Breaking News

Arlington Milliy qabristoni yangicha dafn usullari orqali kengaytiriladi


Ekologik toza dafn marosimlari
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:56 0:00

Ekologik toza dafn marosimlari

AQSh harbiy xizmatchilari va urush veteranlari dafn qilinadigan Arlington Milliy qabristonida bo’sh joy tugab bormoqda. Uning hududini kengaytirish esa juda qimmat va uzoq vaqt oladigan jarayon. Bu orada dafn marosimini atrof-muhit uchun yanada xavfsiz qilishga chaqiriqlar kuchaymoqda.

II Jahon urushi veterani Jozef DiFelis 2016-yil Arlington Milliy qabristoniga dafn etilgan.

Uning qizi Donna DiFelis ko’plab harbiylar vatan va ozodlik uchun jon berganini eslatib, ularni so’nggi manzilga sharaf bilan kuzatish lozimligini aytadi.

Qabristonda qo’shimcha joylarni yaratish kerak, deydi u.

“Biz ozodlikning qadriga unchalik yetmaymiz. Harbiylar uni biz uchun himoya qilishdi. Shu bois ular maxsus e’tiborga loyiq”, - deydi Donna.

Inqilob urushidan tortib bugungacha bo’lgan turli harbiy ixtiloflarga oid 400 mingdan ortiq askar Arlington Milliy qabristoniga ko’milgan. Ilk qabr toshi qo’yilgan 1864-yildan beri Pentagon yaqinidagi bu maskan olti marta kengaytirilgan.

Uni yettinchi bor kengaytirish rejalanmoqda. Loyiha kamida 420 million dollarga tushadi.

Dafnning ekologik xavfsiz usuli
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:10 0:00

“Loyiha ortidan yangi o’rinlar soni 80 mingdan oshadi. Ularning uchdan bir qismi an’anaviy tobutli qabrlar uchun, yana uchdan biri krematsiya orqali ko’miladiganlar uchun, qolgani krematsiyadan keyingi xoklar saqlanadigan joy uchun bo’ladi”, - deydi polkovnik Tomas Ostin.

Yangi o’rinlar ham 2060-yilgacha qabrlar bilan to’lishi aytilmoqda. Ayni paytda AQShda harbiy xizmatchilar soni ikki milliondan ortiq. Qabristonga ko’miladiganlar uchun shartlarni kuchaytirish masalasi ham ko’rib chiqilmoqda.

Jang maydonida halok bo’lganlar, sobiq urush asirlari hamda Kumush yulduz nishoni va undan yuqori martabaga ega bo’lgan harbiylargina an’anaviy tarzda ko’milish imkoniyatiga ega bo’ladi.

Albatta, Arlington yagona variant emas, deydi Amerika Harbiy ofitserlar assotsiatsiyasi vakili Mark Belinskiy.

“Milliy qabriston agentligi 155 ta qabristonni boshqaradi. Shu bois dafn marosimlarini o’tkazadigan guruhni allaqachon mavjud va ishlab turgan boshqa milliy qabristonga ko’chirish mumkin”, - deydi u.

Yana bir boshqa chora - an’anaviy ko’mish usullarini qayta ko’rib chiqish, deydi soha eksperti Eduard Biksbi.

“Jasadni mo’miyolash va natijada badanga yoki ekotizimga zaharli moddalarni qo’shish shart bo’lmaydi. Ular biologik parchalanadigan qutilarga solinadi. Boshqa maxsus tobutlarsiz ularni shu asosda to’g’ridan to’g’ri yerga qo’yish mumkin. Demak, tabiatga hech qanday ortiqcha chiqindi qo’shilmaydi”, - deydi u.

Arlington Milliy qabristonining “Amerika Ovozi”ga aytishicha, ko’mish jarayonida ekologiyaga oid barcha talab va standartlarga to’liq rioya qilinadi.

Ammo an’anaviy dafn marosimini atrof-muhit uchun yanada xavfsiz qilish bo’yicha chaqiriqlar kuchaymoqda. Masalan, Kaliforniya yaqinda inson jasadini tabiiy yo’l bilan chiritishga ruxsat bergan shtatlar qatoriga qo’shildi.

Ekologik toza dafn marosimi deb ataluvchi jarayon krematsiya qilingan jasad xokini biologik parchalanuvchi maxsus idishlar orqali yerga ko’mishni o’z ichiga oladi. Bu usul Arlingtonda ham yo’lga qo’yilgan, ammo ommalashmagan.

“Shunday usul asosidagi dafn marosimi oxirgi marta 2013-yilda bo’lgan edi. Yashil dafn hududida hozir to’rtta shunday jasad bor. Agar talab oshsa, buning uchun yetarli joy bor”, - deydi qabriston xodimi Nil Makintayr.

Veteran ishlari agentligi yangi qabristonlarning uchtasida ekologik toza jasadlar uchun maxsus joy ajratgan. Ammo ular oldin Kongress tasdig’idan o’tishi kerak.

“Ko’pincha, yashil dafn marosimi ortidan qabrlar ustida deyarli hech qanday belgi bo’lmaydi. Lekin har bir qabrning o’rnini belgilaydigan nimadir bo’lishi kerak. Hozir shuni amalga oshirish imkoniyati ustida ishlayapmiz”, - deydi agentlik vakili Lisa Pozzebon.

Donna DiFelis ham atrof-muhitni himoya qilgan holda askarlarni sharaflash tarafdori. Veteranlar buni qo’llab-quvvatlashi kerak, deydi u.

“Ko’proq talab qilinsa, tezroq shunday imkoniyatni taqdim etishadi”, - deydi u.

Ungacha Arlington Milliy qabristonida har kuni 30 tagacha dafn marosimini an’anaviy usulda o’tkazish davom etadi.

Qabristonni kengaytirish ishlari 2028-yilda tamomlanishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG