Breaking News

Los-Anjelesda o’z biznesini ochgan vatandosh


Nigina Izrailbekova Amerikada o’z biznesini ochgan vatandoshlardan. Los-Anjelesda o’zining go’zallik salonini yuritadi.

7 yil avval grin karta yutib, Amerikaga keladi.

“Avvaliga salonda ishladim. Kovid boshlangach, uydan ishlashga o’tdim, o’zimga ishlay boshladim va o’zingizga ishlash nima ekanini tushuna boshladim. Qoidani siz o’rnatasiz! Keyin meni bir salonga taklif qilishdi, u yerda bir oz ishladim. Shunda menda solishtirish imkoniyati paydo bo’ldi, birovga ishlash nima-yu, o’zingizga ishlash nima? Birovga ishlaganingizda tavakkalchilik kamroq, lekin erkinlik ham ozroq. Erkinlik esa menga ko’proq yaqinroq ekanini his qildim”, - deydi sartarosh.

Nigina uchun muhimi – sifat. Bu yerda yaxshi ustalarga ehtiyoj katta, deydi o’z kasbining ustasi.

“Bu yerga kelganimda, bu yer Gollivud, bu yerda eng yaxshi ustalar ishlaydi, deb o’ylagandim. Lekin unday emasligini tushundim, sifat yaxshi emasligini. Shuning uchun mijozlar topish menga oson bo’ldi. Yaxshi ustalarga ehtiyoj bor. Taklifdan ko’ra talab ko’p”, - deydi vatandosh.

Nigina O’zbekistonga qiyoslaganda, Amerikada biznes ochish murakkab emasligini aytadi.

“Katta farq bor. Bu yerda ancha oson”, - deydi biznes egasi.

Salonda sartarosh Tanzila Shagaliyeva ham xuddi shunday fikrda.

Biznesingiz foyda ko’radi. O’zbekistonda esa pul topish juda qiyin

“Fikrimcha, bu yerda osonroq. Bu yerdagi resurslar shunga yo’l beradi. Biznesingiz foyda ko’radi. O’zbekistonda esa pul topish juda qiyin”, - deydi u.

Nigina vatandoshlarni ishga olgan. Yurtdoshlarimiz orasida o’z kasbining ustalari ko’p, deydi u. Buxorolik Tanzila Shagaliyeva AQShga bir yil oldin keldi.

Marina Pak esa toshkentlik. U manikyur va pedikyurlik hunariga Toshkentda o’qib kelganini aytadi.

Menimcha, u yerda sifat yaxshiroq. Shu sabab ham men har yili u yerga borishga, o’qishga, malakamni oshirishga harakat qilaman”, - deydi u.

Nigina Amerikada vatandoshlar ochgan bunday bizneslar ko’p ekanini aytadi.

“Farzandim o’zbekistonlik, toshkentlik ayol ochgan bolalar bog’chasiga boradi. “Google”da tasodifan topdim. Odamlar o’sha yerdan ekanini bilganimda, menda iliq bir his-tuyg’ular paydo bo’ladi”, - deydi Nigina.

O’zga yurtlarda o’z nonini mustaqil topib yurgan vatandosh inson ichidagi qo’rquv oldida taslim bo’lmasligi kerakligini aytadi.

“Menga hamma narsaga ishtiyoq bilan yondashish yordam berdi. Qo’rquvni ishtiyoqqa aylantirish, “qilib ko’rsamchi, sinab ko’rsamchi deb yondashish”, - deydi tadbirkor.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG