Breaking News

AQSh Ukrainaga "Patriot" havo mudofaa tizimini berish arafasida


AQShning "Patriot" havo mudofaasi tizimi
AQShning "Patriot" havo mudofaasi tizimi

AQSh Ukrainaga “Patriot” havo mudofaasi tizimini yuborish arafasida turibdi. Kongress esa qo’shimcha gumanitar va harbiy yordamni o’z ichiga olgan qonun ustida ishni yakunlamoqda.

Xalqaro hayot - 16-dekabr, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:25 0:00

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ko’pdan beri “Patriot” tizimini so’rab keladi. Rossiya AQShning bunday rejasini keskin tanqid qildi.

"Vashingtonda qaror qabul qilayotgan odamlar bizga bo’lmasa ham o’zlariga quloq solishlarini, Ukrainaga uzatilayotgan har qanday qurol, jumladan “Patriot” tizimi hamda bu qurollarga xizmat ko’rsatayotgan mutaxassislar Rossiya qurolli kuchlari uchun qonuniy nishon bo’lishi haqidagi tinimsiz ogohlantirishlarimizdan tegishli xulosa chiqarishlarini jiddiy maslahat beramiz”, - deydi Rossiya Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Mariya Zaxarova.

Pentagon “Patriot” tizimining Ukrainaga uzatilishi haqida rasman e’lon qilgani yo’q hali, biroq Rossiyaning ogohlantirishlari Vashingtonga qaror qabul qilishiga ta’sir qilmasligini bildirdi.

“AQSh Rossiya bilan urush qilayotgani yo’q va mojaro tarafdori emasmiz. Maqsadimiz Ukrainaga o’zini mudofaa qilishi uchun xavfsizlik bobida yordam ko’rsatish”, - dedi Mudofaa vazirligi so’zlovchisi general Pet Rayder.

Xabarlarga ko’ra, Rossiya bugun Ukrainaga yana raketa yog’dirgan. Energetika infratuzilmasiga hujumlar qahraton qishda aholiga jabr bo’lmoqda.

“Fuqaro infratuzilmasi, jumladan energetika inshootlari va gidroelektrostansiyalarga qarshi raketa hujumlari millionlab tinch aholini qish kunlarida o’ta og’ir ahvolga solib qo’ymoqda”, - deydi BMTning Inson huquqlari bo’yicha komissari Volker Turk.

Ukrainaga ko’ra, Rossiya strategiyasining asosiy qismi ham shundan iborat.

“Kreml qisqa muddatda g’alabaga erisha olmasligini tushungan holda mojaroni uzaytirish orqali Ukraina va hamkorlarimizni holdan toydirmoqchi”, - deydi ukrainalik general Oleksiy Gromov.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning aytishicha, G’arb sanksiyalari Rossiya yalpi ichki mahsulotining atigi 2,5 foizga tushishiga olib keldi.

"G’arb davlatlari sanksiyalar yordamida Rossiyani qoloq davlatga aylantirmoqchi bo’ldi, ammo biz hech qachon yakkalanish yo’lidan bormaymiz”, - dedi u.

BMTda Rossiyani Ukrainada harbiy jinoyatlarda ayblovchi rezolyutsiya loyihasi hozirlanmoqda. AQSh Kongressida o’xshash hujjatni qabul qilish oson bo’lmayapti.

“Rossiya jinoyatlar sodir etdi, ammo ba’zi sabablarga ko’ra ularni qoralovchi rezolyutsiyani qabul qilishga qiynalyapmiz. Senat uni qabul qildi. Vakillar palatasida ham xuddi shu rezolyutsiyani qabul qilsak bo’lardi, ammo muammolarga duch kelyapmiz”, - deydi demokrat kongressmen Stiv Koen.

Qonunchilar shu tobda Ukrainaga harbiy va gumanitar yordamning navbatdagi paketini qabul qilish arafasida turibdi. O’tgan oy Prezident Jo Bayden Kongressdan qo’shimcha 37 milliard dollar so’ragan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG