Breaking News

AQShda saylanuvchilar uchun qanday cheklovlar bor?


AQSh Kongressi binosi
AQSh Kongressi binosi

Mahkumlar prezident bo'la oladimi?

AQSh prezidenti lavozimida ishlash uchun bir nechta talablar mavjud. AQSh Konstitutsiyasiga ko'ra, kamida 35 yoshga to'lgan, Amerika Qo'shma Shtatlarida tug'ilgan va AQShda kamida 14 yil yashagan har qanday kishi prezident etib saylanish huquqiga ega. Konstitutsiyada jinoiy javobgarlik to'g'risida so'z yuritilmaganligi sababli, og'ir jinoyat sodir etganlikda ayblangan yoki sudlangan shaxs yuqoridagi talablarga javob bersa, ushbu lavozimda xizmat qilish taqiqlanmaydi.

Prezidentlik uchun yangi talablar qo'shilishi mumkinmi?

Prezidentlik talablari AQSh Konstitutsiyasida yozilganligi sababli, Kongress Konstitutsiyaga o'zgartirish kiritmasdan turib qo'shimcha cheklovlar qo'sha olmaydi. Konstitutsiyaga o'zgartirish kiritish oson ish emas. U nafaqat Vakillar palatasi va Senatning uchdan ikki ko'pchilik ovozini, balki mamlakat shtat qonun chiqaruvchi organlarining to'rtdan uch qismi tomonidan ham ratifikatsiya qilinishi kerak.

Insonni prezidentlik huquqidan mahrum qilishi mumkin bo’lgan xatti-harakatlar bormi?

AQSh Konstitutsiyasiga kiritilgan 14-tuzatish Qo'shma Shtatlarga qarshi qo'zg'olon yoki isyon ko'targan shaxsga davlat lavozimini egallashni taqiqlaydi. Ushbu band AQSh fuqarolar urushidan keyin yozilgan va unda boshqa jinoyatlar haqida gapirilmagan.

AQSh prezidentlari jinoyat sodir etganmi?

Hech bir AQSh prezidenti og‘ir jinoyatda ayblanmagan. Prezident Richard Nikson 1974-yilda Uotergeyt janjalidagi roli uchun jinoyatga aloqador deb ko’rilgan, ammo hech qachon rasman ayblanmagan. Unga qarshi impichment jarayoni boshlanishidan oldin u iste'foga chiqqan va keyinchalik prezident Jerald Ford tomonidan afv etilgan. Prezidentlar Endryu Jonson, Bill Klinton va Donald Trampga AQSh Vakillar palatasi impichment e’lon qilgan, biroq Senat ularni oqlagan. Impichment jinoiy ayblov hisoblanmaydi.

Mahkumlar Kongressga saylana oladimi?

Ha. AQSh Konstitutsiyasi Prezidentlikda bo'lgani kabi Kongressda xizmat qilish uchun bir nechta talablarni belgilaydi. Palata a'zolari kamida 25 yoshda bo'lishi, kamida yetti yil AQSh fuqarosi bo'lishi va o’zlari vakili bo'lgan shtatda yashashi kerak. Senatorlar ham shunga o'xshash talablarga ega, ammo ularning rezidentlik talabi to'qqiz yilgacha uzaytirilgan va ular kamida 30 yoshda bo'lishi kerak. Jinoiy holatlar haqida hech qanday gap yo'q.

Kongressning o’z ichki talablari bormi?

Vakillar palatasi ikki yoki undan ortiq yilga ozodlikdan mahrum etishga sabab bo’ladigan jinoyatda aybdor deb topilgan qonunchini ovoz berish yoki qo'mita ishlarida qatnashish huquqidan mahrum etish haqida ichki qoidaga ega. Biroq bu a'zoning huquqlari, agar u Kongressga qayta saylansa, tiklanishi mumkin. Senatda bunday qoida yo'q. Demokratlar va Respublikachilar partiyasi Vakillar palatasi va Senatdagi o'z a'zolarini qo'mitalardan chetlatish huquqiga ega.

Saylanish muddatlari bo’yicha qanday cheklovlar mavjud?

AQSh Konstitutsiyasiga kiritilgan 22-tuzatish prezidentga ikki muddatdan ortiq saylanishni taqiqlagan. Bu tuzatish toʻrt muddat prezidentlik qilgan Franklin Ruzvelt 1945-yilda olamdan o’tishi ortidan qabul qilingan. Kongress a'zolari uchun muddat bo’yicha cheklov yo'q.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG