Breaking News

Eronda namoyishlar qariyb 20 shaharga tarqaldi, internet uzilgan


Tehron, 8-oktabr, 2022
Tehron, 8-oktabr, 2022

Eronda 22 yoshli ayolning politsiya idorasida o’limi ketidan namoyishlar davom etar ekan, bugun mamlakat internet xizmatida “jiddiy uzilish” yuz bergan. Kamida 19 shaharda odamlar ko’chalarga chiqqan.

Respublikada bu qadar keng miqyosdagi tartibsizliklar so’nggi bor 2009-yilda ro’y bergan edi. Namoyishchilar orasida neft sanoati ishchilari, o’quvchilar va hijobsiz ayollarni ko’rish mumkin.

Guvohlarning aytishicha, Tehron bo’ylab katta sonda politsiya kuchlari va fuqaro kiyimidagi zobitlar safarbar etilgan. Mobil internet xizmatida ham uzilishlar ro’y berdi.

Internet erkinligini kuzatuvchi “NetBlocks” tashkiloti ma’lumotiga ko’ra, Eronda internet trafik hatto talabalar darsda bo’lgan kunduz kuni ham 25 foizgacha kamaygan.

“Norozilik namoyishlari fonida erkin ma’lumot oqimi yanada cheklanishi mumkin”, - deya xulosa qiladi “NetBlocks”.

Uzilishga qaramay guvohlar Tehronda ro’molini yechgan 30 ga yaqin ayol “Diktatorga o’lim!” deb namoyish o’tkazganini aytishadi. Mamlakat oliy rahnamosi Oyatulla Ali Xomeneiyga qaratilgan bu kabi hayqiriqlar yopiq sudga va o’lim jazosiga yetaklashi mumkin.

Yo’llarda mashinalar signal chalib, ayollar namoyishini qo’llab-quvvatlagan. Guvohlarning aytishicha, hijobini yechib boshqa namoyishlarda qatnashayotgan xotin-qizlar ham bor. Tehron universitetlarida ham norozilik aksiyalari o’tganini ko’rsatuvchi videolar paydo bo’ldi.

Eron Markaziy advokatlar uyushmasining Tehrondagi idorasi qarshisida advokatlar tinch namoyish o’tkazdi. Ular “Ayollar, hayot, erkinlik”, deya hayqirgan. Videoda xavfsizlik kuchlari ularga qarshi ko’zga yoshlantiruvchi gaz qo’llaganidan so’ng faollar qochganini ko’rish mumkin.

12-oktabr kuni fuqarolar Eronning Bahoriston, Sheroz va Rasht shaharlarida ham ko’chaga chiqqan. Jurnalistlarning himoya qilish qo’mitasiga ko’ra, internetga qo’yilgan cheklovlar va kamida 40 jurnalist hibsga olingani tufayli mamlakatdagi voqealar haqida ma’lumot to’plash qiyin.

Eron hukumati Mahsa Aminiyga jismoniy zarar yetkazilmaganini ta’kidlab kelmoqda. Biroq oilasi uning badanida kaltaklanganini ko’rsatuvchi belgilar bo’lganini aytadi. Aminiy hijobini noto’g’ri o’raganligi vaji bilan axloq politsiyasi tomonidan olib ketilgan edi.

Xavfsizlik kuchlari, Tehron, 3-oktabr, 2022
Xavfsizlik kuchlari, Tehron, 3-oktabr, 2022

So’nggi haftalardagi videolarda xavfsizlik kuchlari namoyishga chiqqan ayollarni kaltaklayotgani va turtayotgani aks etgan.

Oyatulla Ali Xomeneiy bugungi nutqida norozilik aksiyalari ortida Eronning dushmanlari turganini yana da’vo qildi.

“Ushbu shaxslarning ba’zilari dushman unsurlaridir. Bunday bo’lmgan taqdirda ham ularning dushman bilan tili bir”, - deydi u.

Eron davlat televideniyesi esa hijob kiyish majburiyatini qo’llab-quvvatlayotgan ayollar videosini namoyish etdi.

Kurd ayolning o’limi ayniqsa Eronning kurd hududlarida aholi g’azabini oshirgan. Kurd huquq tashkilotlari taqdim etgan videolarda ayrim joylarda yopilgan do’konlar va bo’m-bo’sh ko’chalar ko’rsatilgan. Faollar buni ish tashlash deya tasvirlamoqda.

Namoyishlarga Aminiyning o’limi turtki bergan bo’lsa-da, Erondagi iqtisodiy inqiroz yuzasidan norozilik yillardan beri kuchayib borayotgan edi. Tehronning yadroviy dasturi sabab qo’yilgan xalqaro sanksiyalar bois rial qiymati keskin tushib ketgan.

Namoyishlarda shu kungacha qancha odam o’lgani yoki hibsga olingani noma’lum. Osloda asoslangan Eron inson huquqlari tashkiloti hisobicha, kamida 201 kishi halok bo’lgan.

Javonrud, 9-oktabr, 2022
Javonrud, 9-oktabr, 2022

Bu raqam Zohidon shahrida bir ayolni zo’rlashda ayblangan politsiyachiga qarshi namoyishlar paytida o’ldirilgan taxminan 90 kishini ham o’z ichiga oladi. Rasmiylar Zohidondagi zo’ravonlikda bo’lginchilar ham ishtirok etganini qayd etmoqda, biroq tafsilotlar noma’lum.

Politsiyaning olomonga o’q uzgani tasvirlangan videolar ham tarqaldi. Eron politsiyasi rahbari general Husayn Ashtariyning da’vo qilishicha, “chet eldagi aksilinqilobiy guruhlar” politsiya formasini kiyib, odamlarga qarata o’q uzgan. General isbot-dalillar keltirmadi. Uning aytishicha, bu odamlarning ayrimlari qo’lga olingan.

Eron Ta’lim vaziri Yusuf Nuriy esa namoyishlar paytida maktab yoshidagi bolalar ham hibsga olinganini ilk bor tasdiqlagan. Hibsdagilar soni noma’lum. “Sharq” gazetasining yozishicha, bu bolalar qamoqda emas, ruhiy shifoxonada saqlanmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG