Breaking News

Afg’oniston: xususiy maktablar og’ir ahvolda


Afg'oniston xususiy maktablari qay ahvolda?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:52 0:00

Afg’onistonda Tolibon joriy etgan cheklovlar va og’ir iqtisodiy vaziyat bois ayrim xususiy maktablar yopilgan. Ba’zilari qiyin ahvolda bo’lsa-da, faoliyatini davom ettirmoqda.

Qataroti Nur nomidagi xususiy maktab Kobulning Xushholxonmina hududida joylashgan bo’lib, so’nggi to’rt yillik faoliyati davomida turli muammolarni boshdan kechirgan.

“COVID-19” pandemiyasi va Tolibonning hokimiyatga qaytishi bilan joriy etilgan ijtimoiy-ta’limiy cheklovlar vaziyatni yanada og’irlashtirgan.

Maktab asoschisi Layli Xamushning bildirishicha, so’nggi bir yarim yilda o’quvchilar soni keskin kamaydi.

“Islomiy amirlik (Tolibon) hukumati davrida o’quvchilarimiz soni 70 foizga kamaydi. Ba’zilari moliyaviy muammolar sabab maktabni tark etdi, ayrimlari esa mamlakatni tark etishdi. O’quvchilarning bir qismi davlat maktablariga qaytdi”,- deydi Xamush.

Mazkur maktabda o’g’il va qiz bolalar 12-sinfgacha ta’lim olar edi.

“Islomiy amirlik (Tolibon) hukumati vujudga kelishi bilan ishsizlik ko’lami oshgan. Ro’zg’or tebratishga qiynalayotgan oilalar farzandlarini xususiy maktabga qo’ya olmaydi. Yuqori sinfdagi o’g’il bolalar ham ishlash uchun maktabni tark etmoqda”, - deydi u.

Xonim Xamushga ko’ra, Tolibon rasmiylarining ogohlantirishsiz maktablarga kirib kelishi o’qish jarayoniga putur yetkazmoqda.

“Bizni qiynayotgan mavzulardan biri shuki, Tolibon odamlari to’satdan maktabga kirib kelishadi. Qizlar va o’g’il bolalar alohida sinflarda o’qiyaptimi yo’qmi, ayol o’qituvchi hijob kiyganmi, o’zlari ishonch hosil qilmoqchi”, - deydi suhbatdosh.

Layli Xamushning aytishicha, qizlar o’qishdan mahrum etilgani, ularning kelajagi barbod bo’layotgani achinarli hol. Lekin, deydi u, “Afg’onistonda qolib, hech bo’lmasa, boshlang’ich sinfgacha bo’lgan qizlarni o’qitish kerak”.

O’quvchilar esa allaqachon vaziyatga ko’nikib qolgan.

“Islomiy amirlikdan o’qish imkoniyatlarini oshirib, opa-singillarimizga maktabga qaytishga ruxsat berishlarini so’raymiz”, - deydi o’quvchi Suhrob Ozod.

Zaynab ismli o’quvchi shunday fikrda:

“Islomiy amirlikdan 6-sinfdan yuqori bo’lgan qizlarga maktablar eshiklarini ochib berishlarini so’raymiz. Ular o’qishlarini davom ettirishlari lozim”.

Toliblar qizlarning maktab va universitetlarga qatnashini, xotin-qizlarning nodavlat muassasalarda ishlashini taqiqlagan.

BMT Tolibonning bu qarorini qoralamoqda. Xorijiy tashkilotlarning bu xususdagi muzokaralari, turli hukumatlarning da’vatlari hech qanday natija bergani yo’q.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG