Breaking News

Markaziy Osiyo, Kavkaz va Turkiyani birlashtirgan turkiy ittifoq shakllanmoqda


Turkoya rahbari Rajab Toyyip Erdog'an Turkiy davlat tashkiloti yig'inida, Boku, 15-oktabr, 2019
Turkoya rahbari Rajab Toyyip Erdog'an Turkiy davlat tashkiloti yig'inida, Boku, 15-oktabr, 2019

Markaziy Osiyo, Kavkaz va Turkiyani birlashtirgan turkiy ittifoq shakllanmoqda. Ammo bu birlik o’zaro cheklov va to’siqlardan xoli emas, asosiy muammo - avtoritar rejimlar.

Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) sammiti shu yilning noyabrida Samarqandda o’tadi. Bu anjumanda Turkmanistonning TDT a’zoligiga qabul qilinishi kutilmoqda.

Bu haqda Turkiya Tashqi ishlar vaziri Murod Chovusho’g’li ma’lum qilgan.

Turkmanistonning tashkilotga qo‘shilishi guruhni kengaytiradi, ammo bu ittifoq hozirdanoq cheklovlardan xoli emas. Turkmaniston tashkilotga Turkiya bilan vizasiz tartib bekor qilinishi ortidan qo’shilmoqda. Turkiya turkmanistonliklar vizasiz xorijga chiqishi mumkin bo’lgan dunyodagi kam sonli davlatlardan biri edi.

Aksariyati xorijda bo’lgan turkman faollari tomonidan chiqarilgan murojaatda Turkmaniston fuqarolari uchun vizasiz tartib bekor qilinishi turkiy xalqlar o’rtasidagi aloqalarni rivojlantirish talablariga zid ekanligi, Turkiya hukumati turkmanistonliklarga nisbatan “diskriminasiya” siyosatiga yo’l qo’yayotgani ta’kidlanadi.

Huquq himoyachilari Turkiyadan bu qarorni bekor qilishni so'ramoqda. Repressiyani kuchaytirayotgan Turkmaniston hukumatini emas, qashshoqlikdan, huquqsizlikdan aziyat chekayotgan turkmanistonliklarni qo’llashga chaqirmoqda.

Prezident Serdar Berdimuhamedov davrida Turkmanistonda repressiya yanada kuchaydi
Prezident Serdar Berdimuhamedov davrida Turkmanistonda repressiya yanada kuchaydi

Xorijdagi turkman faollari, xususan “Turkmannews” nashri muharriri Ruslan Myatiyevning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Turkmanistonning TDTga to’laqonli a’zo sifatida qo’shilishi Ashgabatning Anqaraga qo’ygan talabi bilan bog’liqligi ehtimoli katta.

Uning ta’kidlashicha, Turkmaniston hukumati mamlakat aholisi nazoratsiz xorijga chiqayotganidan jiddiy xavotirda, viza tizimi esa hukumatga nazoratni qaytaradi.

“Bundan tashqari Turkiyaga oqim ham kamayadi, chunki hammada ham viza olish, buning xarajatlarini ko’tarish imkoniyati yo’q. Bu Turkiyada noqonuniy ishlayotgan minglab tukrmanistonliklarni ortga qaytarish uchun ham kerak. Turkmanistonni TDTga a’zo bo’lishiga kelsak, bu ko’proq Turkmanistondan ko’ra Turkiyaning ambitsiyalari bilan bog’liq deb o’ylayman. Menimcha, bu Turkmanistonning neytralligiga biror ta'sir o’tkazmaydi, chunki TDT harbiy tashkilot emas”, - deydi Myatiyev.

Ayrim turkman faollari Turkmanistonning betaraflik maqomi turli siyosiy-harbiy masalalarni muhokama qilishi lozim turkiy davlatlar tashkiloti faoliyatida qanday aks etishi mumkinligiga diqqat qaratishmoqda.

Turkmaniston nafaqat neytralligi, balki turkiy davlatlar orasidagi eng avtoritar rejim ekanligi bilan ham ajrab turadi.

Shu yilning mart oyida otasi Qurbonguli Berdimuhammedov iste’fosi ortidan prezidentlikka kelgan Serdor Berdimuhammedov inson huquqlarini cheklovchi qator qarorlari bilan ko’zga tashlandi.

Turkman faollari Turkiya bilan vizasiz qatnov bekor qilish talabini o’z fuqarolari ustidan nazoratni yanada kuchaytirishni maqsad qilgan Berdimuhammedov irodasiga bog’laydi.

O’zbekiston noyabr oyida Samarqandda TDT sammiti o’tishni tasdiqladi, ammo uning kun tartibidagi masalalar yuzasidan axborot bergani yo’q.

Sammitda TDTda kuzatuvchi maqomida bo’lgan Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban ham ishtirok etadi. Bu ma’lumot prezident Mirziyoyevning Vengriyaga yakunlangan rasmiy safari davomida tasdiqlandi.

Budapeshtda Orban va Mirziyoyev o’rtasidagi muzokaralarda tomonlarning Turkiy davlatlar ittifoqi doirasidagi hamkorligi ham muhokama qilingan, Orban Samarqanddagi sammitda ishtirok etishi niyatida ekanini aytgan.

Vengriya 2018-yildan buyon TDTda kuzatuvchi. Orban turkiy dunyo integratsiyasi tarafdorlaridan. Bu qarash venger jamoatchiligi aksariyati o’z kelib chiqishi tarixini qadimgi turklarga bog’lashiga asoslanadi.

Turkmaniston ortidan Vengriya ham TDT a’zoligiga qo’shilishi bahsli masala. Ammo so’ngi paytda Vengriya va Yevropa Ittifoqi o’rtasida ziddiyatlar kuchaymoqda. Mamlakat bosh vaziri avtoritar boshqaruvda ayblanadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG