazoratda boʻlishi kerak. Soʻz erkinligi jurnalistgagina kerak deb tushunmasligimiz lozim. Chunki soʻz erkinligigina Qirgʻizistondagi iqtisodni ushlab turadi. Soʻz erkinligi tadbirkorlar erkinligini taʼminlaydi. Soʻz erkinligi bizdagi konlarning yoʻqligini, neftning oʻrnini toʻldirib turadi. Soʻz erkinligi iqtisod bilan, isteʼmol qilayotgan nonimiz, kiyayotgan kiyimimiz bilan uzviy bogʻliq”, - deydi Isaqov.

Yana bir mustaqil jurnalist Shohrux Soipovning aytishicha, Qirgʻizistonda matbuot erkinligi qoʻshni davlatlarga nisbatan yaxshiroq, ammo qirgʻizistonlik jurnalistlar tez-tez tahdidlarga uchrab turibdi.

“Xohlaymizmi, yo’q, jurnalistlar doimiy ravishda huquq tartibot idoralarining nazoratida. Qoʻrqitishlarga ham duchor boʻlishadi. Boʻloʻt Temirovning voqeasi ham bunga yaqqol misol. Matbuot erkinligi, odamlarning erkin fikr yuritishi – bu davlatning yagona yutugʻi. Ammo oxirgi yillarda xalqaro tashkilotlar tomonidan Qirgʻizistonda soʻz, matbuot erkinligi yomonlashib borayotgani aytilmoqda. Bu esa afsuslanarli holat”, - deydi Soipov.

Ayni vaqtda Qirgʻiziston Prezidenti Sadir Japarov ijtimoiy tarmoqlar orqali Boʻloʻt Temirovning qoʻlga olinishi boʻyicha fikr bildirib, mazkur ishning adolatli tergov qilinishini nazorat qilinishini aytdi.

Shu bilan birga, Japarov jurnalistlarni “asossiz qoralashlardan uzoq boʻlishga” chaqirdi.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG