Breaking News

Texas ba'zi davlat fuqarolariga yer sotib olishni taqiqlamoqchi


Texasda ba'zi xorijliklarga yer sotib olish taqiqlanishi mumkin
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:02 0:00

Texas qonunchilari Xitoy, Eron, Shimoliy Koreya va Rossiya fuqarolariga shtatda har qanday biznesga egalik qilishni taqiqlash va ular egalik qilishlari mumkin boʻlgan yer turlarini cheklash masalasini koʻrib chiqmoqda. Qonunchilikka qarshi chiqqanlar uni irqchilik deb atamoqda.

Texas shtati senatori Luis Kolxorstning aytishicha, Eron, Shimoliy Koreya, Rossiya va Xitoy fuqarolariga Texasda tijorat biznesi va ayrim turdagi yerlarga egalik qilishni taqiqlovchi qonun xavfsizlik bilan bogʻliq.

"Ochig'ini aytishim kerak, Texas shtati fuqarolari biz qanday tahdid ostida ekanimizni tushunadi. Ularning bu haqda hech qanday shubhasi yo’q. Demokratlar ham, respublikachilar ham, mustaqillar ham. Men hech qachon bunday yuqori so'rovni ko'rmaganman. Shunday qilib, sizning oldingizga xalq nomidan bu narsani olib chiqqanimdan faxrlanaman”, - deydi shtatning respublikachi senatori.

Kolxorst payshanba kuni qonunchilik bo'yicha jamoatchilik tinglovini ochdi. Shtat vakili Jin Vuning aytishicha, odamning tug'ilgan joyiga qarab boshqacha munosabatda bo'lish Amerika qadriyatlariga to'g'ri kelmaydi.

“Aytilayotgan narsa shuki, bu mamlakatlardan kelgan har bir muhojir, har bir odam josus, xoin va bu mamlakatlar uchun ehtimoliy agent. Bu ochiqchasiga adolatsizlik, ayniqsa Xitoydan, Erondan, Rossiyadan kelayotgan odamlarning aksariyati o'sha hukumatlardan qochgan va bu hukumatlar bilan hech qanday aloqasi yo'qligini hisobga olsak”, - deydi u.

Texas Qishloq xoʻjaligi departamenti komissari Sid Millerning aytishicha, Xitoy harbiylari bilan aloqasi bor xitoylik milliarder Janubiy Texasda, havo kuchlari bazasi yaqinida shamol stansiyasi qurish niyati bilan 52 ming gektardan ortiq yerni sotib olganidan keyin qonun loyihasini ishlab chiqish bo’yicha qonunchilar bilan qattiq ish boshlagan.

“Agar jismoniy shaxs sifatida yer sotib olmoqchi boʻlsangiz, shunchaki, AQSh fuqarosi boʻling. AQSh fuqarosi bo'lganingizdan so'ng xohlagan barcha yerlarni sotib olishingiz mumkin. Lekin Kommunistik partiya a'zosi yoki dushmanlarimizdan biri bo'lsangizchi? Yo‘q. Siz yer sotib olmaysiz”, - deydi Miller.

Eron Milliy Amerika Kengashi prezidenti Jamol Abdining aytishicha, qonun loyihasi bilan bog'liq muammo shundaki, u xorijiy hukumatlar bilan aloqasi bo'lmagan shaxslarni ham nishonga oladi. Uning fikricha, bu irqchilikni yanada kuchaytiradi.

“Menimcha, bu hushyorlik shaklidagi faoliyatni rag‘batlantiradi. Xitoy fuqarosi yoki Eron fuqarosiga uy yoki mulk sotib olishni taqiqlashim kerak, men bunga yo’l qo’ymaslik uchun tashabbusni o’z qo’limga olishim kerak, deydiganlar chiqadi", - deydi Abdi.

Vuga ko’ra, qonun biznes uchun ham zarar.

“Xitoy Texasning ikkinchi eng yirik savdo sherigi. Xitoy Texas tovarlarining uchinchi eng katta xaridori hamdir. Agar siz tadqiqotchilarga, bu yerga kelib biznes boshlay olmaysiz, desangiz, ular nega bu yerga kelsin? Aksincha, sizni yaxshi kutib oladigan boshqa joyga ketmaysizmi?” - deydi qonunchi.

“Qonun loyihasining asosiy maqsadi Xitoydan odamlarning bu yerga kelishiga, bizning yerimizni sotib olishiga to'sqinlik qilish. Bor maqsad shu. Bu Xitoydan bu yerga yerimizni sotib olish uchun keladigan odamlarni to’sadi. Biz buni xohlamaymiz. Buni to'xtatish kerak", - deydi Sid Miller.

Agar qonun loyihasi Texas Qonunchilik organining har ikki palatasi tomonidan ma’qullansa, gubernator Greg Abbot uni imzolashga tayyorligini bildirgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG