Breaking News

Yozgi Olimpiya o’yinlari koronavirus sabab kechiktirilishi mumkin


Ayrim manbalarga ko’ra, Yozgi Olimpiya o’yinlari 24-iyulda Tokioda boshlanishi kutilgan 15 kunlik musobaqa koronavirus sabab kechiktirilishi mumkin. Yaponiya hukumati Olimpiada qoldirilmaydi, deb kelayotgan edi.

Bosh vazir Shinzo Abe musobaqa yordamida turizm va savdoga turtki bermoqchi. Olimpiya o’yinlariga tayyorgarlik salkam 12 milliard dollarga tushgan.

Tashkiliy qo’mitaga aloqador bir manbaga ko’ra, ayni paytda qo’mita a’zolari musobaqa kechiktirilsa, vaziyat qanday bo’lishini bashorat qilishga kirishgan.

“Muqobil rejalar ustida ishlayapmiz – B, V va G rejalar ustida, ya’ni musobaqani turli sanalarga kechiktirish ehtimollari ko’rilmoqda va bu hisoblarda xarajatlar ham inobatga olinmoqda", - deydi u.

Tokio-2020 tashkilotchilari ham, Xalqaro Olimpiya qo’mitasi (XOQ) rasmiylari ham, Yaponiya hukumati ham bu ma’lumotni izohlagani yo’q.

Mart oxirida Olimpiya o’yinlari ko’lamini pasaytirish yoki tomoshabinlarsiz o’tkazish ehtimollari ham muhokama etilishi aytilmoqda.

Ba’zi manbalar musobaqa 1 yoki 2 yilga, ba’zilar esa bir oy-45 kunga kechiktirilishi mumkinligini aytmoqda.

Yakuniy qarorni Xalqaro Olimpiya qo’mitasi qabul qiladi, ammo Yaponiya hukumatining fikri ham inobatga olinadi.

XOQ Bosh kotibi Tomas Bax musobaqa o’z vaqtida o’tkaziladi degani ko’plab sportchilar tanqidiga uchradi. Ular nazarida, koronavirus pandemiyasi sharoitida o’yinlarni o’tkazish sog’liqqa tahdiddir.

Tashkiliy qo’mitaning ikki a’zosiga ko’ra, yakuniy qarorni tezroq qabul qilish kerak, aks holda hozirliklar davom etaveradi va musobaqa oxir-oqibatda bekor bo’lsa, xarajatlari ham kattaroq bo’ladi.

Bax endi turli ssenariylar ko’rilayotganini aytadi.

Ushbu ssenariylarni tayyorlayotgan mutasaddilarning aytishicha, Olimpiya o’yinlarini ancha keyinroqqa qoldirish yoshi kattaroq sportchilar noroziligiga uchrashi mumkin, homiylarning ham fikri o’zgarib qolmasligi lozim. Yolg’iz Yaponiyaning o’zidagi homiylar 3 milliard dollar va’da qilgan.

Yana bir muammo shuki, Olimpiya qishlog’i musobaqadan so’ng turar-joylarga aylantirilishi rejalangan edi. Agar Olimpiada kechiktirilsa, bu reja ham ortga suriladi.

2021-yil yoz mavsumining taqvimi ancha band, 2022-yilda esa Qatarda futbol bo’yicha Jahon chempionati va Pekinda Qishki Olimpiada o’tkaziladi.

Homiylikni o’z bo’yniga olgan "Toyota" va "Panasonic" kabi yapon kompaniyalarining asabiylashayotgani aytilmoqda. Jami 60 dan ziyod shirkat homiy bo’lishga rozi bo’lgan.

1940-yilda Tokioda bo’lishi kutilgan 12-Olimpiya o’yinlari Ikkinchi jahon urushi sabab bekor qilingan edi. 1980-yilda esa Yaponiya qator G’arb davlatlari bilan birga Moskva Olimpiadasini boykot qilgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG