Breaking News

Turkiya va Gretsiya taranglikni yana qancha vaqt jilovlab tura oladi?


Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an harbiy mashg'ulotlarni kuzatyapti
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an harbiy mashg'ulotlarni kuzatyapti

Turkiya va Gretsiya o’rtasida hududiy munozaralar kuchayarkan, har ikki mamlakatda saylovlar yaqinlashmoqda. Yaqingacha bu ikki davlat ziddiyatlarini jilovlashga muvaffaq bo’lib kelgan, biroq qayta saylanish uchun hukmron partiyalar saylov kampaniyasini jangovar ruhda olib borishga majbur bo’ladi.

Turkiya armiyasi yillik harbiy mashg’ulotlar paytida grek orollariga yaqin hududda desant tushirishni mashq qildi. Shu bilan birga, Gretsiya o'z qurolli kuchlarini zamonaviylashtirishda davom etmoqda, bu borada Turkiyaga yetib olishga harakat qilyapti.

“Turkiya-Gretsiya munosabatlari shu tobda rasmiy darajada o’ta tarangdir. Bunga O’rta yer dengizida muvozanatning o’zgarayotgani hamda Turkiya ichki siyosatini sabab deb bilaman. Anqara bir tomonlama millatchi tashqi siyosatni jadallashtirishga harakat qilyapti”, - deydi Tuzla shahridagi Sabanji universiteti professori Sanam Oydin-Duzgit.

Yaqinda bir namoyishda so’zlagan Prezident Rajab Toyib Erdog’anning aytishicha, turk qo’shinlari Gretsiyaning demilitarizatsiya bo’lishi kerak bo’lgan orollaridan biriga bir kun tashrif buyurishi mumkin.

Yaqinda Ukrainaga safar qilgan Gretsiya Tashqi ishlar vaziri Nikos Dendias Turkiyani Rossiyaga qiyosladi.

Har ikki tomondan gijgijlovchi bayonotlar taralayotgan bir paytda Turkiya va Gretsiya jangovar samolyotlarining chegaradan o’tib turishi odatiy holga aylanmoqda.

“Ertagami yoki boshqa bir kun Turkiya samolyotlari, kemalari yoki chegarada turgan tanklarini nishonga olishsa, javob berishga majbur bo’lamiz. Shunda urush boshlanib ketishi mumkin”, - deydi Turkiya prezidentining maslahatchisi Mesut Jashin.

NATOga a’zo ikki davlat o’rtasidagi ziddiyatlar va tahdidlar yangilik emas. Tomonlar aloqada. Turkiya Mudofaa vaziri Hulusi Oqar gretsiyalik hamkasbi Nikolas Panagiotopulosni Turkiyaga taklif qildi. Kuzatuvchilar bu ikki mamlakat taranglikni jilovlashga usta ekaniga ishora qiladi.

“Oldin hodisalar ko’p bo’lgan, biroq hech biri kengroq ziddiyatga sabab bo’lgani yo’q. Har ikki taraf bunday vaziyatlarda qanday harakat qilishni yaxshi biladi, mexanizmlari bor. Agar biror taraf vaziyatni urushgacha olib borish uchun siyosiy iroda ko’rsatmasa, biror ko’rgulik bo’lishiga ko’zim yetmaydi”, - deydi Istanbuldagi Qodir Has universiteti professori Serhat Guvench.

2023-yilda Turkiya va Gretsiyada saylovlar kutilarkan va amaldagi rahbarlarning qayta saylanishi savol ostida ekan, ayrim kuzatuvchilar saylov omilini hisobga olish kerak, deydi.

“Bu saylovlar Turkiya uchun ham, Gretsiya uchun ham juda muhim. Saylovlarga oz qoldi. Har ikki rahbar jamoatchilikni milliy maqsad yoki ziddiyat va hatto to’qnashuvga deyarli hozirlamoqda”, - deydi Vashingtondagi Brukings institutida turk tahlilchisi Asli Oydintoshbosh.

Turkiya va Gretsiya ziddiyatlarini o’nlab yillar davomida jilovlab kelarkan, keyingi yil saylovlari har ikki mamlakat siyosatchilari uchun haqiqiy sinov bo’ladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG