Breaking News

O'zbekiston gaz sanoati to'liq Rossiya ixtiyoridami?


Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning “gaz ittifoqi”ni rad etgan O’zbekiston energetika vaziri ittifoq doirasidagi hamkorlikni muhokama qilish uchun Sankt-Peterburgga bordi.

O’zbekiston Energetika vazirligining xabar qilishicha, 9-fevral kuni Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida Rossiya, Qozog’iston va O’zbekiston vakillari ishtirokida energetik hamkorlikka doir muzokaralar o’tgan.

“O’zbekistonga Rossiya tabiiy gazini Qozog‘iston Respublikasi hududi orqali yetkazib berish masalasi, xususan, uch tomonlama ishchi guruh tomonidan o‘tkazilgan dastlabki texnik ko‘rik natijalari, yetkazib berishning mavjud imkoniyatlari hamda joriy yil yanvar oyida imzolangan “yo‘l xaritasi”ning ijrosi yuzasidan muhokamalar o‘tkazildi”, deyiladi xabarda.

Energetika vazirligi bu xabarda yanvar oyida Toshkentda “Gazprom” raisi Aleksey Miller bilan imzolangan, tijorat siri bois tafsilotlari jamoatchilikka ochiqlanmay qolgan “yo’l xaritasi”ni nazarda tutmoqda.

Rossiya, Qozog’iston va O’zbekiston ishtirokida “uch tomonlama gaz ittifoqi” tuzish tashabbusi o’tgan yilning dekabr oyida Prezident Vladimir Putin tomonidan ko’tarilgan edi.

Avvaliga bu tashabbus Qozog’iston va O’zbekiston tomonidan rad etildi.

Energetika vaziri Jo’rabek Mirzamahmudov O’zbekiston turli maqsaddagi ittifoqlarga qo‘shilmasligi haqida bayonot bergan bo’lsa, Qozog’iston tomoni bu ittifoq Rossiyaga sanksiyalarni aylanib o’tish imkoniyatini berishidan xavotir bildirdi.

Ammo bu raddiyalar Qozog’istonga ham, O’zbekistonga ham “Gazprom” bilan “gaz ittifoqi” masalasini muhokama qilishga to‘sqinlik qilmadi.

“Gazprom” rahbari Aleksey Miller avvaliga Qozog’iston Energetika vazirligi, keyinchalik O’zbekiston Energetika vazirligi bilan gaz bo’yicha hamkorlikka doir “yo’l xaritasi”ni imzoladi.

Fevral oyiga kelib “gaz ittifoqi”ga kiruvchi davlatlar Sankt-Peterburgda yig’ildi. “Gazprom”, Qozog’iston va O’zbekiston Energetika vazirliklari uch tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga tayyorligini izhor qilmoqda.

“Mazkur uchrashuv yakuni bilan uch tomonlama o‘rganishlarning keyingi bosqichini jadallashtirish hamda natijasi bo‘yicha qisqa muddatlarda uch tomonlama uchrashuvni qayta tashkil etishga kelishib olindi”, - deb ma’lum qiladi O’zbekiston tomoni.

Bu xabar Rossiyadan gaz import qilish bo’yicha muzokaralar yakuniy bosqichga kirayotganidan ham darak.

Bitim tafsilotlari, bu ittifoq doirasida O’zbekistonga qanday shartlar qo’yilayotgani jamoatchilik uchun mahvum qolayotgan bo’lsa-da, Rossiya tashabbusidagi “gaz ittifoqi” bo’yicha shartnoma tez orada imzolanishi haqiqatga yaqin ko'rilmoqda.

Bu bitim nafaqat O’zbekiston gaz-neft sanoati, balki mamlakat gaz quvurlari va tranzit tizimini ham Rossiya ixtiyoriga topshirishiga doir xavotirlarni uyg'otdi.

Bungacha ham O’zbekiston energetik qazilmalari asosan Rossiyaga qarashli kompaniyalarga tegishli ekanligi inobatga olinsa, O’zbekiston hukumati Moskva uchun jiddiy bosim vositasiga aylanuvchi energetik qaramlikka tushayotgani aniq ko’rinadi.

Yaqinda "Ozodlik" radiosi tomonidan o’tkazilgan surishtiruv aynan shuni, Moskvaga aloqador kompaniyalar qanday qilib, kimning yordamida O’zbekiston energetik qazilmalari, gaz-neft sanoati ustidan nazoratni qo’lga olganini ochib berdi.

Markaziy Osiyo bo’yicha tahlilchi Alisher Ilhomov Putin tomonidan surilayotgan gaz ittifoqi iqtisodiy emas, siyosiy ahamiyat kasb etishi bilan xavfli bo’lishini ta’kidlaydi.

“Rossiya energetika sohasini siyosatga aylantirgan asosiy davlat. Yevropa Ittifoqi Ukrainadagi urush sabab Rossiyaning bu bosimiga chek qo’yishga iroda topdi. Yevropa bozoridan ajragan Moskvaning nigohi endi Markaziy Osiyoga, Xitoyga qaratilmoqda. Rossiya uchun asosiy bozor, albatta, Xitoy, shuning uchun bu yo’nalishda monopollikni o’rnatishga intilmoqda. Gap shunchaki tijorat, iqtisodiy shartnomalar emas, ittifoq haqida ketayotganining o’zi Rossiya bu hamkorlikka siyosiy maqsadlar yuklayotganini aniq ko’rsatadi. Rossiya bilan energetik hamkorlik qanday siyosiy natijalarga olib kelishini esa Ukraina misoli ko’rsatib berdi. Bu ittifoq mintaqa davlatlari uchun navbatdagi bosim vositasiga aylanadi”, - deydi Alisher Ilhomov.

Prezident Putin tomonidan surilgan “uch tomonlama gaz ittifoqi” bo’yicha muzokaralarda Rossiya tomoni O’zbekistonga mamlakat gaz-transport tizimini “Gazprom” kompaniyasiga sotish taklifi bilan chiqqani, bu taklif O’zbekiston tomonidan rad etilgani haqida ma’lumotlar ham chiqqan edi.

Ayni paytda davom etayotgan “gaz ittifoqi” doirasidagi uch tomonlama muzokaralarda bu masala qanchalik o’rin tutayotgani noma’lum.

Avvalroq “Gazprom” bilan energetik hamkorlik bo’yicha “yo’l xaritasi”ni imzolagan O’zbekiston Energetika vazirligi muzokaralar “mavjud gaz transporti tizimiga egalik huquqi to‘liq saqlangan holda” yuritilayotgani, gaz-transport tizimi kimgadir berilishi yoki suverenitetga qandaydir tahdid tug’ilishiga doir xavotirlarga o’rin yo‘qligini bildirgan edi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG