Breaking News

“Xitoyiston” - Xitoyning Markaziy Osiyoga ta’siri xususida yangi kitob


Qozog'iston-Xitoy chegarasidagi savdo zonasi, Korgas, 1-aprel, 2018

Xitoyning Markaziy Osiyoga ta’siri haqida Rafaello Pantuchchi va Aleksandros Petersen qalamiga mansub “Xitoyiston” (Sinostan) kitobi chop etildi.

Kitob 10 yillik mehnat mahsulidir. Ikki muallif 2008-yilda tadqiqotni boshlagan paytda Pekinning mintaqaga ta’siri oz bo‘lgan, ammo bugunga kelib sezilarli darajada oshdi.

2001-yilda Xitoy Shanxay hamkorlik tashkilotini (ShHT) tuzdi. Tashkilotga boshida Rossiya va Turkmanistondan tashqari barcha Markaziy Osiyo mamlakati a’zo bo‘ldi.

Keyingi yillarda iqtisodiy salohiyati oshgan Xitoy Markaziy Osiyoning eng yirik savdo hamkoriga aylandi, Pekin mintaqa bo‘ylab keng qamrovli neft va gaz quvurlari tarmog‘ini qurdi.

2013-yilda Xitoy rahbari Si Szinpin Qozog‘iston poytaxti Astana shahrida (hozirgi Nur-Sulton) “Ipak yo‘li iqtisodiy kamari” loyihasini e’lon qildi. Loyiha ko‘p milliard dollarlik “Bir kamar, bir yo‘l” infratuzilma loyihasining quruqlikdagi qismidir.

Pantuchchi va Petersen uchun bu holat Markaziy Osiyo va Xitoyda yillar davomida olib borgan izlanishlari o‘z samarasini bera boshlaganidan darak edi. Butun dunyo bo‘ylab tadqiqot markazlarida ishlab, bir vaqtning o‘zida doktoranturada o‘qigan ikki muallif Pekin Markaziy Osiyoda qanday qilib “beixtiyor imperiya” yaratgani haqida kitob yozishdi.

O'zbekiston va Xitoy prezidentlari rafiqalari bilan, Pekin, 14-may, 2017
O'zbekiston va Xitoy prezidentlari rafiqalari bilan, Pekin, 14-may, 2017

Mintaqaning Xitoyga iqtisodiy va siyosiy jihatdan tobora ko‘proq bog‘lanib borayotgani ular uchun ayon edi. Ammo bu jarayon organik tarzda sodir bo‘ldi, ya’ni Pekinda mintaqaga qanday ta’sir o‘tkazish bo‘yicha aniq reja yo‘q edi.

““Beixtiyor imperiya” g‘oyasi biz mintaqaga borib, Xitoy eng ta’sirli o‘yinchi ekanligiga amin bo‘lganimizdan keyin tug‘ildi. Lekin Pekinda strategik qarashga ega bo‘lgan odam yo‘qligi ayon edi”, - dedi Pantuchchi Ozodlik bilan suhbatda.

Ammo ularning loyihasi o‘z yakuniga yaqinlashar ekan, 2014-yilda fojia yuz berdi.

Afg‘onistondagi Amerika universitetida yangi lavozimga tayinlangan Petersen Tolibon tomonidan Kobulda uyushtirilgan portlashda halok bo‘ldi. Poytaxt restoranida portlagan bomba 20 kishi umriga zomin bo‘ldi.

Hujumdan so‘ng kitob loyihasi to‘xtab qoldi. Pantuchchi oila qurdi, yangi ishlarda ishladi. Pandemiya boshlanishi ortidan esa marhum do‘sti bilan boshlagan kitobni tamomlashga vaqt topildi.

“Kitob nihoyat e’lon qilinganidan mamnunman, u nafaqat [Petersonga] bag‘ishlov, balki men o‘z hayotimning bir qismini bag‘ishlagan mavzudir”, - dedi Pantuchchi.

“Xuddi hayotimning bir bo‘limini yopayotgandekman”.

2014-yildan beri Markaziy Osiyoda juda ko‘p narsa sodir bo‘ldi.

Bugunga qadar ShHT kengaydi, xitoylik bizneslar mintaqaga kirib keldi, Pekin ehtiyotkorlik bilan Tojikistonda xavfsizlik sohasiga kirib bordi. Shuningdek, “Bir kamar, bir yo‘l” tashabbusi tufayli Xitoy mintaqada kundalik hayotga ko‘proq singdi.

Xitoy va Qirg'izistonni bog'lovchi yo'l, Taldik dovoni, Pomir tog'lari
Xitoy va Qirg'izistonni bog'lovchi yo'l, Taldik dovoni, Pomir tog'lari

Xitoy siyosati esa mintaqa shakllanishida o‘z ta’sirini ko‘rsatdi.

2017-yilda Xitoyning Markaziy Osiyo bilan chegaradosh Shinjon viloyatida boshlangan shafqatsiz repressiya ortidan 1 milliondan ortiq uyg‘ur, qozoq va boshqa musulmon xalqlar qamoqxona va lagerlarga uloqtirildi. AQSh 2021-yil avgust oyida o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistondan palapartish tarzda olib chiqib ketgani va Tolibon hokimiyatga qaytgani ortidan esa Xitoyning mintaqadagi ta’siri uchun yangi imkoniyatlar ochildi.

Pekinning Moskva bilan munosabatlari ham o‘zgardi. Joriy yilning fevral oyida Si va Rossiya prezidenti Vladimir Putin yirik strategik hujjatni imzolab, ikki mamlakat o‘rtasida “cheklovisiz” hamkorlikning yangi davri boshlanganini e’lon qilishdi.

Ammo bu o‘zgarishlar davomida Pantuchchi va Petersenning Xitoyning Markaziy Osiyodagi ta’siri haqidagi fikri to‘g‘riligicha qoldi. Ikki muallif Pekinning mintaqadagi ta’siri “g‘alati befarqlik” bilan ajralib turadi, degan fikrni ilgari surishdi.

“Ulkan iqtisodiy aloqalar, geografik yaqinlik va bir-biriga o‘xshash ichki tashvishlar Xitoy asosiy o‘yinchi ekanligini anglatadi, ammo Pekin mintaqadagi kengroq muammolarga qiziqmaydi va buning o‘rniga tor doirada o‘z qiziqishlariga e’tibor qaratadi”, - dedi Pantuchchi.

O‘tmishda Markaziy Osiyoning bir qismi bo‘lgan va 1949-yildagina rasman Xitoy tarkibiga kirgan Sharqiy Turkiston uzoq vaqtdan beri Pekinning mintaqaga oid rejalarining ajralmas qismi bo‘lib keladi. Xitoy hukumati Shinjondagi islomiy ekstremizm yuzasidan xavotir izhor qilib, o‘z lager tizimini oqlab keladi.

Xitoy siyosatchilari Markaziy Osiyoni mamlakat xavfsizligi uchun strategik mintaqa, deb bilishadi. Pekinning Shinjondagi iqtisodiy sharoitni yaxshilash uchun ishlab chiqilgan “G‘arbni rivojlantirish” strategiyasi viloyatga qo‘shni mamlakatlarda barqarorlikni ta’minlashni ham o‘z ichiga oladi.

Bu esa Xitoyning alohida viloyatlariga solishtirganda juda kichik milliy byudjetlarga ega Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun qulay moliyaviy imkoniyatdir. “Xitoyston” kitobida bu holat yaqindan ko‘rib chiqilgan.

Dushanbe-Pekin aloqalari mustahkam, deydi Tojikiston rasmiylari
Dushanbe-Pekin aloqalari mustahkam, deydi Tojikiston rasmiylari

Bir tomondan, Pantuchchi va Petersen Markaziy Osiyo Xitoy uchun qaysidir ma’noda laboratoriya bo‘ldi, degan fikrni ilgari surishdi. Ammo, ayni namda, Pantuchchi Xitoy Markaziy Osiyoda “umumiy manzaraga” unchalik qiziqmayotgani, shuningdek, mintaqaning iqtisodiy yoki siyosiy muammolarini hal qilish yo‘lida aralashishga oshiqmayotganini aytdi.

“Xitoy dunyoning eng yirik iqtisodlaridan biri va shundoq qo‘shni. Bu esa, tabiiyki, mamlakat Markaziy Osiyoga katta ta’sir o‘tkazishini anglatadi”, - dedi u.

“Ammo bu Xitoy rahbariyati uchun katta ahamiyatga ega emas”.

Bu dinamika mintaqaning kelajagi uchun ko‘plab savol tug‘diradi, ayniqsa, Rossiyaning Ukrainaga bosqini fonida.

Rossiya yanvar oyida Qozog‘istonga qilgan harbiy intervensiya Moskva hamon Markaziy Osiyo uchun tashqi xavfsizlikka asosiy kafil bo‘lib qolayotganini ko‘rsatdi. Ammo Ukrainadagi urush Xitoyning ta’sirini yanada oshirishi hamda Rossiya ta’sirini cheklashi mumkin.

Qozog‘iston va O‘zbekiston hukumati Moskvaning Ukrainaga bosqini yuzasidan xavotir izhor qildi. Shuningdek, Rossiyaga qarshi joriy qilingan sanksiyalarining iqtisodiy zarbasi hamda Rossiya armiyasining yo‘qotishlari-yu, strategik xatolari Rossiya hamkor mamlakat qatori qozongan obro‘siga yanada ko‘proq putur etkazishi mumkin.

Bir tomondan, bu holat mintaqada Xitoyning iqtisodiy va siyosiy ta’siri kuchayishiga zamin yaratadiyu Ammo Markaziy Osiyo bo‘ylab beqarorlik davom etayotgan bir paytda Rossiya Ukrainadagi urush fonida mintaqaga qanchalik e’tibor qaratishi noma’lum bo‘lib qolmoqda.

“Xitoyning ta’siri kuchayayotgani haqidagi hikoya bundan nari faqat avj oladi”, - dedi Pantuchchi.

“Ammo asosiy savol – muammolar yuzaga kelganda nima bo‘lishida. Xitoy muammolarni tuzatishga tayyormi yoki yo‘qmi, bilmayman”.

  • 16x9 Image

    Ozodlik

    "Ozodlik" radiosi Pragada asoslangan multimedia axborot manbai. Asosiy maqsadi - axborot oqimi va inson huquqlari cheklangan jamiyatlarga, xususan Markaziy Osiyo mamlakatlariga, ishonchli informatsiya olib kirish.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG