Breaking News

G'arb diplomatlari Tolibonni tartibga chaqira oladimi?


Tolibon qo'riqchilari, Kobul, Afg'oniston, 2023-yil, 10-yanvar
Tolibon qo'riqchilari, Kobul, Afg'oniston, 2023-yil, 10-yanvar

Xalqaro maydonda davom etayotgan izolyatsiya Tolibon siyosatini o'zgartira olishidan umidini uzgan xalqaro yordam agentliklari G‘arb davlatlarini o‘z diplomatlarini Kobulga qaytarishga undamoqda.

2021-yil avgustida hokimiyatni qo‘lga kiritgan Tolibon ma’muriyatini haligacha hech bir davlat tan olgani yo’q. Ayni paytda xalqaro hamjamiyat Kobuldagi de-fakto hukumatdan inklyuziv hukumat tuzishni, ayollar huquqlarini hurmat qilishni hamda Afg’onistonda terror guruhlari avj olishiga yo’l qo’ymaslikni talab qilib kelmoqda.

Oradan 16 oy o'tganiga qaramay, Tolibon siyosatida nafaqat ijobiy o’zgarish yuz bermadi, balki vaziyat yanada yomonlashdi. Ayollarning ta’lim olish, sayohat qilish va ishlash huquqlariga birin-ketin cheklovlar qo'yildi. Ma’muriyat, shuningdek, hukumatdagi o’rinlarni milliy ozchiliklarga ochishdan bosh tortdi.

O'tgan oy afg'on ayollariga milliy va xalqaro nohukumat tashkilotlarda ishlashni taqiqlovchi buyruq e’lon qilingach, xalqaro yordam tashkilotlarining toqati toq bo’ldi.

Norvegiya Qochqinlar kengashi (NRC) bosh kotibi Yan Egeland yakshanba kuni Kobulda Tolibon rasmiylari bilan uchrashishi ortidan, "G'arb o'z diplomatlarini Afg'onistonga qayta yuborishi kerak", deb yozdi.

"Biz bu yerda tobora og'irlashayotgan vaziyatda juda yolg'iz qoldik", - deb qo'shimcha qildi u.

Uning ogohlantirishicha, ayollarning nodavlat yordam tashkilotlarida ishlashini taqiqlash 6 million odamni ocharchilikka olib kelishi va 600 000 bolani ta'lim olish imkoniyatidan bebahra qoldirishi mumkin.

Kengashning Osiyo va Yevropa boʻlimi direktori Adam Kombs “Amerika Ovozi”ga bergan intervyusida Tolibonni izolyatsiya qilish yechim bo’la olmasligini ta’kidladi.

"Afg'onistonda diplomatik vakillarga ega bo’lish insonparvarlik yordami bo’yicha vaziyatni yaxshilashga yordam beradi", - dedi u.

Kobulda G‘arb elchixonalarini qayta ochish Tolibon rejimiga qonuniylik maqomini beradi, degan xavotirlar bor.

“Tolibon amerikalik diplomatlarning qaytishini, shubhasiz, AQSh ularni tan olishga intilayotgani belgisi sifatida qabul qiladi. Boshqa davlatlar ham oʻz diplomatlarini jo’natishga targ’ib qilinadi”, - dedi Amerika Diplomatiya akademiyasi prezidenti va AQShning Afgʻonistondagi sobiq elchisi Ronald Nyuman “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

AQSh va uning G'arbdagi aksariyat ittifoqchilaridan farqli o'laroq, Xitoy, Eron, Rossiya va boshqa ba'zi davlatlar Tolibon hukumatini rasman tan olmay turib Kobulda o'z elchixonalari faoliyatini davom ettirmoqda. Pekin, Tehron, Moskva va Islomobod hatto Tolibon vakillarini rasman mehmon sifatida qabul qildi.

O'tgan hafta Xitoyning Kobuldagi elchisi Van Yu Tolibon hukumati va Xitoy kompaniyasi o'rtasida neft qazib olish bo'yicha yirik shartnomani imzolash marosimida ishtirok etdi.

Dunyodan uzilgan yetakchi

AQSh va Yevropa rasmiylari Tolibon yetakchilarini ayollarning ta’lim va mehnat huquqlarini hurmat qilish bo‘yicha bergan va’dalarini buzishda ayblamoqda.

Shuningdek, Tolibon orasida guruhning oliy yetakchisi Haybatulla Oxunzodaning ba’zi munozarali farmonlari yuzasidan ichki kelishmovchiliklar borligi haqida xabarlar bor.

Oxunzoda Tolibonning "Islom amirligi" deb ataluvchi hukumatini poytaxtdan 500 kilometr uzoqlikda joylashgan Qandahor viloyatidan boshqaradi. U jamoatchilik vakillari va xorijlik diplomatlar bilan uchrashmaydi. Yaqinda Xalqaro musulmon ulamolari ittifoqi delegatsiyasi bilan uchrashishdan ham bosh tortdi.

G'arb diplomatlari Kobulga qaytgan taqdirda ham, deydi ekspertlar, Oxunzoda ularning xavotirlarini, ayollar huquqlarini tiklashga doir chaqiriqlarini eshitadigan odam emas.

“Xorijiy diplomatlarning Kobulga qaytarilishi Tolibon bilan ayollar, inklyuziv hukumat yoki terrorizmga qarshi kurash masalalari boʻyicha kelishmovchiliklarda muhim natija berishiga ishonmayman”, - deydi Nyuman.

Shu bilan birga, u AQSh elchixonasining qayta ochilishi ma'lum foyda keltirishini ham tan oladi.

"AQSh boshpana olish uchun vizalarni rasmiylashtirishda ancha yaxshi ish qilishi mumkin; diplomatlar esa boshqa konsullik maqsadlarini amalga oshirishi mumkin bo’ladi", - deydi u.

Xalqaro sanksiyalar ostida yakkalanib qolgan va bosim ostidagi Tolibon 1990-yillar oxirida Afg'onistonda “Al-Qoida” terror guruhi yetakchilariga boshpana bergani aytiladi. 2020-yilda AQSh va Tolibon o‘rtasida tuzilgan kelishuvda Tolibon xalqaro terrorchi guruhlarning Afg’onistondan boshpana sifatida foydalanishiga yo’l qo’ymaslik majburiyatini olgan. AQSh rasmiylariga ko’ra, Tolibon bu majburiyatlarni bajara olmayapti yoki ularni amalga oshirishni istamayapti.

AQSh Davlat departamenti matbuot kotibining “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Vashington “hozirda” Kobuldagi elchixonasini qayta ochishni rejalayotgani yo’q.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG