Breaking News

"Vagner guruhi" - Rossiyaning Ukrainada jang qilayotgan xususiy kompaniyasi


AQSh Milliy xavfsizlik kengashi so’zlovchisi Jon Kirbining aytishicha, Rossiyaning “Vagner” xususiy harbiy guruhi Ukrainadagi harbiy harakatlar uchun Rossiya qamoqxonalaridan mahbuslarni yollamoqda, Shimoliy Koreyadan qurol sotib olmoqda.

Xalqaro hayot - 29-dekabr, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:43 0:00

“Kompaniya rahbari Yevgeniy Prigojin Baxmutdagi go’sht maydalagichga ruslarni tashlashga tayyordek ko’rinyapti. So’nggi haftalarda “Vagner”ning mingga yaqin jangchisi u yerda halok bo’lgan. Bizdagi ma’lumotga ko’ra, qurbonlarning 90 foizi mahbuslar”, - dedi Kirbi.

“Mahkumlarning mafkura bilan ishi yo’q. Ular shunchaki ozod bo’lishni, qamoqdan chiqishni xohlaydi”, - deydi rossiyalik huquqshunos Olga Romanova.

Kirbi “Vagner guruhi”ning ta’siri kuchayayotganini aytarkan, Prigojin bir necha bor rus generallarini Ukrainadagi strategik muvaffaqiyatsizliklar uchun ochiq tanqid qilganiga ishora qiladi.

Tahlilchilarga ko’ra, Rossiya Mudofaa vazirligi “Vagner guruhi”ga mahbuslar yollanayotganidan norozi.

“Vagner guruhi” rus armiyasining harbiy qismlari bilan raqobatlashmoqda, qamoqxonalardagi mahbuslar hisobiga jangchi yollamoqda.

Qamoqda o’tirganlarni chiniqqan va kuchli deb o’ylaysiz, ammo harbiy tayyorgarlik darajasi zo’r emas.

Bu Rossiya armiyasining qanchalik zaif ekanini ko’rsatmoqda”, - deydi “Tinchlik va ozodlik markazi”dan Ivan Iland.

AQSh armiyasining iste’fodagi generali Piter Zvak bu fikrga qo’shiladi.

“Vazifani uddalay olmayotgan asosiy kuchlar bilan bir qatorda muqobil kuchlarning borligi Rossiya qurolli kuchlari nochor ahvolda ekanidan darakdir”, - deydi u.

Prigojin jang maydonidagi xizmat evaziga mahbuslarga ozodlik va’da qilgan. Romanovaning aytishicha, mahkumlarda harbiy vazifalarni bajarishga motivatsiya yo’q, xizmat muddatini o’tab ozod bo’lsa bas. Ba’zilari hatto jang maydonidan qochishga, kimdir Ukraina tarafiga o’tishga harakat qildi.

“Vagner guruhi” xiyonatga toqat qilmasligini yaqinda jangchilaridan birini qatl etish orqali namoyish etdi.

“Ko’plar guruhga qo’shilib qochishga umid qiladi. Shu sabab tonnalab taslim bo’lishyapti. Tonnalab. Bu esa sudsiz jazolarga sabab bo’lyapti. Prigojin katta xato qildi. U qatl jarayonlari mahbuslarni qo’rqitadi va ular qochmaydi deb yanglish xulosa qildi. Mahkumlar endi “Vagner guruhi”ga umuman qo’shilmay qo’ydi”, - deydi Romanova.

Iste’fodagi kontr-admiral Kirbining aytishicha, AQSh razvedkasi “Vagner guruhi” ayrim qurollarni Shimoliy Koreyadan olayotganiga ishora qilmoqda. Qurollarning birinchi partiyasi noyabrda Rossiyaga yetib borgan va Shimoliy Koreya bu bilan BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalarini buzmoqda, deydi u.

Rossiyaning Ukrainaga yangi raketa hujumlari

Bugun Rossiya Ukrainaning Kiyev, Xarkov va boshqa shaharlariga o’nlab raketa yog’dirgan. Ukraina armiyasi 69 tadan ortiq raketa uchirilganini, shulardan 54 tasi urib tushirilganini da’vo qilmoqda. Kiyevda havo hujumlari haqida ogohlantiruvchi sirenalar besh soat davomida chalgani aytilmoqda.

Ukraina qurolli kuchlari generali Oleksiy Gromovning aytishicha, raketalar muhim energetika infratuzilmasi tomon otilgan. Raketa hujumidan so’ng kamikadze dronlarining havoga ko’tarilgani ma’lum.

Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoyguning yaqinda aytishicha, rus qo’shinlari Ukrainaning harbiy salohiyatini – harbiy inshootlar, harbiy ma’muriy tizimlar, mudofaa-sanoat kompleksi va unga bog’langan elektr tarmoqlari, qurol ta’minoti yo’llarini vayron qilmoqda.

Kiyev aholisi havo hujumlari paytida odatda metro stansiyalarida jon saqlaydi.

Belarusga tushgan ukraina raketasi

Ukraina rus raketalaridan mudofaa qilishda S-300 raketa tizimlaridan foydalanadi. Ana shunday raketalarning biri bugun qo’shni Belarus hududi uzra urib tushirilgan. Bu haqda Belarusning “Belta” axborot agentligi xabar berdi.

Rus raketalarini nishonga olish maqsadida uchirilgan ukrain raketasi yo’lda adashib Belarus tomon uchgan bo’lishi mumkin. Ukraina chegarasidan 15 kilometr narida Brest viloyatida urib tushirilgan raketa qoldiqlaridan hech kim zarar ko’rmagani aytiladi.

Noyabr oyida Ukrainaning ana shunday raketalaridan biri qo’shni Polshaga tushib, ikki odamni o’ldirgan edi.

Rossiya Ukrainaga hujum boshlaganidan beri Ukrainada rus tarixi va madaniyatiga aloqador yodgorliklar, xotiralar yo’q qilinmoqda. Xususan tunda Odessa shahrida rus malikasi Yekaterina Ikkinchi sharafiga qo’yilgan haykal olib tashlandi. Ukraina sharqi va janubidagi bir nechta shahar, jumladan Odessa 18-asrda Yekaterina buyrug’iga ko’ra qad ko’targan.

24-fevraldan beri Ukrainada Pushkin va Gorkiy kabi rus shoirlari va yozuvchilari, Suvorov va Nevskiy kabi sarkardalar, Ikkinchi jahon urushi qahramonlarining haykallari olib tashlandi.

Rossiyada 4 ta yangi harbiy kema ekspluatatsiyaga topshirildi

Bu o’rtada Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bugun yangi suvosti atom kreyserini suvga tushirish marosimida virtual shaklda qatnashdi. “Imperator Aleksandr Uchinchi” kemasi 16 tagacha qit’alararo ballistik raketalar bilan jihozlanishi mumkin.

Putin, shuningdek, “Generalissimus Suvorov” deb nomlangan yana bitta suvosti atom kreyseri hamda ikkita yangi suvusti kemasida Rossiya bayrog’ini ko’tarishga buyruq berdi.

Putinning aytishicha, yangi kemalar zamonaviy qurollar bilan jihozlanib, Rossiya xavfsizligini ta’minlashga va dunyo okeanlarida milliy manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG