Breaking News

AQSh O'zbekiston Ukraina yuzasidan nega neytral ekanini tushunadi


Elchi Daniel Rozenblum AQSning Toshkentdagi elchixonasida "Amerika Ovozi" bilan suhbatda, 25-mart, 2022
Elchi Daniel Rozenblum AQSning Toshkentdagi elchixonasida "Amerika Ovozi" bilan suhbatda, 25-mart, 2022

AQShning O'zbekistondagi elchisi Daniel Rozenblum respublika tashqi siyosatini konstruktiv tahlil qilishini bildiradi. Ammo, deydi u, har qanday pozitsiyaning o'z tamoyillari bor va ularga rioya qilinishi zarur. Neytral bo'lish, deya tushuntiradi diplomat, xolis, haqqoniy va erkin axborot muhitiga yo'l berishni ham talab qiladi. Toshkentda "Amerika Ovozi" bilan suhbatda AQSh elchisi Ukrainadagi urushga nisbatan yondashuv, G'arb sanksiyalarining O'zbekistonga ta'siri, Afg'onistondagi vaziyat va Tolibonga talablar, bugungi prioritetlar va tarixiy saboqlarni muhokama qildi.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Elchi janoblari, Toshkentdagi elchixonada siz bilan muloqot qilayotganimizdan bag'oyat mamnunmiz. Qarangki, shu paytgacha siz bilan Vashingtondan turib gaplashganmiz. Bu yerda suhbatlashish judayam maroqli, ayniqsa ikki yillik pandemiya ketidan, yuzma-yuz. Virtual aloqaga o'rganib qolgan edik.

Elchi Daniel Rozenblum: Ha, o'rganib qolgan edik. Odamlar bir joyda yonma-yon o'tirishi, niqobsiz bir-birimiz bilan gaplashishimiz, g'alati tuyulyapti endi.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Elchixona to'liq holda ishga qaytgan ko'rinadi.

AQShning O'zbekistondagi elchixonasi hozirda to'liq rejimda ishlashga qaytgan.

Elchi Daniel Rozenblum: Ha, qaytgan.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Masofadan ishlashni to'xtatdingizmi?

Elchi Daniel Rozenblum: To'xtatdik, ammo pandemiya paytida bunday ishlashga o'rganganimiz foydali. Ancha moslashuvchan bo'lib qoldik. Ishxonaga qaytdik, niqob ham taqish shart emas. Bu albatta vaziyat ancha yaxshilanganidan dalolat. Ammo, bilasiz, ehtiyot bo'lishimiz zarur. Dunyoning ko'plab davlatlarida koronavirus yana avj oldi. Lekin ayni damdagi holatdan xursandmiz. Mana shunday o'tirib, muloqot qilishdek imkoniyatidan.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Tashqarida viza uchun uzun navbatda turgan odamlar ko'p. Hayajonda, asabiylashgan, kutishmoqda. Elchixona ham gavjum. Normal vaqtlardagidek.

Elchi Daniel Rozenblum: Ha, konsulligimiz ham normal rejimga qaytib, pandemiya paytida yig'ilib qolgan ishni bitirishga urinyapti. Juda katta sonda arizalar tushgan, immigratsion va no-immigratsion vizalar uchun. Konsulligimiz jarayonni osonlashtirish harakatida, chunki bilamiz, odamlar kutib charchagan. Buni o'zimga ham aytishadi, ko'chada, uchrashuvlarda. Viza uchun uchrashuv belgilanishi zarur. Unga esa talab ko'p. Bo'sh joy ochilishini kutish kerak. Biz albatta jarayonni yengillashtirishga harakat qilamiz, lekin bu oson emas. AQShga qiziqish yuqori ekani, shuncha odam bizga intilayotganini ko'rish bizni quvontiradi, albatta. Bu holat ikki davlat orasidagi rishtalar qanchalik mustahkam ekanini ham ko'rsatadi.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Shunday, har bir o'zbekistonlikning o'z Amerika orzusi bor. Buni bilamiz. Hozirgina Bosh konsul Rob Romanovski bilan ham suhbatlashdik. Ajoyib intervyu bo'ldi. Konsullik ishida sizning rolingiz yo'q ekanini ham muhokama qildik. Biror mamlakatda AQSh elchisi konsullik bilan bog'liq masalalarga aralasha olmasligi haqida ham gaplashdik.

Elchi Daniel Rozenblum: To'g'ri.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Biroq, ishonchim komil, sizdan bu haqda doimo so'rashadi, oddiy odamlardan tortib rasmiylargacha.

Elchi Daniel Rozenblum: Shunday.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Qanday javob berasiz? Qanday qutulasiz bu boradagi savollardan?

Men viza borasida hech kimga yordam bera olmayman. Bu konsullikning ishi.

Elchi Daniel Rozenblum: Ha, haqiqatan ko'p so'rashadi. Germaniyaga uchib ketayotgan edim, Toshkentdan Frankfurtga. Yonimda o'tirgan odam darrov tanib, viza so'ray boshladi. Odatda beradigan javobim shuki, elchi va konsullik orasida to'siq bor, qonuniy cheklov. Men bu jarayonga aralasha olmayman. Viza borasidagi qarorlarda mening rolim yo'q. Birinchi navbatda shuni aytaman. Odamlar bunga ishonmaydi, bilaman, ammo bu haqiqat. Ba'zida odamlarga axborot berishga harakat qilaman, ya'ni nima qilish kerakligini aytaman. Masalan, pandemiya paytidagi cheklovlarni, nima sabab boshqacha tartibda ishlaganimizni tushuntiraman. U paytda ham viza berdik, lekin juda oz miqdorda. Men viza borasida hech kimga yordam bera olmayman. Bu konsullikning ishi.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Biz bu masalada muxlislardan tez-tez xat oladi. Ular bizdan sizga dardlarini yetkazishimizni so'rashadi, ayniqsa pandemiya davrida konsullik ishi sustlashganida ko'p so'rashdi. Biz ularning savollariga imkon qadar javob berishga harakat qilamiz. Lekin, biling, savollar tinmaydi.

Elchi Daniel Rozenblum: Bilaman, lekin odamlar menga aralashish nima uchun cheklanganini ham tushunishlari lozim. Bu viza berish jarayonidagi muhim qoida. Bu o'ziga xos uquv va tekshiruv talab qiladigan protsess. Siyosiy yoki shaxsiy manfaatlarga aslo yo'l berilmasligi shart. Menga bu odam ma'qul yoki anavinisi yoqmaydi, deya aralashish adolatdan emas. Shu bois ham mana shunday tartib yo'lga qo'yilgan.

Elchi Daniel Rozenblum AQSning Toshkentdagi elchixonasida "Amerika Ovozi" bilan suhbatda, 25-mart, 2022
Elchi Daniel Rozenblum AQSning Toshkentdagi elchixonasida "Amerika Ovozi" bilan suhbatda, 25-mart, 2022
Bu viza berish... o'ziga xos uquv va tekshiruv talab qiladigan protsess. Siyosiy yoki shaxsiy manfaatlarga aslo yol berilmasligi shart.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Korrupsiyaning oldini olish uchun ko'riladigan chora, buni bilamiz. Pandemiya davri o'zgarishlarga boy bo'ldi. O'tgan bir yilda ham ko'p narsa o'zgardi. O'tgan safar gaplashganimizda Afg'oniston asosiy mavzu edi. Bu mamlakatda tinchlikka erishish uchun harakatlar, muzokaralar, AQSh va O'zbekiston bu borada nima qilmoqchi ekani, Afg'onistonni yangi davrga olib kirish harakatlari. Ammo hozir Afg'onistonda Tolibon hukmron. O'zbekiston rasmiylari bilan bu masalani muhokama qildik. Bilamiz, yaqinda Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov va Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov Vashingonda bo'lishdi. Maqsad nima edi?

Elchi Daniel Rozenblum: Har ikkalasi anchadan beri AQShga tashrif buyurishmagan edi. Shu bois ham muhim edi. Har ikkalasi AQShda ko'rinib, O'zbekistonning maqsad va manfaatlarini eslatib qo'yishdi. Buni muntazam ravishda qilish katta ahamiyatga ega. Tashqi ishlar vaziri oxirgi marta o'tgan yilning iyulida borgan edi.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Bayden ma'muriyati bilan tanishgan edi o'shanda.

Elchi Daniel Rozenblum: Xuddi shunday. Muntazam muloqot zarur. Dunyoda va mintaqada geo-siyosiy va iqtisodiy vaziyat murakkablashgan, ayniqsa o'tgan yarim yilda. Shu bois aloqa ham intensivlashgan. Birga ishlashda davom etib, Markaziy Osiyo ravnaqi va tinchligi uchun hissa qo'shishni istaymiz. Har ikki vazir bilan ham shular haqida gaplashib, Ukrainadagi urush, Afg'onistondagi vaziyat, Tolibon, Markaziy va Janubiy Osiyo hamkorligi va boshqa masalalarni muhokama qildik.

Ochiqchasiga gaplashib oldik, jumladan savdo va iqtisod xususida. AQSh-O'zbekiston orasida savdoni qanday oshirishimiz mumkin? Amerika kompaniyalari sarmoyasini oshirish uchun nima qilmoq zarur? Ish o'rinlarini ko'paytirish uchun qanday qadamlar tashlash kerak?

Vazirlarning o'z vazifalari bor, albatta. Bosh vazir o'rinbosari Umurzoqov savdo va sarmoyaga e'tibor qaratdi. O'zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga kirish harakatlari haqida gaplashdi. Tashqi ishlar vaziri Komilov esa mintaqadagi vaziyat, Ukraina va Afg'oniston sabab vujudga kelgan masalalar borasida so'zlashdi. Ma'lumot almashdik, uchrashuvlardan mamnunmiz.

Manfaatlar bois O'zbekiston muvozanatli yo'l tutishga majbur.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": O'zbekiston hukumati bu tashriflar haqida ko'p gapirmadi, ularni targ'ib qilmadi. Bilishimizcha, shunday qaror qilingan. Chunki vaziyat nozik. Bu tashriflar O'zbekiston hukumatining Ukrainadagi urushga nisbatan siyosati qanday bo'ladi degan savollar yangrayotgan bir paytda bo'ldi. Rossiyaning Ukrainaga nisbatan agressiyasiga Toshkent qanday munosabat bildiradi, deya so'ralayotgan paytda. Keyinroq Tashqi ishlar vaziri Komilov O'zbekiston Senatida siyosatni tushuntirdi. O'zbekistonning strategik sherigi sifatida, siz uning pozitsiyasini tushunayapsizmi? Aniqmi, sizning nazaringizda? Toshkent qanday yo'l tutyapti, sizningcha?

Elchi Daniel Rozenblum: Tushunaman va bu pozitsiyani hurmat qilaman, chunki O'zbekiston naqadar murakkab vaziyatda ekanini anglaymiz. Yuqorida qayd etilgan tashriflar paytida ham buni muhokama qildik. Maqsadlardan biri ham shu edi o'zi. Geogragik va tarixiy omillar bor. Manfaatlar bois O'zbekiston muvozanatli yo'l tutishga majbur. Savdo aloqalari va sarmoya. Rossiyada, shuningdek, mehnat migrantlari ham bor. Ular yuboradigan mablag' mamlakat iqtisodi uchun salmoqli sarmoya. O'zbekiston uchun hayot-mamot masalalari bu. Biz uni tushunamiz.

Bir-birimizning pozitsiyalarimizni tushunish uchun ochiq gaplashib turish kerak. Tashqi ishlar vaziri Komilovning yaqinda qilgan bayonotlarini tingladik va nazarimizda, u tushuntirgan siyosat asosli, mantiqli, aniq.

Ukrainadagi murakkab ahvol haqida ko'p to'xtalmoqchi emasman, chunki odamlar allaqachon biladi. Ammo, ayrim jihatlari bilan bog'liq fundamental prinsiplarni tilga olmoqchiman, chunki ularni O'zbekiston bilan aloqada hamisha yodda tutamiz: suverenitet va mustaqillik. Biz hamisha suverenitet, mustaqillik va hududiy yaxlitlikni e'zozlaymiz, ularni himoya qilamiz. Bular - dunyo barqarorligi uchun o'ta muhim xalqaro prinsiplar. Ular chetga uloqtirilsa, qudratliman degan davlat boshqasini vayron qiladi. Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishida shuni ko'rayapmiz. Bu prinsiplar O'zbekiston uchun ham chuqur ahamiyat kasb etadi. Uning o'tgan 30 yilda bosib o'tgan mustaqillik yo'lidan bunga guvohmiz.

Bir-birimizning pozitsiyalarimizni tushunish uchun ochiq gaplashib turish kerak. Tashqi ishlar vaziri Komilovning yaqinda qilgan bayonotlarini tingladik va nazarimizda, u tushuntirgan siyosat asosli, mantiqli, aniq. Shunday ekan, savolingizga javobim: ha, albatta, bu siyosatni tushunamiz. O'zbekiston bilan dunyodagi, jumladan mintaqadagi hozirgi muammolarga qarshi birgalikda kurashishga bel bog'laganmiz.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Demak, Toshkent pozitsiyasidan biror jihatdan norozi emassiz? Strategik sheriklarsiz. Bunday qaltis pallada bunday sheriklardan sizning tarafingizda bo'lishni kutmaysizmi? Vashingtonda eshitayotganimiz shuki, har bir davlat hozir qay tomonda ekanini aniq tanlashi kerak. Kim bilan ekaningizni bildiring, deyishyapti. Markaziy Osiyo hukumatlari neytralmiz, deya javob qilmoqda, biror tarafga emasligini bildirmoqda. Omma esa boshqacha. Jamoatchilik Ukrainadagi urushga nisbatan hukumatlarga qaraganda ancha tanqidiy fikrda. Siz o'z tahlilingiz va qarorlaringizda buni ham inobatga olasiz, shunday emasmi? Hukumat nima deyapti, odamlar vaziyatga qanday qarayapti? Har ikkisi birdek muhim, shunday emasmi? Odamlar kayfiyati haqida nima deysiz?

O'zbekiston, tashqi ishlar vaziri tushuntirganidek, neytral. Respublika Rossiya bilan ham, Ukraina bilan ham chuqur tarixiy va muhim rishtalarga ega. O'zbekiston birortasining yonini olmayapti. Shunday ekan, biz kutadigan narsa - real neytrallik.

Elchi Daniel Rozenblum: Jamoatchilik qanday fikrda ekanini aniq bilaman, deb ayta olmayman. Biz so'rovlar o'tkazmaymiz. Bu borada so'rovlar qilinganini ham bilmaymiz. Biroq odamlar bilan muloqotdamiz, ulardan eshitamiz, ko'chada va boshqa joylarda. Ijtimoiy tarmoqlarni kuzatamiz. Ommaviy axborot vositalarini ko'ramiz. Ekspertlarni tinglaymiz. Shularga asoslanib, xulosam shuki, jamoatchilik Ukrainadagi urush borasida bo'lingan. Qanchalik bo'lingan, buni aytolmayman. 50:50 yoki 80:20, noma'lum, aniq aytish qiyin. Lekin odamlar bu masalada turlicha qarashlarga ega ekani oydin.

Biror jihatdan norozi emasmisiz, deb so'radingiz. Yo'q, norozi emasmiz. O'zbekiston o'ta nozik pozitsiyada ekanini bilamiz va tushunamiz.

O'zbekiston, tashqi ishlar vaziri tushuntirganidek, neytral. Respublika Rossiya bilan ham, Ukraina bilan ham chuqur tarixiy va muhim rishtalarga ega. O'zbekiston birortasining yonini olmayapti. Shunday ekan, biz kutadigan narsa - real neytrallik.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Haqiqiy neytrallik, ya'ni?

Elchi Daniel Rozenblum: Ha, haqiqiy neytrallik. Biz tushunamiz, siz bosqinchilikni qoralamaysiz yoki Yevropa davlatlari kabi Ukrainaga harbiy yordam bermaysiz yoki shunga yaqin ishlarni qilmaysiz. Biror tarafda emassiz. Siz biror tarafni olqishlamaysiz, biror tarafga ko'maklashmaysiz, yomonlikni ravo ko'rmaysiz. Amerika buni vijdonan tanlangan haqiqiy neytrallik deb tushunadi va shuni kutadi. Bu bizning O'zbekiston bilan strategik sherikligimizni o'zgartirmaydi. Bizni o'zaro manfaatlarimiz birlashtiradi. Hamkorligimizni mustahkamlashda davom etamiz.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Hozirgacha O'zbekiston rasmiylaridan eshitgan eng aniq javobimiz shuki, biz o'ta ehtiyot bo'lishimiz kerak. Rossiyadan qo'rqish kerak. O'zbekiston Rossiyaning harakatlarini oqlamaydi, ularga qarshi bo'lishi mumkin, ya'ni rasmiylar buni yashirmaydi, ammo tarafkashlik qilmaydi. O'zbekistonga ortiqcha muammo kerak emas. Ukrainadagi bugungi holatdan saboq olish kerak. Kremlning, Prezident Vladimir Putinning asabiga tegish qanday oqibatlarga yetaklashini ko'rib turishganini aytishadi. Naqadar ehtiyot bo'lishga harakat qilishayotganini aytishadi. Balki o'zingizga ham aytishgandir. Biror muammo bo'lsa, bizga kim yordam beradi? Biz o'zimizni himoya qilishimiz kerak. Xavfning oldini olish uchun shunday chora ko'rishimiz kerak, deyishadi. O'zbekiston hukumatida, kuzatishimizcha, Rossiyaning ishlarini yoqlamaydiganlar ko'p. Vaziyatdan ular g'azabda va norozi, chunki ular hozirgidek qaltis vaziyatni istamaydi.

Rossiyaning asabiga tegish xavfli, deb o'ylashyapti. Biz buni tushunamiz. Biroq bu axborot blokadasiga yetaklamasligi kerak yoki noto'g'ri, yolg'on axborot oqimi yaratmasligi kerak. Rossiyadan kelayotgan bunday oqimni bloklash uchun chora ko'rilayotgani haqida bilmaymiz. Demak, xolis va betaraf emassiz. Ukraina urushi yoritilmayapti, ammo odamlar Ukraina va Rossiya haqida rus tilida tashqaridan ma'lumot olayapti.

Lekin ular jamoatchilik fikriga ham ko'z yuma olmaydi, ularga loqayd bo'la olmaydi. Qanchalik nazorat qilmasin, odamlar baribir fikrini yashirmaydi. O'zbekiston davlat matbuoti va umuman, o'zbek tilidagi OAV Ukrainani deyarli yoritmayapti. Ularga yoritmaslik buyurilgan, norasman. Bir necha blogerlar va jurnalistlar ogohlantirilgan, so'roq qilingan. Boshida ularga Ukrainadagi urushni tahlil qilmaslik aytilgan, keyinroq esa mutlaq yoritmaslik buyurilgan. Vaqtincha chora emas. Mamlakat tinchligi va jamiyat xotirjamligi uchun zarur emish bunday cheklov. Omma, qaysidir darajada, buni tushunayotgandek. Odamlar baribir tanqid qilayapti, aytganimdek, tanqid baribir chiqayapti. Ko'plab blogerlar O'zbekiston hukumatining yonini olayapti. Ehtiyotkorlik zamon talabi, deya shunday qilishyapti. Ularga ko'ra, Rossiya axborot urushi olib bormoqda. Siz o'zbekcha tushunasiz. Ruscha ham tushunasiz. Sizning nazaringizda, O'zbekiston hali ham Rossiyaning kuchli axborot ta'siri ostidami?

Elchi Daniel Rozenblum: Ha, ta'sir ostida deb hisoblayman. Rossiya axborot oqimi, shubhasiz, keng. Lekin qo'shni mamlakalatlardan farq qilgan holda, bu yerda ona tilda, ya'ni o'zbek tilidagi axborot manbalariga tayanish juda keng. Bu juda yaxshi, chunki xalq o'z tilida informatsiya istaydi. Rossiyadan rus tilida katta miqdorda ma'lumot oqib kelar ekan, bu zarur. Rus propagandasi Ukraina va dunyoning boshqa joylaridagi jarayonlar yuzasidan yolg'on va buzuq "axborot" beradi.

O'zbek tilida sifatli informatsiya berishning ahamiyati yuqori lekin bu oson emas. Boya omma fikri haqida so'rayotgan edingiz. Uni bilish, tushunish qiyin, chunki Rossiya mediasi shu qadar keng yoyilganki, undagi ovozlar va fikrlar, boshqalarini yo'qqa chiqaradi. Rossiyadan kelayotgan ovozlar shu qadar balandki, shu qadar keskin va agressivki, xuddi hamma shunday fikrni yoqlayotgandek tuyuladi. Chunki uni yoqlayotgan ovozlar yuqori. Biz o'zimiz elchixonada Ukrainadagi urush xususida ijtimoiy tarmoqlarda postlar qilganimizda hamlalarga uchradik. Urush talafotlari, dahshati, azob-uqubatlari haqida yozganimizda onlayn nishonga olindik. Amerikaga qarshi haqorat va nafratni ko'rdik.

Elchi Daniel Rozenblum AQSning Toshkentdagi elchixonasida "Amerika Ovozi" bilan suhbatda, 25-mart, 2022
Elchi Daniel Rozenblum AQSning Toshkentdagi elchixonasida "Amerika Ovozi" bilan suhbatda, 25-mart, 2022

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Trollar.

Elchi Daniel Rozenblum: Balki, lekin bilish qiyin. Trollar deb taxmin qilishimiz mumkin. Biroq ular ustun keldi degingiz kelmaydi. Biroq bunday hamlalar shu qadar kuchli tus oladiki, boshqalar bu eng keng targalgan fikr deb xulosa qila boshlaydi. O'zbekistonda ham shunday deb hisoblashadi, deb o'ylashni istamayman, biroq shunday tuyuladi. OAVga bosim haqida gapirdingiz. Biz hukumat, hatto jurnalistlarning o'zi ham ehtiyot bo'lishimiz kerak, deyayotganini tushunamiz. Rossiyaning asabiga tegish xavfli, deb o'ylashyapti. Biz buni tushunamiz. Biroq bu axborot blokadasiga yetaklamasligi kerak yoki noto'g'ri, yolg'on axborot oqimi yaratmasligi kerak. Rossiyadan kelayotgan bunday oqimni bloklash uchun chora ko'rilayotgani haqida bilmaymiz. Demak, xolis va betaraf emassiz. Ukraina urushi yoritilmayapti, ammo odamlar Ukraina va Rossiya haqida rus tilida tashqaridan ma'lumot olayapti.

Muvozanatli va xolis, neytral bo'lishni istasangiz, bunday axborot uchun yo'lni ochasiz. Bu mojaro uzoq cho'ziladigan ko'rinadi, afsuski, azobi ham shunga yarasha. Oldimizda murakkab bir davr turibdi.

Suverenitet va mustaqillik tamoyillarini yana eslatmoqchiman. Ularni tushunish va qabul qilish kerak. Istisnoga bahona yo'q. Ikkinchidan, erkin axborot bag'oyat zarur. Aks holda vaziyat haqida to'liq informatsiya ololmaysiz. Media o'z vazifasini bajara olishi kerak. Odamlar haqiqat va faktlarni bilishni xohlaydi va bilishi kerak. Noto'g'ri ma'lumot shu qadar ko'pki, ba'zan odamni faktlar yo'q narsa ekan, degan xulosaga olib boradi. Haqiqat chetga suriladi, ishonch yo'qoladi.

Bunga qarshi kurashish kerak, chunki faktlar bor. Tasdiqlash qanchalik qiyin bo'lmasin, faktlar mavjud. Ularni aniqlash uchun ishlash kerak. Ukrainadagi urush haqiqatlari va faktlari ham chiqmoqda va ular insoniyat fojiasidan darak beradi.

Media o'z vazifasini bajara olishi kerak. Odamlar haqiqat va faktlarni bilishni xohlaydi va bilishi kerak.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Faktlarga asoslangan jurnalistika, haqqoniy ma'lumotlar hozir har doimgidan ham muhim va zarur. Pandemiya davrida ham shunga guvoh bo'ldik. Afg'onistondagi urushda ham shuni ko'rdik. O'zbekiston rasmiylari keltirayotgan bahona shuki, mahalliy jurnalistlar, o'zbek tilidagi media, bunday jurnalistikaga qodir emas, ular urushni yoritishni eplolmaydi. O'zbek matbuoti urush haqida xolis ma'lumot bera olmas emish. Axborot urushida ba'zida shunday choralar ko'rish kerakmish. Belarus lideri Aleksandr Lukashenkoning O'zbekistonni "navbat sizga ham keladi" degan ogohlantirishlari, masalan, yil boshida Qozog'sitonda qon to'kilayotgan paytda. Endi esa bu urush. Bu yil inqiroz ketidan inqiroz. O'zbekiston hukumatiga qanday yo'l tutishni tavsiya qilgan bo'lardingiz? Ular hozirgidek davom eta olmaydi, cheklovlarni davom ettirish muammolarga yetaklaydi baribir.

Elchi Daniel Rozenblum: Bilasizki, agar so'rashmasa, hukumatga tavsiya qilishdan chekinaman. Hozircha so'rashmadi. Lekin biz so'z va matbuot erkinligi, media mustaqilligiga urg'u beramiz. Prezident Mirziyoyev yillar davomida ko'p marta media faol bo'lishi kerakligi, jurnalistlar professional va talabchan bo'lishi lozimligi, tanqid foydali ekani, muammolarni ochib berishda OAV roli beqiyos ekani, korrupsiyaga qarshi kurashda va boshqa sohalarda matbuot qattiq ishlashi zarurligini aytgan. Men uning bu so'zlari samimiy ekaniga ishonaman.

Oson vaqtlar emas, bu aniq. Men O'zbekiston hukumatiga Ukrainadagi vaziyat yuzasidan u yo bu ishni qiling, deb aql o'rgatmoqchi emasman. Lekin rostan ham professional, haqqoniy, talabchan jurnalistikani istasangiz, jamiyat bundan manfaatdor ekanini tushunib, tan olsangiz, unga hamisha imkon berishingiz kerak. Sizga qachon qulay bo'lsa, o'shandagina yo'l bermay, bunday tamoyillarga sodiq ekaningizni amalda isbotlashingiz kerak.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Bu haqda so'rayotganimning sababi, siz bundan manfaatdorsiz. Dunyoda nima bo'layotganini xalq faktlar asosida bilishi siz uchun muhim, shunday emasmi? Bu tomonlarda anti-Amerikanizm avj olishini istamaysiz. Markaziy Osiyoda bunday munosabat u qadar yuqori emas, lekin hozirda vaziyat murakkablashgan. O'zbekistonliklar Rossiyaga Amerika tomonidan qo'yilgan sanksiyalarning ta'siridan xavotirda. Zarar ko'lami keng va chuqur bo'lishi kutilar ekan, odamlar bu yerda yemagan nonimiz uchun nega pul to'layapmiz, deya so'ramoqda.

Millionlab migrantlar taqdiri nima bo'ladi? Bugun bir tadbirkor bilan gaplashdim, Rossiya bilan ham ishlar ekan, oziq-ovqat sanoatida. Uningcha, yozga borib, sanksiyalar ta'siri oydinlashadi, migrantlar katta sonda qayta boshlaydi, ulardan daromad pasayadi, narxlar ko'tariladi.

Bunday oqibatlar Amerika obro'si va unga nisbatan hurmat va ishonchga zarar yetkazishidan qo'rqmaysizmi? Qolaversa, qanday yordam bera olasiz? O'zbekiston - Markaziy Osiyoning eng yirik jamiyati.

... rostan ham professional, haqqoniy, talabchan jurnalistikani istasangiz, jamiyat bunday manfaatdor ekanini tushunsangiz va tan olsangiz, unga hamisha yo'l va imkon berishingiz kerak. Sizga qachon qulay bo'lsa, o'shandagina yo'l berish noto'g'ri.

Elchi Daniel Rozenblum: Ha, biz bundan ogohmiz va ehtimoliy oqibatlarini bilamiz. Avvalo, sanksiyalar nega qo'yilganini tushuntiramiz. Ular Rossiya suveren bir yurtga xalqaro qonunlarni buzgan holda bostirib kirgani uchun joriy etildi. Ular harbiy choraga muqobil siyosatdir. Prezident Bayden harbiy chorani ma'qul ko'rmadi. Ukrainaga qo'shin, harbiy kuch safarbar etmaslikka qaror qilindi. Prezidentga ko'ra, bunday qilish uchinchi jahon urushiga yetaklashi mumkin edi. Shunday ekan, iqtisodiy sanksiyalar qo'llayapmiz. Yevropadagi hamkorlarimiz va boshqa davlatlar bu tashabbusga qo'shildi. Yirik bir koalitsiya vujudga kelib, bir yoqadan bosh chiqarib, chora ko'rayapti.

AQSh hukumati tushunadi, bunday siyosat biz istamagan oqibatlarga yetaklashi mumkin. Tan olamiz, sanksiyalar boshqa davlatlarga ham salbiy ta'sir o'tkazadi. Ammo xalqaro hamjamiyat manfaati yo'lida biz sanksiya qo'llashimiz zarur.

Xo'sh, qanday yordam bera olamiz? Vashingtondagi so'nggi uchrashuvlarda buni muhokama qildik. Moliyaviy institutlar , xususan Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki va boshqalar bilan qisqa muddatda dasturlarni ishga solish, iqtisodiy ko'makni oshirish... AQSh, shuningdek, USAID (AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi) va hamkor hukumatlar bilan ishlab, samarali choralar ko'rishga ahd qilgan. Migrantlar bilan bog'liq vaziyatni ham tushunamiz, katta sonlarda qaytishlari mumkin. 1-2 million odam qaytadi, degan taxmin bor. Bu esa O'zbekiston iqtisodiyotiga qattiq zarba bo'ladi.

Ish o'rinlari yaratish, kasb-hunar o'rgatish, qaytganlarga imkoniyat yaratish - biz O'zbekiston hukumati bilan bu masalalar istida bosh qotirayapmiz.

Elchi Daniel Rozenblum AQSning Toshkentdagi elchixonasida "Amerika Ovozi" bilan suhbatda, 25-mart, 2022
Elchi Daniel Rozenblum AQSning Toshkentdagi elchixonasida "Amerika Ovozi" bilan suhbatda, 25-mart, 2022

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Urush turtki berdimi bu harakatlarga?

Elchi Daniel Rozenblum: Ha, urush turtki berdi, lekin qo'shimcha qilmoqchiman, iqtisodiy ko'mak dasturlarimiz allaqachon bor. Biroq hozir urush va sanksiyalar sabab vujudga kelgan murakkab vaziyatga e'tibor qaratayapmiz. Ochiq tan olamiz, achchiq haqiqat shuki, salbiy oqibatlari bo'ladi. Odamlar azob chekadi, faqat O'zbekistonda emas, AQShda ham. U yerda oqibatlar allaqachon yonilg'i bahosini oshirib yuborgan. Mashinaga qattiq tayanadigan Amerika uchun bu katta muammo. Birga ishlab, hayotimizni osonlashtirish uchun chora ko'ramiz.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": O'zbekistonlik tadbirkorlar nazarida Amerika kompaniyalari ko'proq sarmoya qilishi, bizneslarni kengaytirishi uchun imkoniyat bor. Ular bilishadi, AQSh bo'shliqni butkul to'ldirmaydi. Rossiya eng yirik biznes sherik. Uning bizneslari qaqshar ekan, o'rnini Amerika firmalari egallashi mumkinmi? AQSh xususiy sektorida qiziqish yetarlimi buning uchun?

Amerika kompaniyalari o'z kadrlarga sarmoya qiladi, ularni tayyorlaydi. Buni boshqa davlatlarning bizneslari qilmaydi.

Elchi Daniel Rozenblum: Umidimiz shu. Qancha kompaniya kelishini oldindan aytish qiyin. Ammo hozir Amerika kompaniyalari uchun ayni muddao. Elchixona buni doim targ'ib qiladi, ya'ni ikki davlat orasida savdo, Amerika sarmoyasini. Toshkentda uch yildan beri bo'lsam, bu davr mobaynida ko'rdimki, Amerika kompaniyalari o'z kadrlariga sarmoya qiladi, ularni tayyorlaydi. Buni boshqa davlatlarning bizneslari qilmaydi. Ular markazdan katta sonda ishchi olib kelmaydi. Aksincha, mahalliy odamlarga o'rgatadi.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Qaysi kompaniyalar, masalan?

Elchi Daniel Rozenblum: Ikki yaqqol misol keltirishim mumkin. Biri - "Honeywell" korporatsiyasi. O'zbekistonda 20 yildan beri ishlaydi. Neft, gaz va kimyovyiy sanoatlarda nazorat sistemalarini ta'minlaydi. Texnologiya beradi va ularni yuritadi. Bir necha korxonalariga bordim. Xodimlar asosan o'zbekistonliklar. Toshkentda, xususan, texnik xizmat markazi ochgan. Mahalliy kadrlar, muhandislar, u yerda dunyoning turli burchaklaridagi mijozlarga yo'l ko'rsatadi. "Honeywell" tayyorlagan mutaxassislar.

Yana bir shunday kompaniya sal kichikroq, "Silverleaf International", Jizzax viloyatida paxta klasterlaridan biri. Borib ko'rib, xodimlari bilan tanishdim. Qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash borasida ulkan hissa qo'shmoqda. Paxta sanoati, bilasiz, qo'l mehnatiga asoslangan edi. Hozirda esa texnologiyaga o'tmoqda. Paxta mashinalarda yetishtiriladi, teriladi. Lekin bu texnologiya oson emas, uni ishlatishni o'rganish zarur. "Silverleaf", shuningdek, xotin-qizlarni ish bilan ta'minlashga alohida e'tibor qaratmoqda. Bunday bizneslarni va ish beruvchilarni ko'paytirishimiz kerak.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Sizni hamisha Xitoy bilan qiyoslashadi, u bilan tenglasha olmasligingizni eslatishadi. Turkiya ham faollashgan, nafaqat O'zbekistonda, balki Markaziy Osiyo bo'ylab. Geosiyosiy manzara, boya aytganimizdek, yanada murakkablashib bormoqda. Afg'onistonda nima bo'layotgani va bo'lmayotganining ham ta'siri katta. Bayden ma'muriyati o'tgan yilning avgustidan beri, ya'ni Kobulda Tolibon o'z hukmronligini o'rnatganidan beri Afg'onistonda inklyuziv hukumat tuzishga chaqirmoqda. Lekin bunga guvoh emasmiz. O'zbekiston ham buni biladi, ammo hozirda Toshkent Tolibonning eng yaqin do'stiga aylangandek.

Terrorizmga qarshi kurash Markaziy Osiyo davlatlari uchun ham, AQSh uchun ham Afg'onistonda birlamchi masala.

Bu yaqinlik sizni bezovta qiladimi? Bayden ma'muriyati Tolibonga nisbatan strategiyasini hali e'lon qilmagan. Vashington hamon o'ylanmoqda. Buni yaqindagi uchrashuvlarda ham muhokama qildingiz. O'zbekiston bilan ishlayapsiz va birga Afg'onistonga yordam bermoqchisiz. Biroq Toshkent bilan bu mamlakat va u yerdagi hozirgi rahbariyat yuzasidan qanchalik hamfikrsiz? Toshkentning maqsadlari sizga aniqmi? O'zbekiston sizdan qanday qadamlar istayotganini tushunasizmi?

Elchi Daniel Rozenblum: Birinchidan, O'zbekiston hukumati Afg'oniston siyosati yuzasidan biz bilan juda yaqin aloqada va bu boradagi mavzularni muntazam muhokama qilamiz. O'zbekiston xalqaro hamjamiyat Afg'oniston borasida yakdil bo'lishi uchun qattiq harakat qilmoqda. O'zbekiston Afg'onistondagi yangi rahbariyat bilan ishlashda faollik ko'rsatmoqda, garchi uni rasman tan olmasa ham.

Afg'onistonga energiya ta'minoti va u orqali tranzit borasida ko'plab tashriflar va bitimlarni ko'rayapmiz. Pokistongacha temir yo'l barpo etish loyihasi, masalan. Biroq xalqaro hamjamiyati hali ham kuzatmoqda, chunki Tolibon tan olinishi uchun hali ko'p ishlar qilishi kerak. Inklyuziv deganda o'zi nima nazarda tutilmoqda, bu ham oydinlashishi kerak. Haqiqat shuki, Tolibon talabga javob bermaydi. U terrorizmga qarshi kurashishi zarur. Biz uchun bu eng asosiy talab. O'zi AQSh 2001-yilda aynan shu sabab bilan Afg'onistonga kirgan edi.

Xotin-qizlar huquqlari ham biz uchun bag'oyat dolzarb. Qizlar uchun maktablar qayta ochilishi qiyin kechmoqda. O'zbekiston bizning va umuman, xalqaro hamjamiyat talablarini biladi va o'zi ham shularni qo'ymoqda.

Tolibonga muayyan shartlarimiz bor va ular hali bajarilmagan.

O'zbekiston bilan mintaqa ravnaqi va barqarorligi yo'lida ishlab kelamiz va bu davom etadi. Biz Afg'oniston yana terror o'chog'iga aylanishini aslo istamaymiz. Ammo o'tgan yozdan beri u yerda terrorchilar soni oshgani va ular faollashgani haqida ma'lumotlar bor. Terrorizmga qarshi kurash Markaziy Osiyo davlatlari uchun ham, AQSh uchun ham Afg'onistonda birlamchi masala. O'zbekiston bilan hamjihatlikda chora ko'ramiz.

Elchi Daniel Rozenblum AQSning Toshkentdagi elchixonasida "Amerika Ovozi" bilan suhbatda, 25-mart, 2022
Elchi Daniel Rozenblum AQSning Toshkentdagi elchixonasida "Amerika Ovozi" bilan suhbatda, 25-mart, 2022

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": O'zbekiston hukumatining Tolibon bilan naqadar yaqinligini kuzatib, uni tan olish arafasida deb o'ylash oson. Lekin Prezident Mirziyoyevning Afg'oniston bo'yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashevning bizga aytishicha, Toshkent Tolibonni yakka holda tan olmaydi. Tan olish kollektiv irodaga asoslanishi kerak, deydi u. Siz kabi strategik sheriklar va boshqalar bilan kelishgan holda qilinadigan qaror. Buning ehtimoli qanchalik? Vashington, xususan, bunga qanchalik yaqin yoki undan uzoq?

Elchi Daniel Rozenblum: Bu masalada, afsuski, sizga aniq javob bera olmayman, chunki Afg'onistonga nisbatan siyosat bilan bevosita shug'ullanmayman. Lekin ayta oladiganim, Tolibonga muayyan shartlarimiz bor va ular hali bajarilmagan.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Vashingtondagi aql markazlarida bu masala muhokamada. Unda Davlat departamenti, Oq uy, Pentagon va boshqa idoralardan rasmiylar ham qatnashib, Markaziy Osiyoga nisbatan strategiyani yangilash vaqti keldi, degan mutaxassislar bilan fikr almashmoqda. AQSh Afg'onistondan butkul chiqib ketishi, bu mamlakatning mintaqa bilan aloqalarda oldingidek birlamchi masala emasligi rishtalarni ancha o'zgartirishi mumkin. Siyosiy aloqalarda Afg'oniston eng katta mavzu bo'lib kelganini hisobga olsak, buyog'iga Amerika O'zbekistonga yillar davomida bergan va'dalarini bajarishiga, ikki tomonlama rishtalar qanchalik kuchli ekaniga xalqni qanday ishontirasiz?

Elchi Daniel Rozenblum: Ishontirish uchun konkret, salmoqli ishlar qilishimiz va qilishda davom etishimiz kerak. Biz O'zbekistonda Prezident Mirziyoyev besh yil oldin boshlagan islohotlarni quvvatlab, iqtisodiy taraqqiyotga hissa qo'shishni istaymiz. Fuqarolar uchun sharoit yaxshilanishini xohlaymiz, xususan ta'lim sohasida. Darsliklar tayyorlashda, jumladan axborot texnologiyasi va ingliz tilini o'rgatishda yordamlashish uchun mana shunday qadamlar tashlayapmiz. Toki ta'lim sifati oshsin, muallimlarning saviyasi ko'tarilsin.

Bu harakatlar ko'zga tashlanishi qiyin, lekin tegishli vazirliklar bilan ishlayapmiz. Qishloq xo'jaligida ham ko'maklashayapmiz. Mahsulotlar turini ko'paytirish, yangicha ekinlar, eksport uchun imkoniyatlarni kengaytirish, ish o'rinlari ochish. Biz O'zbekiston kelajagi uchun qayg'urayapmiz. Men sizga hozir uzundan uzoq ro'yxatni keltirib, qilayotgan ishlarimizni sanab berishim mumkin. O'zbekiston suvereniteti va mustaqilligini mustahkamlash uchun qilayotgan harakatlarimiz, farovonlik yo'lidagi ishlarimiz xususida aytib berishim mumkin. Biroq unga odamlar ishonmasligi mumkin. Konkret natija xohlashadi. Biz shunday yutuqlar uchun ter to'kaveramiz.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": "Paxta kampaniyasi" O'zbekiston paxtasiga boykotni bekor qilganida bu Ukrainadagi urush bilan bog'liqmi, sanksiyalardan aziyat chekishi mumkinligi uchun respublikaga yordammi, degan savollarni uyg'otdi. Faollar va blogerlar shunday xulosa va taxminlarni olg'a surdi.

Elchi Daniel Rozenblum: Lekin bunday emas.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Buni bilamiz, chunki boykot shundoq ham bekor qilinish arafasida edi. Lekin boykot to'xtagani qanchalik muhim burilish? O'zbekiston hukumati buyog'iga qanday harakat qilsin? Bilaman, siz nasihat qilmoqchi emassiz, lekin ishonchim komil, O'zbekiston rasmiylari ham bu borada qiziqishadi. Boykot bekor qilingani O'zbekiston uchun g'alaba deb e'tirof etilmoqda, lekin bu tarixiy sinov hamdir. Majburiy mehnat va bolalar mehnati tugatilgan bo'lsa, unga endi aslo yo'l qo'ymaslik uchun qanday choralar ko'rilishi kerak? Ochilish, erkinlashish va rivojlanish uchun O'zbekiston nimalar qilmog'i lozim?

Elchi Daniel Rozenblum: Boykot masalasini ko'targaningizdan xursandman. Ba'zida dramatik voqealar bilan ovora bo'lib, bunday muhim yangiliklar chetda qolib ketadi. Aslida bu tarixiy progress. Boykot tugatilishini kutayotgan tomonlar ko'p edi. Bu qattiq mehnat mahsuli. Yillardan beri O'zbekiston paxtazorlaridagi ahvol kuzatildi, tahlil qilindi, choralar ko'rildi va mana shu nuqtaga yetib keldik. Xalqaro tashkilotlar, Germaniya va Shveytsariya hukumatlari, ko'magida fuqaro jamiyati faolligi bilan shunga erishildi.

O'zbekiston hukumati majburiy mehnat va bolalar mehnatini bartaraf etishga so'z berdi va salmoqli ishlarni amalga oshirdi. Endi iqtisodiy imkoniyatlar maydoni kengaydi. Demak, yangi biznes sheriklar va xaridorlar paydo bo'lishi kerak, jumladan Amerikadan. Ularni O'zbekiston paxtasi yoki undan ishlangan mahsulotni sotib olishga ko'ndirish kerak.

Xitoy paxtasi, jumladan Shinjon paxtasi cheklovlar ostida ekan, bu sanoatda ishlaydiganlar yangi manbalar qidiryapti. O'zbekiston uchun bu ayni muddao. Biz yordamga tayyormiz.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": O'zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga kirishida bu qanchalik muhim?

Elchi Daniel Rozenblum: Juda muhim, chunki Jahon savdo tashkiloti ochiq va erkin savdo muhiti talab qiladi. Xalqaro me'yorlarga javob berish kerak. Shundagina butun dunyo bilan tijorat qilishga yo'l beriladi.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": O'zbekiston har bir a'zo bilan alohida alohida muzokara qilib, kelishishi kerak, shundaymi?

Elchi Daniel Rozenblum: Shunday, birma-bir kelishiladi. Boykot tugatilishi Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo'lishga bel bog'lagan O'zbekiston uchun foydali xabar, deya olamiz. Ya'ni, bevosita bog'liq bo'lmasa-da, ayni vaqtida yuz bergan ijobiy o'zgarish.

Elchi Daniel Rozenblum AQSning Toshkentdagi elchixonasida "Amerika Ovozi" bilan suhbatda, 25-mart, 2022
Elchi Daniel Rozenblum AQSning Toshkentdagi elchixonasida "Amerika Ovozi" bilan suhbatda, 25-mart, 2022

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": O'zbekistonni bu borada quvvatlashga Tramp ma'muriyati davrida qaror qilingan edi. Vazir Umurzoqov buni Bayden ma'muriyatidan ham eshitdi. Quvvatlov oldingidek kuchlimi, ya'ni 2019-yilda Uilbur Ross bergan va'da kabi?

Elchi Daniel Rozenblum: Mutlaq. Bosh vazir o'rinbosari yaqinda borganida AQSh Savdo vakili Ketrin Tay unga xuddi shuni bildirdi.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": O'zgarmagan.

Elchi Daniel Rozenblum: O'zgarmagan. Juda kuchli quvvatlov, ammo biz ham O'zbekiston bilan muzokaralar olib boramiz va shartlarimizni qo'yamiz. Bu muzokaralar keskin kechadi, chunki o'z manfaatlarimiz uchun kurashamiz.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Amerika bu borada O'zbekiston uchun imtiyozlar bermaydi, shartlarni yumshatmaydi, shundaymi?

Elchi Daniel Rozenblum: O'zbekiston bilan Jahon savdo tashkilotiga intilayotgan boshqa davlatlar bilan qanday gaplashsak, shunday muloqot qilamiz. Siz bizning bozorga, biz esa sizning bozorga kirish haqida gaplashamiz. Ikki tomonlama kelishuvlar zarur bo'ladi. Lekin biz O'zbekistonga bu tashkilotga kirishi uchun texnik yordam beramiz. USAID O'zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga bu borada ko'maklashmoqda. Tijorat vazirligidan sobiq rasmiy, yetuk mutaxassis, maslahatchi.

Xalq dardiga quloq solish kerak. Dard mojarolarga yetaklashi mumkin va o'zingiz bilmagan holda unga boshqalar ham aralashishi mumkin, masalan, Qozog'istonda Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti missiyasi.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Bu yil Qozog'istonda yuz bergan voqealar, Ukrainadagi hozirgi urush, suverenitet, hududiy yaxlitlik va mustaqillik tushunchalariga e'tiborni oshirib, teranroq o'ylashga majbur qilmoqda. Jurnalisi sifatida bu so'zlarni eshitaverivb, o'rganib ketgan edik. Amerika nega ularni qayd etaveradi, deya so'rardik. Davlat kotibining sobiq muovini Elis Uels ularni muqaddas uchlik deb atar edi. Amerika bu mojarolardan qanday saboq oldi hozirgacha? Mintaqa bilan aloqalarda va unga nisbatan siyosatda, mana shu uchlikni targ'ib qilishda... Nimalar o'zgarayapti?

Elchi Daniel Rozenblum: Tasavvur qilinmagan voqealar, aslo bo'lmaydi degan taxminlar ham haqiqatga aylanishi mumkinligini bildik.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Hech qachon hech qachon, demang.

Elchi Daniel Rozenblum: Shunday, hech qachon hech qachon, demang. Bilasizmi, hech kim, hatto O'zbekiston hukumatida va tashqarida men bilan gaplashganlar Putin Ukrainaga armiya kiritmaydi, deb turishgan edi. Ular Putin buni qilmaydi deb qattiq ishonishayotgan edi. Nega bunday qiladi? Rejasi qanaqa? Stretagiyasi qanday bo'ladi? Ukrainani qanday egallaydi? Lekin u bu ishlarni qildi. Shunday ekan, nafaqat bu mintaqada, balki butun dunyo bo'ylab, liderlar nima deyayotgani, qanday g'oyalarni olg'a surayotganiga jiddiy e'tibor berish kerak. Bu bir saboq.

Tarixga boqsak, 1920-30 yillarda Adolf Gitler o'z maqsadlari va orzulari haqida kitob yozib, keyin ularni sistematik ravishda birma-bir amalga oshirgan. Biroq 1939-yilda Polshaga bostirib kirmaguncha, uni jiddiy qabul qilishmagan. Uni bu ahdidan qaytara olishlariga ishonishgan.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Xususan Sovet rahbariyati ham.

Elchi Daniel Rozenblum: Xuddi shunday, Molotov-Ribbentrop pakti. Liderlarning nima deyayotganiga yengil qaramaslik kerak. Qozog'istonni ham tilga oldingiz. U yerdagi masala ancha murakkab. Biz nima bo'layotganini aniq bilmaymiz. Lekin bir narsa aniq va buni O'zbekistonda ham anglashyapti: Xalq dardiga quloq solish kerak. Dard mojarolarga yetaklashi mumkin va o'zingiz bilmagan holda unga boshqalar ham aralashishi mumkin, masalan, Qozog'istonda Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti missiyasi.

Yana bir o'zgarish, buni mojaroga bog'lamoqchi emasman, O'zbekiston Qozog'iston bilan hamkorlikni ikki karra oshirdi. O'zbekiston rasmiylari Qozog'iston bilan aloqalar eng muhimi, deyishmoqda. Ikki qo'shni orasida manfaatlar va imkoniyatlar talay. Migrantlar borasida ham, bilamizki, keyingi yillarda ko'plab o'zbekistonliklar Qozog'istonga ishga ketmoqda. Rossiyaga emas, Qozog'istonga. Bu ham ijobiy omillardan darak beradi. Biz Markaziy Osiyoning besh respublikasi bilan mintaqaviy hamkorlik haqida muloqot qilib kelamiz. C5+1 platformamizda ko'zlagan maqsadlarimizdan biri O'zbekiston-Qozog'iston hamkorligida namoyon.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Demak, siz bu aloqalarni olqishlaysiz.

Elchi Daniel Rozenblum: Shunday.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Elchi janoblari, siz bilan suhbatimizni yana uzoq davom ettirishimiz mumkin. Bu shinam xonada, nihoyat oftob chiqqan Toshkentda. Biz uchun vaqt topganingizdan minnatdormiz.

Elchi Daniel Rozenblum: Sizga ham tashakkur.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Muxlislarimiz xursand bo'lishadi. Bilamiz, o'zbek tilida gapirgan videolaringiz ijtimoiy tarmoqlarda juda iliq qabul qilinadi.

Elchi Daniel Rozenblum: Katta rahmat. Men siz bilan muloqotdan hamisha maroq olaman. Oldingi intervyuda ham aytgan edim, men siz bilan suhbatda ko'p narsa o'rganaman. Buning uchun alohida rahmat!

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Bajonidil. Katta rahmat!

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG