Breaking News

AQSh: O'zbekiston paxtasi endi majburiy mehnatga asoslangan mahsulotlar ro'yxatida emas


AQSh Mehnat vazirligi, Vashington
AQSh Mehnat vazirligi, Vashington

AQSh Mehnat vazirligining bu yilgi hisobotiga ko'ra, O'zbekiston paxtasi endi majburiy mehnatga asoslangan mahsulot emas. Respublika hamon qora ro'yxatda, chunki pilla ekspluatatsiya evaziga yetishtiriladi. Fermerlar har yili ipak qurti boqishga majbur.

Nafaqat AQSh, balki Xalqaro Mehnat Tashkiloti uzoq yillar davomida bu borada bong urib, Toshkentni vaziyatni o'zgartirishga chorlab kelayotgan edi.

Hozir, deya bildiradi Amerika hukumati hamda BMT qoshidagi agentlik, O'zbekistonda katta yoshdagilar ham, bolalar ham majburan dalalarga olib chiqilmaydi va paxta sistematik tarzda maosh evaziga va fuqaro ixtiyori bilan terilmoqda.

Mirziyoyev ma'muriyati majburiy mehnatga yo'l qo'ymaslikka va bunday hollarga toqat qilmaslikka so'z bergan. Inspektorlar ishlamoqda, dalalardagi ahvol yaqindan monitoring qilinmoqda, deydi mutasaddilar.

Paxta boykotidan keyingi O'zbekiston /Uzbekistan after the cotton boycott
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:27:29 0:00

Xalqaro Mehnat Tashkilotining Toshkentdagi idorasi fuqaro jamiyati faollari bilan birga kuzatuvni davom ettirayotganini, ammo buyog'iga qonun ustuvorligini ta'minlash respublika Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va huquq-tartibot organlari zimmasida ekanini uqtiradi. Vazirlik majburiy mehnat har qanday sohada man etilganini ta'kidlaydi.

O'zbekiston paxtasiga qo'yilgan xalqaro boykot oradan qariyb 13 yil o'tib, shu yilning mart oyida bekor qilindi. Majburiy mehnatga qarshi xalqaro koalitsiya, "Paxta kampaniyasi" endilikda O'zbekiston bilan ishlayotgan xorijiy bizneslarni mamlakatning har bir mahsuloti qanday yetishtirilayotgani va ishlab chiqarilayotganini izchil nazorat qilish va hisobot berishga undamoqda.

AQSh Mehnat vaziri muovini Mey Li hisobotni taqdim etar ekan, dunyo bo'ylab millionlab inson har kuni zo'rlab ishlatilishi va ularning azobi evaziga jahon bozorlariga millionlab tovarlar chiqarilishi va sotilishini qayd etadi.

"Bu insonlar uqubatda, ularning achchiq taqdiri qonunlardan va adolatdan uzoq. Ular uylarda, konlarda va dalalarda ishlatiladi. Mehnat inspektorlari nazaridan yiroq. Xaridorlar ularning ahvolidan ogoh emas, vaholanki, iste'molchi har kuni ekspluatatsiya qilingan odamlar mehnati bilan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni xarid qiladi", - deya ogohlantiradi Li.

AQSh federal qonunlari mamlakat bizneslariga majburiy mehnatga asoslangan mahsulotlar bilan ishlashni man etadi va mamlakat bo'ylab ham bunday holatlar taqiqlanadi.

"O'zbekiston hukumati muammoga jiddiy qarab, unga qarshi konkret qadamlar tashlagani va buni xalqaro hamkorlar tekshira olgani paxta sanoatini majburiy mehnatdan tozalashga yo'l ochdi. Ammo huquqbuzarlik holatlari hamon kuzatiladi. Hukumat ularga nisbatan zudlikda chora ko'ra olishini isbotlamoqda", - deyiladi AQSh hisobotida.

Bayden ma'muritatiga ko'ra, O'zbekistonda bu borada monitoring aslo to'xtamasligi zarur. "Fuqaro jamiyati bu jarayonda yetakchilik qilib, mustaqil ishlay olishi kerak. Kasaba uyushmalari ham mustaqil tekshiruvchi va kuzatuvchi rolini erkin bajara olishi lozim".

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG