Breaking News

Xitoy uch yangi harbiy kemasini ishga tushirdi


Xitoy uch yangi harbiy kemani ishga tushirgani, deydi tahlilchilar, mamlakat Osiyo dengizlarida nazoratni kuchaytirish va AQShning mintaqadagi ta’sirini cheklash tomon yana bir qadamdir.

1200 sonli qo’shin hamda samolyot tashishga mo’ljallangan Dalian nomli avianosets, Haynan kreyseri va ballistik raketalarni tashuvchi Janjen-18 kemasini namoyish etish marosimida Prezident Si Zinpin ham qatnashgan.

“Xitoy harbiy bosim ostida ekan, kemasozlik sanoati va Xalq ozodlik armiyasining dengiz floti tezlikda rivojlanmoqda”, deya yozadi Pekinda asoslangan “Global Times” nashri.

Si Zinpin
Si Zinpin

Kuzatuvchilarga ko’ra, Xitoy rahbariyati yangi kemalarni AQShning o’z kemalarini bu hududga jo’natishini bartaraf etishda yordam beradigan richag sifatida ko’radi. Bu Pekinning dengizda to’la nazorat o’rnatish harakatlariga qarshilik ko’rsatayotgan boshqa Osiyo davlatlariga ham ogohlantirish.

Janubiy Xitoy dengiziga, 3,5 million kvadrat kilometrlik hududga Pekin qatorida harbiy jihatdan kuchsizroq boshqa davlatlar ham da’vogar – Bruney, Malayziya, Filippin, Tayvan va Vyetnam.

“Prezident Zinpin yangi kemalarni ishga tushirish marosimiga shaxsan o’zi borishi bilan shuni e’lon qilayaptiki, mamlakat harbiy-dengiz floti birlashgan, ko’p funksiyali, sohil mudofaasini bajara oladigan samarali jangovar kuchga aylanmoqda”, - deydi Tokiodagi Okean siyosati tadqiqoti institutidan Fabrizio Bozzato.

Xitoy qadimgi xaritalarga asoslanib Janubiy Xitoy dengizining taxminan 90 foizi unga qarashli ekanini aytadi. Mamlakat energetik zaxiralarga boy dengizda sun’iy orollar barpo etib, harbiy inshootlar qurgani qo’shni mamlakatlarni xavotirga solgan. Ular AQSh quvvatlovi va yordamiga tayanadi.

“Sobiq prezident Donald Tramp dengizning bahsli hududlarida, xususan, Tayvan yaqinida hujum rejalayapti, degan xavotir bor edi. Shu bois Pekin AQShning hozirgi rahbari Jo Baydenni “har qanday vaziyatga” tayyormiz deb ogohlantirgan”, - deydi tahlilchi Yun San.

2019 va 2020-yillarda AQShning 10 harbiy kemasi Janubiy Xitoy dengiziga jo’natilgan. Undan oldingi yillarda beshtadan kema yuborilgan edi.

Yun Sanning aytishicha, Zinpin ishtirokidagi marosim avvalo Xitoy xalqiga mamlakat kuchayib borayotgani, “moddiy boyligi” oshib borayotganini ko’rsatish uchun mo’ljallangan.

“Qolganlar uchun esa bu – ogohlantirish. Janubiy Xitoy dengizi masalasiga aralashayotgan davlatlar Xitoyning harbiy-dengiz flotiga e’tibor qaratsin, oqibatlaridan ehtiyot bo’lsin degan signal”, - deydi Yun.

Malayziyadagi strategik va xalqaro tadqiqotlar instituti xodimi Shariman Lokman nazarida qo’shni davlatlarni yangi kemalar emas, balki eksklyuziv iqtisodiy zonalarda Xitoy neft va gaz uskunalariga zarar yetkazishi mumkinligi ko’proq qo’rqitadi.

“Biz uchun [Malayziya uchun] neft va gaz sektori o’ta muhim. Ular uskunalarni suvdan olib tashlashiga ishora qiluvchi har qanday harakatlar odamlarni tashvishga soladi”, - deydi Lokman.

Britaniya Xalqaro strategik tadqiqotlar institutiga ko’ra, 2012-yilda Xitoy dengiz floti tarkibida 512 kema bo’lgan. Hozir esa 700 dan oshiq, deyiladi Globalfirepower.com ma’lumot bazasida.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG