Breaking News

Meta: Markaziy Osiyo va Yaqin Sharqdagi onlayn targ'ibot ortida Pentagon turibdimi?


AQSh Mudofaa vazirligi masaladan xabardor ekanini aytgan, lekin iddaolarga javob bergmagan

"Facebook", "Instagram" va "WhatsApp" ga egalik qiluvchi "Meta" kompaniyasiga ko'ra, Markaziy Osiyo va Yaqin Sharqqa qaratilgan targ'ibot ortidagi odamlar AQSh harbiy kuchlari bilan aloqador bo'lishi mumkin. AQSh Mudofaa vazirligi masaladan xabardor ekanini aytgan, lekin iddaolarga javob bermagan.

"Meta" bildirishicha, kampaniya olib borganlar shaxsiyatini yashirishga uringan, ammo tekshirilganda muayyan tomonlarga borib taqalgan.

"Meta" hisoboti shu yilning avgust oyida "Graphika" firmasi va Stenford internet observatoriyasi bergan ma'lumotlarni tasdiqlaydi.

O'shanda "Facebook" va "Twitter" Amerika manfaatlarini himoya qilish uchun qo'llanayotgani va unda Rossiya hamda Eron targ'ibotiga nisbatan javob ekani taxmin qilingan edi.

Meta "Facebook"dan 39, "Instagram"dan 26 akkauntni olib tashlagan. Bu hisoblar orqali Afg'oniston, Jazoir, Eron, Iroq, Qozog'iston, Qirg'iziston, Rossiya, Somali, Suriya, Tojikiston, O'zbekiston va Yamanga e'tibor qaratgan.

Bu uyushgan kampaniya nafaqat "Facebook" va "Instagram", balki "YouTube", "Telegram", "VKontakte" va "Odnoklassniki" platformalarida ham yo'lga qo'yilgan.

Sport va madaniyat mavzusidagi, shuningdek, AQSh bilan hamkorlikni olg'a surgan reklamasifat postlarda Eron, Xitoy va Rossiya qoralangan. Postlar aksariyat hollarda AQSh sharqiy vaqti bilan qo'yilgan va asosan arab, forsiy va rus tillarida bo'lgan. Bu targ'ibotda AQSh harbiy kuchlari va COVID-19 xususidagi kontentni "Meta" asossiz deb o'z platformalaridan olib tashlagan.

"Facebook" feyk hisoblagan kontentni avtomat ravishda o'chirgan. Bu kampaniya, deya xulosa qilmoqda "Meta", mahalliy aholiga yetib bormagan, chunki tarmoqlarda bu postlar bilan bog'liq muloqot real odamlar orasida kechmagan va mohiyatan, jiddiy munozaralarga yetaklamagan.

"The Washington Post" sal oldin Pentagon maxfiy psixologik amaliyotlari ustidan tekshiruv boshlaganini fosh etgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG