Breaking News

Kaliforniyada restoran biznesini yuritayotgan uyg'ur muhojir


Los-Anjelesdagi “Dolan” uyg’ur restorani
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:55 0:00

Uyg’urlar – Amerikada katta jamoa. Minglab sonda turli shtatlarda yashashadi. Xitoy zulmidan qochib, Amerikada yangi hayot qurgan, Kaliforniyada o’z biznesini yuritayotgan tadbirkor Bugra Erkin bilan tanishdik.

U magistrlik darajasini olish uchun AQShga 2015-yilda kelgan, 2018-yilda Janubiy Kaliforniya universitetini tamomladi. Oliygohni bitirishim arafasida otam g’oyib bo’lgani haqida xabar oldim, uni Xitoy Kommunistik partiyasi konsentratsion lagerga jo’natgan. O’shandan beri u haqda hech qanday xabar yo’q, deydi suhbatdosh.

Erkin Amerikadan turib otasini qidirishga, Xitoy hukumatidan adolat talab qilishga qaror qildi.

“Xitoydagi siyosiy vaziyat tufayli vatanga qayta olmadim. Bo’lgan voqea bo’yicha “Facebook” va “Twitter”da videolar chiqardim, gazetalarga intervyu berdim, Davlat departamenti va Kongress a’zolari bilan bog’landim. Otamni topish uchun qo’ldan kelgancha harakat qilayapman. Xitoy konsulligi, shuningdek, Disneylend kabi gavjum joylarda namoyishlar uyushtirdik”, - deydi Erkin.

U o’zi ochgan “Dolan” restoranida ham inson huquqlari himoyasiga bag’ishlangan tadbirlar uyushtirib turadi. “Xalqaro Amnistiya” tashkiloti bilan birgalikda maktub yozish, mahalliy cherkov bilan hamkorlikda “uyg’urlar uchun duo qilish” tadbirlarini tashkillashtirgan.

Bugra Erkin Shinjonga qayta olmasligini anglagach, AQShda qanday qolish haqida o’ylay boshladi.

“Xorijiy talabalar uchun viza maqomi va boshqa sabablar tufayli Amerikada ish topish oson emas. Biznes ochsam, balki bu mamlakatda qonuniy maqomga ega bo’lishim osonroq bo’ladi, deb o’yladim. Bu binoni va uyg’ur oshpazni topishga olti oydan ko’proq vaqt ketdi. Dolan – bu Sharqiy Turkistondagi joyning nomi, shuning uchun restoranga ham shunday nom berdim”, - deydi u.

“Boshida qiyin bo’ldi, chunki uyg’ur taomlar o’ziga xos. Los-Anjelesda faqat bitta shunday restoran bo’lishimiz ham mumkin. Uyg’ur taomlari haqida bu yerda hech kim bilmaydi. Mijozlarimizning 50-60 foizi osiyoliklar. Los-Anjelesning turli qismlaridan markaziy osiyoliklar ham restoranimizga ancha yo’l bosib kelishadi. Amerikalik doimiy mijozlarimiz ham bor”.

Oila a’zolari 2017-yilda uni ko’rishga Amerikaga kelishgan edi.

“Qaytib ketishganidan keyin pasportlarini olib qo’yishgan. Shundan buyon ularga Xitoyni tark etishga ruxsat berilmayapti”, - deydi suhbatdosh.

Erkin 2011-yilda Amerika fuqaroligini olish uchun ariza topshirgan. Bir yil davomida xavfsizlik tekshiruvlaridan o’tdim, deya hikoya qiladi u. Achinarlisi, deydi Erkin, uyg’urlar AQShda ko’p emas, ammo ular uchun immigratsiyani osonlashtiradigan biror maxsus dastur yo’q.

“Bizga Xitoy fuqarolari deb qarashadi. Boshpanaga hujjat topshirib, hamon javob kutayotgan uyg’urlarni bilaman”.

Restoran xodimlarining barchasi xitoylik qochqinlar. AQShga kelganda erkinlikni darrov his qilasiz. Dangasa bo’lmagan odam bu yerda biror ishni boshlasa, harakat qilsa, ko’chada qolib ketmaydi, deydi Bugra Erkin.

“Dolan” restorani xodimlari kiyimida “uyg’urlarni Google-da qidirib ko’ring” degan yozuv tushirilgan. Bu mintaqamiz haqida mijozlar bilan suhbat boshlashga yordam beradi, deydi Erkin.

Uning aytishicha, Los-Anjelesda yashayotgan uyg’urlar 300-400 kishini tashkil etadi. Uyg’ur tilini o’rgatuvchi bir-ikkita maktab ham bor.

Bugra Erkin Kaliforniyada “Dolan” restoranining yana ikki bo’limini ochishni rejalamoqda. Uyg’urlar taqdiri haqida ma’lumot tarqatishda, xalqim huquqlari uchun kurashishda davom etaman, deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG