Breaking News

Oraliq saylovlar tarixi: Kongress nazorati kimning qo'liga o'tadi?


AQSh tarixidagi muhim oraliq saylovlar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:32 0:00

AQShda oraliq saylovlar, ko'pincha, amaldagi prezident siyosati bo'yicha referendum sifatida ko'riladi. Prezidentlar har to’rt yilda saylanadi, oraliq saylovlar esa prezident saylanganidan ikki yil o'tgach yoki prezidentlik muddatining o’rtasida bo'lib o'tadi. Bu saylovda Vakillar palatasinng to’liq tarkibi, shuningdek, ko'plab gubernatorlik va shtat qonunchilik o’rinlari hamda Senatning uchdan bir qismi qayta saylanadi.

So'nggi 150 yil ichida o'tkazilgan barcha muhim oraliq saylovlarda Vakillar Palatasini boshqargan hukmron partiya ko’pchilik o’rinlarni boy bergan.

2018-yil

Donald Tramp 2016-yil prezident etib saylanganida, Respublikachilar partiyasi Kongressning har ikkala palatasini ham nazorat ostiga olgan edi. 2018-yilgi oraliq saylovlarda esa respublikachilar palatadagi 42 o‘rinni boy berib, ko‘pchilik nazoratini qo’ldan chiqardi. Ular Senat ustidan hukmronlikni saqlab qolgan bo'lsa-da, demokratlar hukmron yangi palata Trampni ikki marta impichment qilish uchun ovoz berdi. Respublikachilar nazoratidagi Senat har ikki holatda ham prezidentni oqladi.

Oraliq saylovlar: Kongressdagi o’rinlar uchun kurash
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:15 0:00

2010-yil

Prezident Barak Obama 2009-yilda birinchi marta lavozimiga kirishganda, demokratlar Oq uyni va Kongressning har ikki palatasini, shu jumladan, Senatdagi 60 o'rinli ko'pchilik nazoratini qo’lga kiritgan edi. Ammo oradan ikki yil o'tib, konservativ Choychilar harakati tufayli Respublikachilar partiyasi Vakillar palatasida ko'pchilik o’rinlarni tortib oldi. Demokratlar quyi palatada 64 ta o'rinni boy berdi – bu 1948-yildan beri oraliq saylovlarda palatada yuz bergan eng katta yo’qotish edi. Demokratlar Senatdagi yaqqol ustunlikni ham qo’ldan chiqardi, ammo kichik miqdordagi nazoratni saqlab qoldi. Bu o’zgarishlar tufayli keyingi olti yillik faoliyatida Obama olg’a surgan ko’plab tashabbuslar Kongress to’sig’iga duchor bo’ldi.

1994-yil

Prezident Bill Klinton davrida Vakillar palatasidagi respublikachilar yetakchisi Nyut Gingrich o'zining "Amerika bilan shartnoma" deb nomlangan yangi rejasi bilan 40 yil ichida birinchi marta o'z partiyasiga palatani nazorat qilish imkoniyatini taqdim qildi. Demokratlar Vakillar Palatasini ham, Senatni ham boy berdi. Natijada Klinton yangi Kongress bilan ziddiyatli munosabatlarga ega bo’ldi. Xarajatlar bo'yicha uzoq davom etgan bahslar va byudjetning o’z vaqtida qabul qilinmasligi tufayli hukumat bir muddat o’z ishini to’xtatishga majbur bo’ldi. Ammo ikki tomon islohotlar va muvozanatli byudjetni qabul qilish masalasida nihoyat til topishdi.

Vashington choyxonasi: AQSh Kongressi uchun oraliq saylovlar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:22:46 0:00

1946-yil

1946-yilgi oraliq saylovlarda respublikachilar demokrat prezident Garri Trumanning urushdan keyingi iqtisodiy siyosatiga nisbatan xalq noroziligidan unumli foydalanib, Kongressning har ikkala palatasida nazoratni qo’lga kiritdi. Saylov 1932-yil Buyuk depressiya davrida Franklin D. Ruzveltning prezidentlikka saylanishi bilan boshlangan Kongressdagi 14 yillik demokratlar hukmronligiga barham berdi. 1946-yilda saylangan Kongressning yangi aʼzolari orasida ikki boʻlajak prezident ham bor edi: demokrat Jon Kennedi va respublikachi Richard Nikson.

1894-yil

1800-yillar oʻrtalarida zamonaviy partiyalar tizimi qurilgandan beri Palatadagi oʻrinlarning eng katta almashinuvi 1894-yildagi oraliq saylovlar chogʻida sodir boʻldi. Demokratlar 125 oʻrinni yoʻqotdi, bu oʻsha paytda palata umumiy aʼzolarining 35 foizini tashkil etar edi. Respublikachilar mamlakatning iqtisodiy tushkunligida prezident Grover Klivlendning demokratik ma'muriyatini ayblab, Janub, O'rta G'arb va g'arbiy shtatlarda aksariyat saylovchilar ovozini qo’lga kiritdi. Saylovdan keyingi 16 yil davomida Vakillar palatasi to’liq Respublikachilar nazorati ostida bo’ldi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG