Breaking News

AQShning eng yirik harbiy kemasi Shimoliy Atlantika bo'ylab safarga chiqdi


"USS Gerald Ford" avianosetsi
"USS Gerald Ford" avianosetsi

Amerika Qo'shma Shtatlarining eng yangi va eng ilg'or samolyot tashuvchi kemasi ittifoqchilar bilan harbiy mashg'ulotlar o'tkazish va Atlantika okeanining ochiq dengizlarini qo’riqlash uchun o'zining birinchi safarini boshladi.

“USS Jerald R. Ford” avianosetsi Shimoliy Atlantika suvlarida NATO davlatlaridan oltita, AQShdan bir nechta harbiy kema va suv osti kemalari ishtirok etadigan hujumkor dengiz guruhiga yetakchilik qiladi.

"Biz butun Atlantika okeanidan mashq maydonchasi sifatida foydalanamiz, - dedi kema qo'mondoni, dengiz floti kapitani Pol Lanzilotta. - Biz dengiz aviatsiyasi portfelida mavjud bo'lgan deyarli barcha missiyalarni bajaramiz."

AQShning eng so’nggi va eng yirik avianosetsi yigirmaga yaqin yangi texnologiya va butunlay qayta ishlangan parvoz palubasiga ega bo'lib, bu unga AQShning boshqa aviatashuvchilariga qaraganda 30 foiz ko'proq parvozlarni amalga oshirish imkonini beradi.

Yadro quroliga ega avianosets ixtiyorida, shuningdek, tahdidlarni aniqlash uchun yangi radar tizimi va samolyotlarni kemadan harakatlantirish uchun foydalaniladigan elektromagnitli uchirish tizimi bor.

“USS Ford” dunyodagi eng katta harbiy kema bo'lib, u dengizda 112 000 tonna suv o’rnini egallaydi. Bu “Nimits” sinfidagi tashuvchilardan 12 000 tonnaga va dunyodagi uchinchi eng yirik harbiy kema – Xitoyning yangi “Fujian aviatashuvchisidan 32 000 tonnaga ko'proq.

Dizayn va avtomatlashtirish sohasidagi sezilarli yangilanishlar tufayli kema “Nimitz” toifasidagi tashuvchilarga qaraganda, taxminan, 600 ta kamroq dengizchini talab qiladi. Bu kemaning 50 yillik faoliyati davomida milliardlab dollar pulni tejashga olib kelishi kutilmoqda.

Yangi avianosets yetakchilik qiladigan hujum guruhiga Kanada, Daniya, Finlyandiya, Fransiya, Germaniya, Niderlandiya, Shvetsiya, Ispaniya va AQSh kemalari kiradi. AQSh Harbiy-dengiz kuchlariga ko'ra, bu Ikkinchi jahon urushidan beri Atlantikada amalga oshirilayotgan eng yirik harbiy hamkorlik namoyishidir.

AQSh qo'mondoni, vitse-admiral Den Dvayerning so'zlariga ko'ra, Shimoliy Atlantikadagi mashg’ulotlar o’z ichiga havo mudofaasi mashqlari, uzoq masofaga zarba berish, taqsimlangan dengiz operatsiyalari, suv osti kemalariga qarshi hujum kabi amaliyotlarni o’z ichiga oladi.

Ushbu harbiy mashqlar Rossiya Ukrainaga urush ochishidan yetti oy o‘tib, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin jang maydonidagi og‘ir yo‘qotishlarga qarshi qo‘shimcha 300 ming askarni safarbar qilishga oid qaror chiqargan bir paytda yuz bermoqda.

Rossiyaning quruqlikdagi kuchlari, asosan, Ukraina bilan band bo'lsa-da, Kreml dengiz floti jang amaliyotlarida faol ravishda qatnashgani yo’q.

“Arktikadagi Ukraina inqirozi arafasida biz Rossiya dengiz kuchlarining faolligi sezilarli darajada oshganini koʻrdik. Shuning uchun Shimoliy Atlantika biz Rossiyani toʻxtatib turishimiz kerak boʻlgan juda muhim joy”, - deydi Brukings institutining Xalqaro tartib va strategiya bo'yicha loyihasi direktori Bryus Jons.

Jons Qora dengizdagi "Shimoliy oqim" gaz quvurining potentsial sabotajiga ishora qilib, Rossiya harbiy-dengiz kuchlari har qanday turdagi tajovuzkorlikka qodir ekanini aytadi.

“Biz yanada xavfliroq davrni boshdan kechirmoqdamiz, chunki Ukrainadagi vaziyat Rossiya uchun yomonlashgani tufayli Putin mojaroni Ukrainadan tashqariga olib chiqishga intilayotgan bo‘lishi mumkin”, - deya qo’shimcha qildi u “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

Samolyot tashuvchi kemalar suzuvchi, harakatlanuvchi havo bazalari sifatida ishlatiladi. Ular dengizda kemalar uchun havo mudofaa tizimini va dunyo bo'ylab istalgan nuqtaga hujum qilish qobiliyatini ta'minlaydi. Masalan, "Islomiy davlat"ga qarshi havo hujumlarini amalga oshirishda avianosetslardan samarali foydalanilgan.

“USS Ford” avianosetsi so’nggi 45 yilda ilk bor foydalanishga topshirilgan yangi sinfdagi samolyot tashuvchisidir. “Nimitz” toifasidagi tashuvchilarning yetakchi kemasi “USS Nimitz” yaqin oylarda so’nggi missiyasini tugatib, iste'foga chiqarilishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG