Breaking News

Eronda namoyishni yoritgan jurnalistlar tazyiq ostiga olinmoqda


Eronning axloq politsiyasi qo'lida halok bo'lgan 22 yoshli Mahsa Aminiy surati aks etgan gazeta, Tehron, Eron, 18-sentabr, 2022-yil
Eronning axloq politsiyasi qo'lida halok bo'lgan 22 yoshli Mahsa Aminiy surati aks etgan gazeta, Tehron, Eron, 18-sentabr, 2022-yil

Eronda norozilik namoyishlarini yoritayotgan jurnalistlar, xususan, OAVlarning ayol xodimlari tazyiq ostiga olinayotgani xabar qilinmoqda.

Erondagi jurnalistlar “ochiq gapirishdan qoʻrqishadi”, deydi Jurnalistikadagi ayollar koalitsiyasi asoschisi Kiran Nazish.

Eron axloq politsiyasi tomonidan hibsga olingan 22 yoshli Mahsa Aminiyning o‘limi haqida xabar bergan va namoyishlarni yoritgan o‘nga yaqin jurnalist hibsga olingan. Ulardan kamida uch nafari ayollar. Huquq guruhlari va Eron diasporasi yangiliklar veb-saytiga ko'ra, noroziliklar davom etar ekan, rasmiylar internetga kirishni ham cheklagan.

Eron davlat televideniyesi xavfsizlik kuchlari bilan zo‘ravon to‘qnashuvlarda qurbon bo‘lganlar soni 26 nafarga yetgan bo’lishi mumkinligini aytdi. Boshqa manbalarga ko’ra esa, halok bo’lganlar soni 100 ga yaqinlashgan.

Jurnalistikadagi ayollar koalitsiyasi hibsdagi kamida uch nafar ayol jurnalistning kim ekanidan xabardor: bular dushanba kuni Tehrondagi norozilik namoyishlarini yoritish paytida o'zining hibsga olingani haqida Instagramda xabar bergan fotojurnalist Yalda Moayeri; “Sharq Daily” gazetasi muxbiri Nilufar Hamidiy hamda Aminiyning ishi haqida xabar bergan Tehrondagi muxbir Fotima Rajabiy.

Yana bir faol ayol va uning eri ham hibsga olingani haqida xabarlar bor.

Rasmiylar Hamidiyni Aminiy olib ketilgan kasalxonaga borgani uchun so’roq qilishgan va jihozlarini musodara qilishgan, deydi Nazish.

Ingliz tilidagi “Iran Wire” nashriga ko'ra, “Mokrian” nashrida ishlaydigan ikki aka-uka – Mas’ud va Xusro Kordpur chorshanba kuni Bukan shahrida hibsga olingan. Unda ma'lum qilinishicha, rasmiylar jurnalistlarni namoyishlarni yoritmaslik haqida ogohlantirgan.

Ommaviy axborot vositalari xodimlarining hibsga olingani haqidagi xabarlarni tekshirayotgan Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasi (CPJ) hibsga olingan kamida 11 kishi orasida Mas’ud Kordpur ham borligini qayd etgan.

Hibsdagilarni ozod qilishga chaqiriqlar

Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasining Yaqin Sharq dasturi koordinatori Sherif Mansur o'z bayonotida Tehronni barcha hibsga olinganlarni ozod qilishga va "jamoatchilikni xabardor qilish uchun muhim bo'lgan internetga kirishni tiklashga" chaqirdi.

Eronning Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi missiyasi “Amerika Ovozi”ning elektron pochta orqali izoh so’rab yuborgan murojaatiga javob bermadi.

Rossiya Eron bilan yaqinlashmoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:01:49 0:00

Jurnalistikadagi ayollar koalitsiyasi Eronda repressiyadan qo'rqqan o'nga yaqin jurnalist bilan gaplashganini aytdi. Xavfsizlik nuqtai nazaridan Nazish nomini oshkor qilmagan jurnalistlardan biri norozilik namoyishlarida qatnashganlarning hibsga olinganini eshitib, bir do‘stining uyida yashirinishga majbur bo’lgan.

“Bu jurnalistlarning ba'zilari avval hibsga olingan, shuning uchun bu ular uchun yangilik emas. Ular hozirgi norozilik namoyishlarini yoritish xavfini to'liq bilishadi", - dedi tashkilot vakili Nazish elektron pochta orqali. - Bir jurnalist bizga ularning yangiliklar kanalida davom etayotgan namoyishlar haqida xabar bermaslik bo'yicha aniq ko'rsatmalar borligini aytdi".

Eron ommaviy axborot vositalari erkinligi bo'yicha juda yomon ko’rsatkichga ega bo'lib, Jahon matbuot erkinligi indeksida 180 mamlakat ichida 178-o'rinni egallagan.

Indeksni tuzuvchi “Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti Eronni “jurnalistlar uchun eng repressiv [mamlakatlardan] biri” deb taʼriflaydi. Bu yerda OAV deyarli toʻliq rejim nazorati ostida.

Ommaviy axborot vositalaridagi ayollar uchun xavf yanada katta bo'lishi mumkin. Jurnalistikadagi ayollar koalitsiyasi hozirda Eron bo'ylab hibsga olingan kamida 17 nafar ayol jurnalist borligini, jumladan, namoyishlar tufayli hibsga olinganlar haqida bilishini aytdi.

"Eron ayol jurnalistlar uchun eng xavotirli va haqiqatan ham eng xavfli davlatlardan biri", - dedi Nazish.

Eron bo‘ylab norozilik namoyishlari kuchaygan bir paytda internetga kirish to’sib yoki cheklab qo’yildi. Shuningdek, Aminiy nomi yozilgan fors tilidagi matnli xabarlarga blok qo’yilgan.

“Associated Press”ga ko’ra, Eron telekommunikatsiya vaziri cheklovlar “xavfsizlik muammolari tufayli” kiritilishi mumkinligini aytgan.

Vashington choyxonasi: axborot urushi, ijtimoiy tarmoqlar va so'z erkinligi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:40:30 0:00

“Access Now” raqamli huquqlar guruhiga ko'ra, so'nggi 12 oy ichida Eronga uchinchi marta internet o’chirilmoqda.

"Eronda odamlar g'azablangan va internetni to'sib qo'yish ularni tinchitmaydi, - deydi “Access Now” kompaniyasining Yaqin Sharq siyosati va targ'iboti bo'yicha menejeri Marva Fatafta. - Eron rejimi Mahsa Aminiyning dahshatli oʻlimini tergov qilish oʻrniga, oʻz xalqiga nisbatan inson huquqlarining muntazam ravishda poymol etilishini yashirishga urinib, repressiyalarni kuchaytirmoqda”.

Jurnalistlar xavotirda

Namoyishlarni yoritgan jurnalistlar hibsga olinishdan qo'rqib yashirinishga majbur bo’lmoqda, dedi Nazish. Ba'zilarida ketish uchun pasport yoki hujjatlar yo'q, uning so'zlariga ko'ra, bu ularni "repressiya va senzura qo'rquvi o'rtasida qolib ketish"ga mahkum qilgan.

AQSh juma kuni mavjud sanksiyalarni raqamli texnologiyalar sohasidagi yutuqlarga moslashtirish orqali Eronda internetga kirishni qo'llab-quvvatlashga qaratilgan yangi choralarni e’lon qildi.

Bu orqali AQSh texnologiya kompaniyalari eronliklarga "xavfsiz, tashqi platformalar va xizmatlar"dan foydalanish imkoniyatini taqdim etishlari mumkin.

“Biz bu qadamni keskin o’zgarishlar fonida tashlayapmiz. Eron hukumati tinch namoyishchilarni zo‘ravonlik yo’li bilan bostirayotganini xalq ko’rmasligi uchun 80 millionlik fuqarolarning aksariyati internetga kirish imkoniyatidan uzib qo’yildi”, — dedi Davlat kotibi Entoni Blinken. - Ushbu qadamlar orqali biz Eron xalqining yolg'iz va zulmatda qolmasligiga yordam beramiz".

Shuningdek, AQSh Moliya vazirligining Chet el aktivlarini nazorat qilish boshqarmasi payshanba kuni Aminiy o'limi hamda namoyishchilar va muxolifat ovozlari kuch bilan bostirilgani tufayli Eron politsiyasi a'zolari va yuqori martabali amaldorlari sanksiyaga tortilishi haqida ma’lum qildi.

"Mahsa Aminiy jasur ayol edi, uning axloqiy politsiya nazoratida o'limi Eron rejimi xavfsizlik kuchlarining o'z xalqiga qarshi navbatdagi shafqatsiz harakati bo'ldi", - dedi Moliya vaziri Janet Yellen.

“Biz bu vijdonsiz harakatni keskin qoralaymiz va Eron hukumatini ayollarga nisbatan zo‘ravonlikni hamda fikr bildirish va yig‘ilishlar erkinligini zo‘ravonlik bilan ta’qib qilishni to‘xtatishga chaqiramiz”, — deyiladi vazir bayonotda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG