Qatarda futbol bo’yicha jahon chempionati davom etar ekan, “Amerika Ovozi” musobaqa uchun inshootlarni qurish jarayonida halok bo’lgan migrant ishchilarning oilalari bilan gaplashdi.
Qatar 2010-yil jahon chempionatini o’tkazish huquqini qo’lga kiritishi ortidan huquq faollari mamlakatda xorijlik migrant ishchilarga qarshi jabr-zulm kuchaygani haqida kengroq xabar bera boshladi.
10 yilcha oldin Nepalning Danusha tumanidagi yuzlab yosh yigitlar ish izlab Qatarga yo’l oldi.
Ularning ortda qolgan oilalari odlida boshqa tanlov ham yo’q edi. Aslani Devi Yadavning aytishicha, eri Muneshvar Qatarga ketishidan oldin Nepalda bir kunda 4 kg. guruch uchun ishlagan. U 2018-yil Qatarda vafot etdi.
“U payt bolalarimiz yosh edi. Chet elga borib, ularning ovqati va maktabi uchun pul ishlab kelishga qaror qilgan edi”, - deya eslaydi Yadav.
Muneshvar qurilishda ishladi. Ko’pincha og’ir yuk ko’tarib, osmono’par bino tepasiga chiqardi. U kechasi yurak xurujidan vafot etgani haqida xabar qilishdi.
“Uning jasadini 15 kundan keyin olib kelishdi. Uyimizda so’nggi urf-odatlarni o’tkazdik”, - deydi ayol.
“Xalqaro amnistiya” tashkilotiga ko’ra, Qatarda ish joyida o’lgan migrantlarning aksariyatiga yurak kasalligi yoki boshqa tabiiy sabablar bilan o’lgani haqida guvohnoma berilgan.
Yosh yigitlarning tabiiy o’lim topishi mumkin emas, deydi shifokorlar.
Bu degani, ish beruvchilar yuz bergan o’lim uchun huquqiy yoki moliyaviy javobgar bo’lishni istamaydi. Yadav kabi ortda qolgan ayollarning hayoti esa yanada qiyinlashadi.
“Erim o’lgach, hech qanday daromad manbaimiz qolmadi. Yerimni sotdim. Shundan qolgan pulga kun kechiryapmiz hozir”, - deydi beva ayol.
Bu pul tugasa, Yadav farzandlarini ishga chiqarmoqchi. Chunki bir dona sigiri bergan sut-qatiqni sotish bilan oilani boqib bo’lmaydi.
2021-yil "Guardian" nashri o'tkazgan surishtiruv natijalariga ko'ra, Qatar jahon chempionati mezbonligini qabul qilib olgandan beri bu mamlakatda 6500 dan ortiq xorijlik migrant o'lgan.
Qatar rasmiylari bu hisobotga munosabat bildirishdan bosh tortdi.
Facebook Forum