Breaking News

O’zbekistonda aksilg’arbiy koalitsiya yig’ilayaptimi?


Shahxay hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlarning tashqi ishlar vazirlari Dushanbeda Tojikiston rahbari Emomali Rahmon huzurida, 2021-yilning iyul oyidagi sammit arafasida

Xitoy Markaziy Osiyoning asosiy iqtisodiy hamkoriga aylanib, siyosiy aloqalar ham mustahkam.

AQSh Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi yaqinda Tayvanga borib, uning demokratiyasini quvvatlar ekan, bu borada Xitoy tarafini olgan dastlabki davlatlar ham Markaziy Osiyodan bo’ldi.

Mintaqaning biror davlati, hatto neytrallik maqomdagi Turkmaniston ham bu mojarodan chetda qolmadi. Bir ovozdan "yagona Xitoy" siyosati olqishlandi.

G’arbning Rossiya va Xitoy bilan munosabatlari keskinlashib borar ekan, bu ikki davlat yetakchiligida ittifoqlarga a’zo Markaziy Osiyo mamlakatlariga ularning ta’siri oshmoqda, deydi "Amerika Ovozi" bilan gaplashgan tahlilchilar.

Kelasi oy Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) yillik sammiti o'tadi, Samarqandda.

Xitoy Tayvan masalasida, Rossiya esa Ukraina urushi masalasida G’arb bilan jiddiy ziddiyatda.

ShHTga qabul qilinayotgan yangi a’zolar Belarus va Eron ham G’arb sanksiyalari ostida ekani, sammitga mehmon sifatida taklif qilingan Saudiya Arabistoni shahzodasi, Turkiya va Turkmaniston prezidentlarini ham G’arb, xususan AQSh bilan kelisha olmasligi inobatga olinsa, O’zbekistonda kutilayotgan sammit yirik aksilg’arbiy koalitsiya sifatida ko’rinadi.

Xitoy Tayvan atrofida harbiy mashqlar rejalamoqda. AQSh Kongressi a'zolarining Tayvanga safarini qoralagan.

Prezident Vladimir Putin esa bugungi inqirozda G’arbni ayblab keladi. Putin G’arb sanksiyalaridan qo’rqmasdan Rossiyani quvvatlayotgan davlatlarni olqishlagan.

Moskvadagi xavfsizlik konferensiyasidagi chiqishida esa AQSh yetakchiligidagi kollektiv G’arb mustaqil davlatlarda inqiloblar rejalab, amalga oshirayotgani haqida iddaolar qilgan. Putin fikricha, G’arb ko’p qutbli dunyo shakllanishiga tish tirnog’i bilan qarshi va buning uchun turli davlatlarda provokatsiyalar uyushtirishdan qaytmayapti.

Putin bu masalani Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan ham muhokama qilgan bo'lishi mumkin. Moskvadagi chiqishi ortidan u Mirziyoyev bilan telefon muloqot qilgan. Unda ShHT sammiti haqida ham gaplashilgan.

O’zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berishicha, Mirziyoyev va Putin suhbatda “O‘zbekiston va Rossiyaning hududlari va tadbirkorlari darajasidagi ustuvor kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga alohida e’tibor” qaratgan.

ShHT sammitiga Turkiya prezidentini taklif qilish tashabbusi ham Prezident Putinga tegishli. Putin bu haqda Eronda o’tgan uchrashuvda bildirgan edi.

Prezident Mirziyoyev Putin 15-avgust kuni Prezident Rajab Toyyib Erdog’an bilan ham telefonlashgan va jumladan ShHT sammiti haqida so'zlashgan.

O’zbekistonlik sharhlovchilarga ko’ra, Ukrainadagi urush mintaqa uchun qator muammolar tug’dirmoqda.

Toshkentdan ekspert Abdulla Abduqodirov deydiki, Markaziy Osiyo, jumladan O’zbekiston ham G’arb bilan hamkorlikni kuchaytirishdan manfaatdor, ammo Xitoy, ayniqsa Rossiya qudratidan jiddiy cho’chiydi.

“O’zbekiston Rossiya bilan barcha jabhalarda bog’liq, harbiy, iqtisodiy, siyosiy sohalarda ham. Boshqa tomondan Rossiya hech qachon G’arb bilan hamkorlik o’rnini to’ldira olmaydi. Ukraina masalasida O’zbekistonning sukuti ham shu bilan bog’liq, ammo sukut Rossiyani qo’llash degani emas. O’zbekiston hukumatidan hozirgi vaziyatda boshqa jiddiy harakatlar kutish qiyin. Hozir mintaqadagi ikki asosiy kuch bu Xitoy va Rossiya ekanligi yaxshi ma’lum”, - deydi Abduqodirov.

Ozarbayjonlik ekspert Agil Rustamzoda turk davlatlaridagi vaziyatni kuzatib keladi. Uning ta’kidlashicha, dunyo siyosatida o’zgarishlar kechayotgani rost, bundan davlatlar foydalanishi kerak.

“Markaziy Osiyodagi turk davlatlari albatta Xitoy va Rossiya bilan hisoblashishga majbur. Ammo bu hamkorlikning boshqa qirralarini rad etmaydi. Mana yaqinda Prezident Ilhom Aliyev O’zbekistonda bo’lib qaytdi. Turli bitimlar imzolandi. O’zbekiston-Ozarbayjon -Turkiya ishtirokida uch tomonlama hamkorlik yo’lga qo’yilmoqda. Bu Markaziy Osiyo uchun Xitoy va Rossiya doirasidan tashqaridagi hamkorlik mavjudligini ko’rsatadi. Umid qilaman, dunyodagi hozirgi vaziyat turk davlatlarini o’zaro harbiy, siyosiy, iqtisodiy hamkorlik yanada kuchaytirishga undaydi”, - deydi Rustamzoda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG