Breaking News

Bayden: Putinning maqsadi Ukrainani xaritadan o'chirish


AQSh Prezidenti Jo Bayden BMT Bosh Assambleyasida nutq qilmoqda, Nyu-York, AQSh, 2022-yil, 21-sentabr

AQSh Prezidenti Jo Baydenga ko'ra, Rossiya xalqaro huquq va BMT Nizomini qo’pol ravishda buzib, mustaqil davlatga qarshi urush ochgan bosqinchidir. Bu haqda u BMT Bosh Assambleyasi 77-sessiyasining 2-kunida qilgan chiqishida gapirdi.

AQSh rahbari xalqaro minbarda nutqini boshlashi bilan e'tiborini Ukrainadagi urushga qaratdi. Rossiya Ukrainani davlat sifatida xaritadan o’chirishga urindi; Putinning maqsadi ukrainaliklarning alohida xalq sifatida mavjudlik huquqini yo’q qilish, dedi Bayden.

Unga ko’ra, xalqaro hamjamiyat Rossiyaning bosqiniga qarshi yakdil va Ukrainani harbiy hamda moliyaviy qo’llab-quvvatlash ishlari davom etadi. U bugungacha AQSh Kiyevga 25 milliard dollarlik yordam ko'rsatganini aytdi.

AQSh rahbarining aytishicha, Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Rossiya o'zini himoya qilayotgani haqidagi da’volarida hech qanday asos yo’q. Rossiyaga hech kim tahdid qilgani yo’q edi; hech kim Rossiya bilan ixtilofga kirishishni xohlamaydi; urushni Putinning o’zi xohladi, dedi u.

Bayden yadro qurollari bilan bog’liq xavotirlar yana o’rtaga chiqayotganini ham qayd etdi. Yadro urushida hech kim g’olib bo’lmaydi va biz bunga yo’l qo’ymasligimiz kerak, dedi u.

AQSh prezidenti BMTdagi nutqida iqlim o’zgarishi, oziq-ovqat tanqisligi, koronavirus pandemiyasi, inson huquqlarining toptalishi kabi dunyo yulashayotgan bir qator global muammolarni ham tilga olib, xalqaro hamjamiyatni ularga qarshi kurashda hamkorlik qilishga chaqirdi.

U iqlim o’zgarishiga qarshi loyihalar uchun AQSh milliardlab dollar mablag’ ajratayotganini, bu ishga barcha hissa qo'shishi lozimligini ta'kidladi.

Bundan tashqari, u rivohjlanayotgan davlatlarda oziq-ovqat tanqisligi, ocharchilik kabi muammolar paydo bo'layotganini tilga oldi. Bu muammolarning kuchayishiga yo'l qo'ymaslik uchun Rossiyaning g'alla va oziq-ovqat eksportiga hech qanday cheklov qo'yilmaydi, dedi u.

Rossiya Ukraianga bostirib kirgandan beri AQSh, Yevropa Ittifoqi va yana ko'plab boshqa davlatlar Rossiyaga qarshi ilgari misli ko'rilmagan iqtisodiy va siyosiy sanksiyalarni qo'llagan edi.

Putin tor doiradagi harbiy amaliyot deb atagan urush yettinchi oyga kirdi. So'nggi haftalarda Rossiya kuchlari keskin yo'qotishlarga uchrashi va bir necha oylik og'ir janglar ortidan egallangan hududlar ukrainaliklarga yana qayta boy berilishi ortidan Rossiyada 21-sentabr kuni qisman harbiy safarbarlik e'lon qilindi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG