Breaking News

Turkiya saylov oldidan Assad rejimiga ochilmoqda


Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog'an Suriya rahbari Bashar Assad bilan. Suriya, 6-fevral, 2011.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog'an Suriya rahbari Bashar Assad bilan. Suriya, 6-fevral, 2011.

Turkiya 3-yanvar kuni Suriya muxolifati liderlarini qabul qildi. Anqara Damashq bilan muloqotga kirishar ekan, xavotirlari ortgan Suriya oppozitsiyasi yetakchilari bilan vaziyatga oydinlik kiritishga ahd qilgan.

Turkiya tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho’g’li “Twitter” sahifasida qo’shni mamlakatda muxolifat harakati sanalgan Suriya Milliy kengashi raisi Mahmud al-Maslat va boshqa yetakchilar bilan Anqarada o’tgan uchrashuv suratlarini e’lon qildi.

Turkiya tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho'g'li
Turkiya tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho'g'li

Bu uchrashuvdan bir necha kun avval esa Turkiya va Suriya mudofaa vazirlari Moskvada muhim muzokaralarni boshlagan. Tomonlar o’rtasida bunday muloqot 2011-yildan beri qayd etilmagan edi.

“Biz BMT Xavfsizlik Kengashining 2254 sonli rezolyutsiyasiga muvofiq Suriya muxolifati va xalqini qo’llab-quvvatlash ahdida qat’iy ekanimizni tasdiqladik”, - dedi Chavusho’g’li BMT ning 2015-yildagi o’t ochishni to’xtatish hamda siyosiy murosaga erishishga doir chaqiriqlarini nazarda tutib.

Anqara va Damashqning ehtimoliy yaqinlashuviga qarshi Suriya muxolifati bayroqlari va plakatlar bilan norozilik namoyishiga chiqqan odamlar. Suriya, 30-dekabr, 2022.
Anqara va Damashqning ehtimoliy yaqinlashuviga qarshi Suriya muxolifati bayroqlari va plakatlar bilan norozilik namoyishiga chiqqan odamlar. Suriya, 30-dekabr, 2022.

Anqara 12 yil avval Suriya fuqarolar urushi boshlanganida Prezident Bashar Assadni hokimiyatdan ag’darishga ahd qilgan guruhni dastaklagani ortidan Damashqning ashaddiy dushmanlaridan biriga aylangan.

Assadni 2017-yilda terrorchi deb atagan Turkiya rahbari Rajab Toyyib Erdog’an endilikda muloqotdan so’z ochmoqda.

Erdog’an taklifiga ko’ra, dastavval mudofaa vazirlari o’rtasidagi uchrashuv tashqi ishlar vazirlari darajasidagi muzokaralarga yo’l ochadi. Shundan keyingina prezidentlarning ehtimoliy uchrashuvi borasida kelishish mumkin.

Diplomat Chavusho’g’li suriyalik hamkasbi Faysal Mikdad bilan yanvar oyining ikkinchi yarmida Moskvada uchrashishi mumkinligini bildirdi.

Biroq Assad rejimi Erdog’anning chorlovlariga sovuqqonlik bilan munosabat bildirayotgandek. Ayrim tahlilchilar nazdida, Assad Turkiyada 18-iyun kuniga belgilangan umummilliy saylovlarga qadar Erdog’an bilan uchrashishga ko’nmaydi.

Erdog’anning tashqi siyosat bo’yicha maslahatchisi Ibrohim Kalinning ta’kidlashicha, ikki prezidentning qachon uchrashishi mumkinligi haqida gapirishga hali ancha erta.

“Vaziyatning qay yo’sinda rivojlanishi Assad rejimi pozitsiyasiga bog’liq. Turkiya qo’l uzatmoqda. Umid qilamizki, qo’limiz havoda muallaq qolib ketmaydi”, - dedi Kalin NTV kanali bilan suhbatda.

Erdog’anning Assad bilan dialog uchun ochilishi Turkiyada muxolif partiyaning Suriyadan mamlakat qo’shinlarini qaytarish va Damashq bilan tinchlik o’rnatishga doir chaqiriqlari ortidan kuzatilmoqda. Oppozitsiya ixtiloflar tufayli Suriyadan Turkiyaga qochib o’tgan qariyb 4 million odamni vataniga qaytarishni tezlashtirish borasida Erdog’anga bosim qo’llamoqda.

Saylovlar oldidan Turkiyada qochqinlarga qarshi kayfiyat avj olmoqda. Erdog'an urush tufayli ko'chirilgan odamlarga nisbatan o'zining avvalgi yumshoq pozitsiyasini keskinlashtirmoqda.

Kalin, Anqara hozirda Damashqqa “qochqinlarni qaytarish va qaytib kelgan suriyaliklarga insoniy munosabatda bo‘lish uchun choralar ko‘rish” borasida bosim o‘tkazayotganini tasdiqladi.

Tomonlarning “beun yarashuvi” asosan Anqaraning bilvosita nazorati ostidagi hududlarda istiqomat qiladigan Suriya muxolifati yetakchilari va tarafdorlarini xavotirga solmoqda.

Turkiyaning NATO doirasidagi ittifoqchisi AQSh Anqaraning Assad rejimi bilan munosabatlarni yaxshilashiga qarshi ekanini ochiq bayon qildi.

AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Ned Prays
AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Ned Prays

AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Ned Prays Moskvadagi uchrashuv haqida so’zlar ekan, “Biz oʻz munosabatlarini yangilayotgan yoki shafqatsiz diktator Bashar al-Assad hokimiyatini dastaklayotgan mamlakatlarni qoʻllab-quvvatlamaymiz”, dedi.

“Biz davlatlarni Suriya xalqiga qarshi zulmni davom ettirayotgan hamda insonlar hayotini saqlab qolish uchun xizmat qiladigan gumanitar yordam yo’llarini to’sib kelayotgan Assad rejimining so’nggi 12 yil mobaynida qilgan vahshiyliklarini diqqat bilan ko’rib chiqishga chaqiramiz”, - dedi Prays.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG