Breaking News

Kaliforniya universitetida Markaziy Osiyoni o’rganayotgan olimlar


Kaliforniya universitetining Santa-Barbara shahridagi filialida Markaziy Osiyoni o’rganayotgan tadqiqotchilar bor. Ilmiy jamoa bu dasturlarning kengayishini istaydi.

Andrea Serna Santa Barbarada Kaliforniya universiteti qoshida Markaziy Osiyo bo’yicha izlanishlar olib boradi. Xususan, Ikkinchi jahon urushi davrida Toshkentga evakuatsiya qilinganlarning mahalliy madaniyatga qanchalik ta’sir ko’rsatgani mavzusini o’rganadi. Bu masala bugun ham dolzarb, deydi u.

“Shunchaki, qiziqqanman. AQSh maktablarida Markaziy Osiyo haqida o’rgatilmaydi. Rossiya, Sovet Ittifoqi haqida deyarli hech qanday ma’lumot berilmaydi. Uning tarkibidagi mamlakatlar ham nazardan chetda qolgan. Masalan, men Qozog’iston, O’zbekiston haqida shu yerga o’qishga kirganimga qadar esghitmagan edim.

Bugun dolzarbligiga kelsak, menimcha, evakuatsiya qilinganlar, migrantlar, qochqinlar mavzusi hali ham juda dolzarb. Odamlarni vatanlarini tark etib, boshqa joylarda o'z hayotlarini davom ettirishga majbur qilayotgan inqirozlar bor. Moddiy va madaniy o'zgarishlarga guvoh bo’lamiz”, - deydi tadqiqotchi.

Kaliforniya universitetlari tizimida Markaziy Osiyoni o’rganayotgan taxminan 10 tadqiqotchi va olim bor. Ulardan yana biri Adrien Edgar. U Markaziy Osiyoda zamonaviy davlatchilikning shakllanishida kommunizm omilini tahlil qilib chiqqan.

Professorning aytishicha, dunyo bu mintaqa mamlakatlari haqida Sovet Ittifoqi qulaganidan so’ng bila boshlagan.

Olima Markaziy Osiyo bo’yicha qator ilmiy maqolalar va ikki kitob chiqargan.

“Mintaqa bir qancha madaniy ta’sirlar chorrahasida joylashgan. Islomgacha bo’lgan davr, islom ta’siri, Rossiya. Borsangiz, turli madaniyatlar ta’sirini ko’rasiz”, - deydi u.

Yana bir tadqiqotchi, professor Sintiya Kaplan Qozog’istonda demokratik tendensiyalarni o’rgangan.

“Biz aniqlagan qiziq jihati shuki, rus tilida o’qigan qozoqlar bilan qozoq tilida o’qigan qozoqlar tolerantligi, dunyoqarashi jihatidan bir-biridan farq qiladi. Shu bilan birga, har ikkisining ham etnik ruslardan farqi bor. Rus tilida o’qigan qozoqlar qozoq tilida o’qigan qozoqlarga yoki ruslarga nisbatan ko’proq demokrat va tolerant. Etnik ruslar ham tolerant emas. Boshqa millat odamlari bilan muloqotda bo’lish, ularni yaqinroq bilish odamlarning dunyoqarashi va tolerantligiga ta’sir qiladi”, - deydi olima.

Kaplan almashinuv dasturlari asosida Markaziy Osiyodan AQSh universitetlariga ko‘proq talabalar va o’qituvchilar taklif etilishini istaydi. Uning aytishicha, avvalgi yillar qozog’istonliklar bu universitetda qozoq tilidan dars bergan, almashinuv dasturlari asosida.Hammasi Davlat departamenti ajratgan mablag'ga bog'liq, deydi olima.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG