Breaking News

YXHT Qozog'istondagi parlament saylovga past baho berdi


Almatidagi saylov uchastkalarida, 19-mart, 2023
Almatidagi saylov uchastkalarida, 19-mart, 2023

Qozog’istonda 19-mart kuni kechgan parlament saylovini kuzatgan Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YXHT) nazarida mamlakat bu safar xalqaro me’yorlarga yaqinlashishga uringan.

“Saylovchilarga tanlash imkoniyati kengaygani sezildi”, - deya xulosa qilmoqda YXHTning Demokratil institutlar va inson huquqlari bo’yicha idorasi.

Biroq fundamental huquqlar hamon cheklangan, chunki saylovda qatnashishga harakat qilgan siyosiy guruhlarning hammasi ham ruxsat ololmagan, ularga to’siqlar qo’yilgan. Shularni hisobga olib, xalqaro kuzatuvchilar Qozog’istonga yana bir bor past baho qo’ymoqda. Respublika demokratik saylovlar o’tkazish uchun hali ko’p qadamlar tashlashi kerak.

YXHT ekspertlariga ko’ra, bu gal siyosiy maydon kengaygan, lekin targ’ibot qilish uchun ma’muriy talablar shu qadar ko’pki, nomzodlarning xalqqa yetib borishi uchun imkoniyat bag’oyat oz. Ayrim nomzodlar o’zlari bilmagan holda ro’yxatdan chiqarib yuborilgan yoki oxirgi kunlargacha ham tasdiqlanmagan.

“Demokratiya shunday jarayonki, u tinimsiz e’tibor va qunt talab qiladi. Ijobiy o’zgarishlarga guvoh bo’ldik, jumladan saylov qonunlarida, ammo Qozog’istonda demokratik taraqqiyot bo’lishi uchun islohotlar muttasil davom etib, qattiq ishlash kerak”, - deydi Ayrin Charalambides, YXHT maxsus koordinatori va qisqa muddatli missiya rahbari.

“Matbuot erkinligi cheklangan, saylov kampaniyasi yetarlicha yoritilmadi. Nomzodlar qanchalik g’ayrat bilan kurashishga harakat qilmasin, omma buni ko’rmadi”, - deydi rasmiy.

Lekin, uning qayd etishicha, nomzodlar erkin va faol targ’ibot ishlari olib borgan. Partiyalarning platformalari rang-barang ijtimoiy va iqtisodiy dasturlarni olg’a surgan.

Poytaxt Ostonadagi saylov uchastkalaridan birida, 19-mart, 2023
Poytaxt Ostonadagi saylov uchastkalaridan birida, 19-mart, 2023

Kampaniyada asosan prezident tanishtirgan islohot programmasi o’rin olgan. Unga muqobil takliflar juda oz bo’lgan, targ’iboti ham shunga yarasha kechgan.

Ommaviy axborot vositalarida saylovoldi manzara deyarli tahlil qilinmadi, deydi kuzatuvchilar, chop etilgan va efirga uzatilgan materiallar jarayonga yuzaki va hukumat ko’zi bilan qaragan.

Partiyalar orasidagi farqlar tushuntirilmagani, nomzodlarning qiyosiy analizlari berilmagani uchun fuqarolarda kimga nima uchun ovoz berish haqida axborot yetishmagani ayon, deydi xorijiy ekspertlar, buni saylovchilar saylov kuni ham bildirgan.

“Individual nomzodlar uchun yo’l ochilgani olqishlansa-da, yuridik va amaliy cheklovlar talay, Shu bois musobaqada tafovut yuqori edi”, - deydi Reynold Lopatka, YXHT Parlamentlar Assambleyasi delegatsiyasi lideri.

Lopatka deydiki, har bir saylov uchastkasida natija ochiq chop etilishi va fuqarolar bemalol tanishishi uchun sharoit yaratilishi kerak.

Matbuot erkinligini ta’minlash, so’z va fikr erkinligi yo’lidagi to’siqlarni olib tashlash, ro’yxatdan o’tishni yengillashtirish – Qozog’istonda yillardan beri beriladigan tavsiyalar.

Siyosiy partiyalarning registratsiyasi biroz osonlashgan, biroq qator guruhlar baribir kiritilmadi, deya tanqid qiladi YXHT. “Bu demokratik saylov o’tkazishda xalqaro standartlarga zid holdir”.

Qozog’iston Markaziy Saylov Komissiyasi va hududlardagi komissiyalar amaldagi “Amanat” partiyasiga yon bosishi va uning manfaatlarini ustun qo’yishi, deydi kuzatuvchilar, saylovda yaqqol sezilgan.

YXHT ovoz berayotganlar va rasman ovoz berdi deb yozilganlar soni orasidagi farqni ko’p joylarda tez-tez aniqlagan. Ovozlarni hisoblash jarayonida kuzatuvchilar cheklangan.

Xotin-qizlar ishtiroki oz bo’lgan. Nomzodlarning atigi 29 foizi ayollar bo’lgan. Mustaqil nomzodlar orasida ular faolligi sezilgan, biroq partiya ayol nomzodlarini erkaklari bilan teng ravishda targ’ib qilmagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG