Breaking News

Ayman al-Zavohiriyning o'limi nimani anglatadi?


AQSh terrorist Ayman al-Zavohiriyning ushlanishi yoki o'ldirilishida yordam bergan axborot uchun 25 million dollar mukofot puli taklif qilayotgan edi
AQSh terrorist Ayman al-Zavohiriyning ushlanishi yoki o'ldirilishida yordam bergan axborot uchun 25 million dollar mukofot puli taklif qilayotgan edi

AQSh nazarida Ayman al-Zavohiriy al-Qoida terror guruhining boshqa liderlari va a'zolari singari insoniyat qotillari, xususan amerikaliklarni shafqatsiz o'ldirishga bel bog'lagan odam edi. Uzoq yillardan beri qidiruvda bo'lgan al-Zavohiriyning ushlanishi yoki o'ldirilishida yordam bergan axborot uchun Amerika hukumati 25 million dollar mukofot puli taklif qilib kelgan.

"Afg'oniston Tolibon hukmronligi ostida yana terrorchilar o'chog'iga aylanishiga yo'l qo'ymaymiz. U yerdan hech kim AQShga yoki yoki boshqa davlatlarga hujum qila olmasligi kerak", - deydi Prezident Jo Bayden 1-avgust kuni Oq uydan so'zlar ekan.

31-avgust kuni Kobulda Amerika droni al-Zavohiriyni u yashirin yashayotgan uyning balkonida o'ldirgan.

Baydenga ko'ra, operatsiyada al-Zavohiriyning biror yaqini yoki mahalliy fuqaro o'ldirilmagan.

"Al-Zavohiriydek qonxo'r terroristsiz bu dunyo tinchroq va xavfsizroq", - deydi AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken.

G'arb hukumatlari Vashingtonni muvaffaqiyatli kontrterrorizm operatsiyasi bilan tabriklamoqda.

2011-yilda Osama bin Laden Pokistonda AQSh hujumida yo'q qilinganidan beri al-Qoida terror guruhiga al-Zavohiriy yetakchilik qilib kelayotgan edi. Bu davr mobaynida guruh ancha kichraygan, a'zolarini katta sonda boy bergan va moliyaviy imkoniyatlaridan ayrilgan.

Ammo AQSh Mudofaa vazirligi ma'lumotlariga ko'ra, Tolibon hokimiyatga qaytganidan beri Afg'onistonda terrorchilar uchun nafas olish osonlashgan. Al-Qoida bu mamlakatda yana jonlana boshlagan, deydi qo'mondonlar.

Al-Zavohiriy 1951-yilda Qohirada o'ziga to'q oilada tug'ilgan. Bolalidan dindor bo'lgan bu shaxs arab dunyosi va butun musulmon olamini vahobiy islom boshqarishi kerak deb ishongan va shuning uchun kurashayotganini aytib kelgan.

Qohira universitetining tibbiyot fakultetini bitirgan al-Zavohiriy ko'z jarrohi sifatida yetishgan. Yoshligidan dunyo kezgan, ayniqsa sharq mamlakarlarini aylangan al-Zavohiriy Afg'onistonga SSSR qo'shinlari kirgach, bu zaminni ulardan ozod qilish uchun kurashga qo'shilgan. Al-Qoida tarixi o'sha davrga borib taqaladi, ya'ni 1980-yillarga.

Biroq undan oldin al-Zavohiriy 1981-yilda Misr rahbari Anvar Sadatning qatl etilishida ayblanib, qamoqqa olingan. Panjara ortida u tinimsiz qiynoqqa solinganini da'vo qilgan. Qamoq uni yanada radikallashtirgan, deya yoziladi uning biografiyasida.

1988-yilda esa u allaqachon bin Ladenning yaqin maslakdoshi edi. Birgalikda ular al-Qoidaga asos solishgan.

Al-Zavohiriy o'zining to'dasini al-Qoidaga qo'shgan. U olib kelgan jangarilar Misr uyushgan jinoiy guruhlari va razvedka xizmatidan chiqqan kishilar bo'lgan.

Ayman al-Zavohiriy Osama bin Ladenning yaqin maslakdoshi edi
Ayman al-Zavohiriy Osama bin Ladenning yaqin maslakdoshi edi

Al-Zavohiriy shuncha yillar davomida ushlanmagani uning qanchalik ehtiyotkorlik bilan harakat qilganidan dalolat. U al-Qoidani xalqaro tarmoq sifatida saqlab qildi, vaholanki, deydi ekspertlar, bu paytda tashkilot ancha zaiflashdi va a'zolari kamaydi.

Al-Qoida 2000-yillarda qator mamlakatlarda, xususan G'arbda, qonli xurujlarni amalga oshirib, minglab insonlarning yostig'ini quritgan.

Al-Zavohiriy Afg'onistonda ekanidan AQSh razvedkasining ishonchi komil bo'lgan. Uning rafiqasi va ayrim yaqinlari bu yili Kobuldagi bir mustahkam hovliga ko'chgan. Saldan keyin ularga al-Zavohiriy qo'shilgan.

Kuzatuvlar al-Zavohiriyning har kuni muayyan paytda balkonga chiqib, bir o'zi vaqt o'tkazishini ko'rsatgan. Dron hujumi shunga asosan rejalangan.

Al-Qoidaning navbatdagi lideri kim bo'ladi, hozircha mavhum. Misrlik terrorchi Saif al-Odil bu o'rinni egallashi mumkin, deydi ayrim ekspertlar. G'arb davlatlariga bu shaxs azaldan ma'lum. Rasvedka tahliliga ko'ra, al-Odilning al-Qoida tarafdorlari va a'zolari orasida nufuzi baland.

Terror guruhlarini o'rgangan Charlz Lister qayd etishicha, Yaqin Sharq, Afrika va Janubiy Osiyoda global emas, mahalliy masalalarga e'tibor qaratadigan jihodchilarning ta'siri kuchliroq. Ya'ni, radikal qatlamlar uzoq o'lkalardagi emas, ular yashayotgan jamiyatlardagi masalalarga ahamiyat qaratadi.

Al-Qoida mana shunday muhitda odamlarni o'ziga ergashtira oladimi? Lister fikricha, bu hozir yanada qiyinlashgan.

Oq uyning bildirshicha, al-Zavohiriy yashayotgan hovlining egasi - Tolibon yetakchilaridan biri Sirojiddin Haqqoniyning yaqin odami. Bu esa Tolibon terrorchilarni quvvatlashdan to'xtamagan degan ayblovni yanada kuchaytiruvchi omil.

Lekin al-Zavohiriyning qayerda ekani haqidagi axborot ham AQShga aynan Tolibondan kelgan bo'lishi mumkin, deydi ekspertlar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG