Breaking News

AQSh: IShID Markaziy Osiyoga tahdid solishi mumkin


Kobul, Afg'oniston
Kobul, Afg'oniston

“Islomiy davlat” shu hafta Kobuldagi mehmonxonaga uyushtirgan hujum ortidan AQSh rasmiylari terrorchi guruh o’z safiga etnik jihatdan rang-barang odamlarni jalb qilish orqali qo‘shni davlatlar xavfsizligiga tahdid solayotganini va Tolibon tahdidni bartaraf etish uchun ko‘proq harakat qilishi lozimligini ta’kidladi.

Tolibon Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatganini da’vo qilsa-da, IShIDning mahalliy bo‘limi bo‘lmish “Islomiy davlat-Xuroson” guruhi o‘tgan yil davomida Afg‘onistonning bir qancha shaharlarida yirik teraktlar uyushtirdi.

Dushanba kuni IShID jangarilari Kobuldagi mehmonxonaga bostirib kirib, bir necha kishini, jumladan, besh nafar Xitoy fuqarosini o’ldirgan.

Avvalroq AQSh rasmiylari Afg‘onistondagi IShID jangarilarining aksariyati beqaror Afg‘oniston-Pokiston chegarasidagi mintaqalardan kelgan etnik pushtunlar ekanligini va ularning ko‘pchiligi Tolibon bilan aloqadorligini aytgan edi.

Biroq o‘tgan yili Tolibon hokimiyatni qo‘lga kiritgach, Afg’oniston armiyasining ayrim sobiq harbiylari Tolibon ta’qibidan qochib IShID safiga qo‘shilayotgani haqida xavotirlar paydo bo’ldi.

IShIDning Afgʻonistondagi ba’zi soʻnggi hujumlarida, jumladan, dushanba kungi xurujda va iyun oyida Kobuldagi sikxlar ibodatxonasiga qilingan hujumda qoʻshni Markaziy Osiyo davlatlaridan boʻlgan jangarilar ishtirok etgani aytiladi.

"Afg'onistondagi IShID ko'p millatli terrorchilik tarmog'i bo'lib qolmoqda va o'z askarlarining aksariyatini Afg'oniston ichidan o'z ichiga olgan", - dedi AQSh Davlat departamenti so'zlovchisi shu hafta “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

IShID birinchi marta 2015-yil yanvar oyida Afgʻoniston sharqida paydo boʻlgan. 2019-yil oxirida AQSh va sobiq Afgʻoniston hukumati terror guruhi deyarli to’liq yoʻq qilinganini eʼlon qildi; qoʻshma aksilterror amaliyotlarida uning yuzlab jangarilari oʻldirildi.

Biroq 2021-yil avgust oyida Kobul aeroportida sodir etilgan xudkushlik hujumi guruhning hamon faol ekanini ko’rsatdi. O’shanda 13 nafar amerikalik harbiy halok bo’lgan edi.

Chegara xavfsizligini kuchaytirish bo’yicha chaqiriqlar

“Hozirgacha Tojikistonda joylashgan jihodchilarning Afgʻoniston ichida hujum uyushtirishi gʻayrioddiy hol boʻlgan”, - deydi Xalqaro Inqiroz Guruhi bosh maslahatchisi Grem Smit “Amerika Ovozi” bilan suhbatda va Markaziy Osiyoning aksariyat davlatlari Afgʻonistondan jangarilar kirib kelayotganini bilishini qo’shimcha qildi.

Joriy yil boshida IShID jangarilari Afg‘onistondan Tojikiston va O‘zbekistonga bir necha raketa otdi. Bu guruhning mintaqaviy mojarolarni qo‘zg‘atishga urinishidek tuyuldi.

“Xavfsizlik masalalari boʻyicha mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish zarurligi aniq”, - deydi Smit.

Afg'onistonni o'rab turgan olti davlat orasida, ayniqsa, Tojikiston shimoliy Afg'oniston hududlarida Tolibonga qarshi qurolli qo'zg'olon boshlagan kuchlar rahbarlariga joy berib, Tolibon rejimi bilan nodo'stona munosabatlarga kirishdi.

Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon Afg‘onistonda etnik tojiklarga ham adolatli o’rin beriladigan inklyuziv hukumat tuzishga chaqirdi.

“Tojikiston terrorchilarning harakati va Afgʻonistondan kelayotgan terrorchilik tahdidlaridan haqli ravishda xavotirda va bu tahdidni bartaraf etish uchun muhim qadamlar qoʻymoqda”, - dedi Davlat departamenti matbuot kotibi.

Tolibonni Afgʻonistondagi terrorchi guruhlarni yoʻq qilishga chaqirar ekan, AQSh chegara xavfsizligini mustahkamlash uchun Markaziy Osiyo davlatlari bilan ham xavfsizlik sohasida hamkorlikni davom ettiradi.

"Biz koʻp yillar davomida markaziy osiyolik hamkorlarimiz, shu jumladan, Tojikiston bilan chegara xavfsizligini yaxshilash va terrorchilarning ko’chib yurishini toʻxtatish uchun huquqni muhofaza qilish salohiyatini oshirish ustida ishladik. Xavfsizlik sohasidagi hamkorlik terrorchilik faoliyatiga qarshi kurash, transmilliy hujum va jinoyatlarni cheklash uchun oʻqitish, yordam berish, murabbiylik va jihozlar bilan ta’minlashni oʻz ichiga oladi”, - dedi matbuot kotibi.

AQSh bilan terrorizmga qarshi hamkorlikni susaytirayotgan Tolibon hukumati IShIDni mustaqil ravishda yo'q qilishga qodirligini ta'kidlamoqda. Bu missiyani shu paytgacha hatto AQSh, NATO va sobiq Afg'oniston kuchlari ham bajara olmagan.

AQSh razvedkasi rasmiylari "Islomiy davlat"ning Afg'onistondagi salohiyati oshib borayotgani haqida ogohlantirgan, ammo guruhning yaqin kelajakda AQShga zarba bera olish qobiliyati shubha ostiga olinadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG