Breaking News

Amerika yangi Kongress uchun ovoz berdi


Michigan shtati, 8-noyabr, 2022
Michigan shtati, 8-noyabr, 2022

Bugun amerikaliklar bergan ovoz davlatning kelasi ikki yil ichida qay tomon yo'nalishini belgilaydi. Prezident Jo Baydenning Oq uydagi qolgan muddati qanchalik samarali bo'lishi ham mana shu ovozlarga bog'liq.

Vakillar palatasidagi barcha 435 o'rin, 100 a'zolik Senatdagi 35 o'ringa nomzodlar orasida kimlar g'olib, to'liq natijani bilish uchun vaqt kerak.

Saylov kunigacha 45 milliondan oshiq amerikalik allaqachon ovoz berib bo'lgan edi.

Saylov kunida ovoz berganlar bilan jami qatnashchilar 120 millionga yaqinlashishi mumkin.

Tarixan, prezidentning partiyasi oraliq saylovlarda, ya'ni Oq uydagi muddatning o'rtasida yutqazadi. Muxolifat qonunchilik organini qo'lga olishi bilan esa davlat rahbarining ishi yanada qiyinlashadi. Murosa yo'llarini topish har ikki tomondan kuchli iroda talab qiladi.

Demokratiya muammolarni abadiy hal qiladigan jarayon emas, deya eslatadi tahlilchilar, demokratiya talab qiladi. Yangi Kongress va Oq uy Amerika ravnaqi uchun til topishishga majbur, chunki xalqqa xizmat qilishi kerak, shuning uchun ovoz olgan.

Kongress, Vashington, 8-noyabr, 2022
Kongress, Vashington, 8-noyabr, 2022

Federal tizimda Adliya vazirligi saylov kuni ovoz berishda muammolar chiqsa, aralashishi kerak, aks holda jarayon butkul mahalliy mustaqil organlar iznida.

Bugungi saylovda Missuri va Florida shtatlarida vazirlik mutasaddilari tekshiruv olib borgan.

Ovoz berishni Respublikachilar va Demokratik partiyalarning vakillari kuzatadi.

Saylov natijalari yuzasidan tadqiqot markazlari o'z taxminlarini bayon qila boshlagan.

FiveThirtyEight.com platformasiga ko'ra, respublikachilarning Senatni yutish ehtimoli 59 foiz, Vakillar palatasida esa bu partiya g'alabasi 84 foiz aniq.

Saylov rasmiylari deydiki, to'liq natijalar aniqlanishi uchun bir necha kun ketishi mumkin.

Nyu-Meksiko shtatida saylov kuni, 8-noyabr, 2022
Nyu-Meksiko shtatida saylov kuni, 8-noyabr, 2022

Saylovchi uchun nima muhim?

"Pew" tadqiqot markazi o'tkazgan ommaviy so'rovlarda saylovchilarning 75 foizidan oshig'i uchun iqtisod birlamchi omil ekanini aytgan.

“Kredit foizlari oshganni, uy-joy qimmatlashgani, yonilg'i va oziq-ovqat narxi ko'tarilgani odamlarni qiynamoqda", - deydi Jorjiya shtatidan Amanda Daglas ismli saylovchi.

Oliy sud bu yili abort huquqini cheklovchi qaror chiqarganiga ham qarshilik kuchli.

“Sog'liqni saqlash borasida har bir odam erkin bo'lishi kerak, nima istasa, shuni qilsin”,- deydi Tereza Allmend, yana bir amerikalik.

Demokrat senator Rafael Vornok fikricha, bugun Amerika xalqi demokratiya kelajagini ta'minlash uchun ovoz berdi.

Uning Senatdagi o'rniga da'vogar respublikachi Hershel Voker nazarida esa ovoz berishning o'zi yetmaydi, "to'g'ri odamga ovoz berish kerak".

Emmett Shid ismli amerikalik Prezident Baydendan norozi.

"Demokratlarning ishini ko'rib, dahshatdaman. Masalan, chegaralarimizga qarang... Ochiq darvoza", - deya noliydi u, immigratsiya tizimini isloh qilishga undar ekan.

Sintiya Jouns ismli amerikalik esa respublikachilarni Amerikani barbod qilishga urinayotganlikda ayblaydi.

“Kambag'allar uchun odam emas, ular faqat boylar uchun ishlaydi", - deya shikoyat qiladi Jouns, sobiq prezident Donald Tramp va uning tarafdorlari va'dabozlik va yolg'onda ayblar ekan.

45 milliondan oshiq amerikalik erta ovoz bergan
45 milliondan oshiq amerikalik erta ovoz bergan

Vakillar palatasiga spiker bo'lishga shaylanayotgan Kevin Makkarti Bayden tanishtirgan qator dasturlar uchun mablag'ni qirqmoqchi.

Makkarti va uning yetakchiligidagi respublikachilar Ukrainaga yordamni qayta ko'rib chiqib, harbiy madadni kamaytirishi mumkin, agar g'alaba qozonishsa.

Hozirgacha AQSh Ukrainaga Rossiya bilan urushda 27 milliard dollardan ziyodga teng ko'mak ko'rsatgan, harbiy va noharbiy.

Makkarti deydiki, Vashington Kiyevga shartsiz yordam bermasligi lozim.

Demokratlar nazarida respublikachilar "har doimgidek Amerikani xalqaro hamjamiyatdan, ittifoqchilar va hamkorlardan uzoqlashtirish payida".

Tramp 2024-yilda prezidentlik uchun kurashishga bel bog'lagan. 2020-yilda Oq uyni Baydenga boy berganini hamon tan olmagan.

Bayden ham prezidentlikka qayta saylanishga harakat qilishi mumkin.

Prezident deydiki, iqtisod astalik bilan yana izga tusha boshlagan va eng muhimi, AQShda ishsizlik muammo emas. Narxlar ko'tarilgani, Baydenning so'zlariga ko'ra, jahon bozoridagi chigalliklar bilan bog'liq.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG