Breaking News

AQSh sudi Sayfullo Soyipovni bir umrlik qamoqqa hukm qildi


Sayfullo Soyipovning Nyu-Yorkdagi federal suddagi tasviri, 23-yanvar, 2023
Sayfullo Soyipovning Nyu-Yorkdagi federal suddagi tasviri, 23-yanvar, 2023

O'zbekistonlik 35 yoshli Sayfullo Soyipov 13-mart kuni Nyu-Yorkda AQSh federal sudi tomonidan bir umrlik qamoq jazosiga hukm qilindi. 12 a'zodan iborat hakamlik hay'ati Soyipovni aybdor deb topgan, ammo unga o'lim jazosi berish yoki uni hayotining so'nggi daqiqasigacha panjara ortida eng keskin shartlar ostida qoldirish borasida bir to'xtamga kela olmagan.

Natijada, qonunga binoan, federal sudya Vernon Broderik bu borada o'z hukm chiqargan. Hay'at a'zolarining qarori hisobga olinishi uchun ularning har biri bir xil ovoz berishi shart.

Soyipov 2017-yilning 31-oktabrida Nyu-Yorkda terror xurujini amalga oshirib, sakkiz kishini o'ldirgan va o'nlab insonlarni jarohatlagan. Soyipov bu ishni "Islomiy davlat" terror guruhining tarafdori ekani va uni quvvatlashini isbotlamoqchi bo'lib qilganini aytgan.

Sayfullo Soipov AQShga qonunan immigratsiya qilgan o'zbekistonlik
Sayfullo Soipov AQShga qonunan immigratsiya qilgan o'zbekistonlik

Shu yilning 26-yanvarida u 28 ayblov bo'yicha aybdor deb atalgan va oliy jazoga loyiq ko'rilgan. Jazo nimadan iborat ekani bugun aniq bo'ldi.

Federal prokuror Demiyen Uilyams so'zlariga ko'ra, "Sayfullo Soyipov sakkiz odamning qotili va yana ko'plab oilalarni cheksiz uqubatda qoldirgan shaxs. Bu dahshatli terror hujumi. U "Islomiy davlat"ga sodiq ekani va aynan mana shu to'daga kirish uchun bu ishlarni amalga oshirganini hujum paytida ham va butun sud davomida tinimsiz aytib turdi".

Soyipov hujumni ijaraga olingan xo'jalik mashinasida qilgan. U Nyu-York markazidagi ko'chada yoppasiga 20 kishini bosib ketgan. Jarohatlanganlar orasida tana a'zolaridan ayrilgan, ruhan va jismonan nogiron bo'lib qolganlar bor, xususan o'smirlar.

Mahkamaga ko'ra, sudlanuvchi"Islomiy davlat"ga Amerikadan turib yordamlashishni maqsad qilgan va rejalagan. Mashinada imkon qadar ko'proq odamni o'ldirish uchun yuk tashuvchi avtomobil tanlagan. Unga "Islomiy davlat" bayrog'ini taqqan va oldiga terrorchilarga sodiq ekanini bildiruvchi xat ham yozib olgan.

Sayfullo Soyipov terror xuruji paytida, Nyu-York, 31-oktabr, 2017
Sayfullo Soyipov terror xuruji paytida, Nyu-York, 31-oktabr, 2017

Yaralanib, kasalxonada yotgan paytida Federal qidiruv byurosi agentlari uni so'roq qilganida Soyipov qilmishidan aslo afsusda emasligini, aksincha maqsadi to'liq amalga oshganidan faxrlanishini aytgan. "Islomiy davlat" bayrog'ini kasalxonada ham ilishni orzu qilayotganini bildirgan.

Hujum ketidan "Islomiy davlat" Soyipovning ishini maqtab, uni sharafli askari deb atagan.

Hibsda ekan, ayblanuvchi tergovchilar bilan gaplashganida, telefon qo'ng'iroqlarida, yozgan maktublarida ham terroristlar tarafida ekanini ta'kidlgan.

Qamoqda Soyipov "Islomiy davlat"ning dushmanlar har yerda o'ldirilishi kerak degan fikrlarini ochiq aytgan, hatto hibsxona xodimlariga qayta-qayta "kallangni olaman" deb tahdid qilgan.

Sudda Soyipovning O'zbekistondan kelgan yaqinlari ham qatnashib, guvohlik berib, unga yengilroq jazo berilishini iltimos qilgan.

Soyipov o'ldirgan va jarohatlagan insonlarning oilalari bugungi hukmdan norozi. Prokuraturaga ko'ra odil sudda adolat qaror topgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG